Beshinchidan, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga e’tiborni kuchaytirishimiz kerak.
Avvalo, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha boshlagan misli ko‘rilmagan ishlarimizni davom ettirib, dengizning qurigan tubida o‘rmonzorlarni kengaytirish, Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etishimiz lozim.
Ishlab chiqarish jarayonini ekologik nazorat qilish tizimini takomillashtirish, ekologik audit o‘tkazish tartibini qayta ko‘rib chiqib, xususiy auditorlik faoliyatini jonlantirish ham muhim vazifadir.
Hukumat sanoat rivojining ekologiyaga ta’sirining oldini olish bo‘yicha 2025 yilgacha mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin. Shuningdek, nufuzli xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda, joriy yil 1 oktyabrga qadar Ekologiya kodeksi loyihasini ishlab chiqishi lozim.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari har bir hudud va korxona bo‘yicha ekologiyani yaxshilash, chiqindilarga doir ishlar yuzasidan dasturlar ishlab chiqishi va ularning ijrosini ta’minlashi shart.
Oltinchidan, madaniyat va san’at muassasalariga alohida e’tibor qaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rish zarur.
Joriy yilda byudjet mablag‘lari hisobidan 22 ta teatr va madaniyat ob’yektlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida 20 ta madaniyat markazi va istirohat bog‘lari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Kinematografiya sohasida badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish, jumladan, yangi kinoteatrlar qurishni ta’minlash lozim.
Joriy yilda davlat buyurtmasi asosida kino mahsulotlari ishlab chiqarishni moliyalashtirish takomillashtiriladi. Shu bois, Kinematografiyani 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini hamda “Kinematografiya to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqishimiz lozim.
Bundan tashqari, bu yil madaniy hayotimizdagi muhim voqea – Shahrisabz shahrida ikkinchi Xalqaro maqom festivalini muvaffaqiyatli o‘tkazishimiz kerak.
Shuningdek, 2020 yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi.
Umuman, biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Har tomonlama mukammal va samarali boshqaruv tizimini yaratish – oldimizda turgan ulkan vazifalarni bajarishning asosiy shartidir.
Biz parlamentning qonun ijodkorligi, parlament nazoratini samarali tashkil etish mexanizmlari bilan bog‘liq barcha masalalarni kuni kecha Oliy Majlisda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda atroflicha va chuqur muhokama qilib oldik.
Shu bilan birga, quyidagi dolzarb masalalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Do'stlaringiz bilan baham: |