9-rasm. Angliyada o’tkazilgan sport musobaqasi.
Jon Lokk (1632-1704) ingliz faylasufi, pedagog olimi bo’lgan. Lokk o’zining pedagogikaga doir qarashlarini “Tarbiya to’g’risidagi fikrlar” (1693) nomli kitobida bayon qilgan. Jon Lokk o’z falsafiy va pedagogik ta’limotida ingliz zodagonlarining manfaatini ifoda etgan. Jon Lokkning fikricha, tarbiyaning vasifasi – oddiy kishilsr emas, balki o’z ishlarini ma’noli va ehtiyotkorlik bilan olib bora oladigan jentlmen tarbiyalashdan iborat.
Jentlmen jismoniy, axloqiy va aqliy tarbiya olishi lozim, lekin u bunday tarbiyani uyda olishi kerak, chunki maktab, Lokkning fikricha, har xil toifaning yomon tarbiya ko’rgan illatli farzandlaridan iborat aralash turkumi to’plangan muassasadir. Chinakam jentlmen uyda tarbiyalanadi, chunki uydagi tarbiyaning kamchiliklari ham maktabda hosil qilinayotgan bilimlar va malakalarga nisbatan foydalidir. Lokk aristokrat oilalardagi tarbiya tajribasiga asoslanib, jentlmen tarbiyalash ishlarining hammasini yaxshi tayyorgarlik ko’rgan tarbiyachiga topshirishni tavsiya qilgan.
Jon Lokk jentlmenlar sportining asoschisidir. Lokk jismoniy tarbiyaga juda katta ahamiyat bergan. U sihat-salomatlik ishlarimiz va farovonligimiz uchun zarurdir, deb ta’kidlagan. Jon Lokk Qadimgi Rim shoiri Yuvenalning “Mens sana in corpore sano” – “Sog’lom tanda sog’ aql” degan so’zlariga rioya qilish kerak, deb hisoblagan. Shu sababli, bolaning yoshlik chog’idanoq tanasini chiniqtirish, charchashga, qiyinchiliklarga, o’zgarishlarga bardosh berishga o’rgatish zarur. Lokk bolaning hayotida qattiq intizon va tartibga rioya qilishning ahamiyatini asoslab, bolaning kiyimi, ovqati va kun tartibi qanday bo’lishi to’g’risida maslahatlar bergan. To’g’ri yo’lga qo’yilgan jismoniy tarbiya, bolaning mard va chidamli bolishiga imkon beradi. “Jentlmen istalgan vaqtda qo’liga qurol olib, soldat bo’lishga tayyor bo’lib turadigan kishi qilib tarbiyalanishi lozim”, degan Jon Lokk.
Jon Lokk insonning ichki va tashqi tajribasini bilish manbai deb hisoblagan. Uning fikricha, tashqi tajriba bevosita mavjud bo’lgan tashqi moddiy dunyo bo’lib, u kishi tomonidan sezgi a’zolari, tasavvuri orqali idrok qilinadi. Ichki tajriba esa inson qalbining faoliyati - refleksi, demak, «Bu ikki manba sezgi obyekti sifatida yagona mohiyatni tashkil etadi, barcha g’oyalarimiz ana shu mohiyatdan boshlanadi», - deb e’tirof etgan Lokk. Sezish a’zolarini (sezish, hid bilish, ko’rish, eshitish) takomillashtirish, harakat a’zolarini (qo’l, oyoq) rivojlantirish, tanani chiniqtirish, foydali amaliy ko’nikmalar (suzish, otda yurish, eshkak eshish, qilichbozlik, o’q otish) hosil qilish, jismoniy kuchlarni yuqori darajada ishga solish uchun iroda kuchi va qobiliyatni kamol toptirish zarurligini ishonchli dalillar bilan isbotlab bergan. Bu g’oyalar o’sha davr ingliz maktablaridagi jismoniy tarbiyaga kuchli ta’sir etgan (9-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |