3.Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisob-kitoblarini
taqdim etish va soliqni to’lash tartibi
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish soliq to’lovchi - O’zbekiston Respublikasining rezidenti tomonidan Soliq Kodeksining 267-moddasi birinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Soliq davri mobaynida soliq to’lovchilar har oyda joriy to’lovlarni to’laydilar, mikrofirmalar va kichik korxonalar bundan mustasno. Joriy to’lovlar summasi tegishli yil uchun mol-mulkning o’rtacha yillik qoldiq qiymatidan (o’rtacha yillik qiymatdan) va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq yillik summasining o’n ikkidan bir qismi miqdorida belgilanadi. Joriy to’lovlar miqdorini hisoblab chiqarish uchun soliq to’lovchi soliq bo’yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga belgilangan shakldagi ma‘lumotnomani joriy yilning
20 yanvarigacha taqdim etadi.
Byudjetga joriy to’lovlarni to’lash har oyning 25-kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning hisob-kitobi soliq bo’yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga ortib boruvchi yakun bilan yilning har choragida hisobot davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo’yicha esa yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladigan muddatda taqdim etiladi.
To’lanishi lozim bo’lgan, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi hisob-kitoblarni topshirish uchun belgilangan kundan kechiktirmay byudjetga o’tkaziladi.
O’zbekiston Respublikasining norezidentlari bo’yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda quyidagi tartibda davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi:
O’zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan O’zbekiston Respublikasining norezidenti Soliq Kodeksning 79-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to’lovchi sifatida O’zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organida hisobda turishi shart. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish uchun O’zbekiston Respublikasining norezidenti hisobot yilidan keyingi yilning 25 yanvarigacha doimiy muassasaning soliq bo’yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga mavjud soliq solinadigan mol-mulk to’g’risidagi ma‘lumotnomani taqdim etadi. Taqdim etilgan ma‘lumotnoma asosida davlat soliq xizmati organi yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi hisob-kitobini o’n kun ichida amalga oshiradi va to’lov xabarnomasini yozadi;
O’zbekiston Respublikasi hududida ko’chmas mulkka ega bo’lgan O’zbekiston Respublikasi norezidentlari ko’chmas mulkka bo’lgan huquq davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi organda ro’yxatdan o’tkazilganidan keyin o’ttiz kun ichida mustaqil ravishda yoxud o’zining vakolatli vakili orqali O’zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq to’lovchi sifatida hisobga turishlari shart. O’zbekiston Respublikasining ko’chmas mulk joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organi O’zbekiston Respublikasining norezidentiga yoki uning vakiliga soliq to’lovchidan yoki ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarni davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi organdan olingan ma‘lumotlar asosida to’lov xabarnomasi yozadi.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq O’zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan yilda bir marta soliq hisoboti davridan keyingi yilning 15 fevralidan kechiktirmasdan to’lanishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |