III BOB.
Ikki ming yil avval Aristotel “Siyosat” kitobida argonavtlarning sayohatlaridan birida ro‘y bergan bir voqeani ta’riflaydi. Argonavtlar Geraklning qudratidan xavfsirab, uning yordamidan voz kechadilar. “Axir xor rahbari butun xordan ham baland va chiroyli ovozda kuylovchi biror kimsaning xorda qatnashishiga yo‘l qo‘yarmidi”, – deya xaqli ravishda ta’kidlaydi Aristotel. 56
Aristotelning ushbu ishorasi mutlaqo eskirmaydigan barhayot hikmat sifatida shuni anglatadi: xalqaro siyosatning bosh qonuni bo‘lmish – kuchlar muvozanatiga qat’iy amal qiling.
Mazkur qonuniyat, tashkillashtiruvchi va barqarorlashtiruvchi tamoyil sifatida, insoniyat tarixida qancha davlat mavjud bo‘lgan-u, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qay yo‘sinda kechgan bo‘lsa, xuddi shuncha muddat va shu tariqa davom etib kelgandir. Tarixning qaysi davri bo‘lmasin, mamlakatlar insoniyat taraqqiyotining istalgan bir bosqichini olib qaralganda, dunyodagi o‘z ishlarini aynan shu tamoyilga asoslanib olib borganlar. Davlatlararo munosabatlarning boshqacha ahvoli jahon tarixiga ma’lum emas. Bular xoh urush yoki xoh qisqa muddatli tinchlik damlari bo‘lmasin, har doim kuchlar muvozanati paydo bo‘lib kelgan va ularning xatti-harakatlarini tegishli yo‘nalishlarda boshqarib turgan.
Buning boisi ham yana o‘sha omilga, ya’ni har qanday xalqaro muloqot tizimining markaziy «qahramoni» – davlatning xulq-atvorini tushunib yetishga kelib taqaladi. Jahon maydonida u o‘zining milliy o‘ziga xosligini namoyish etadi va bu holat uning siyosiy xulqi hamda amalga oshirayotgan ishlarida o‘z aksini topadi. Mustaqil birlik sifatida, davlat tashqi muhitda mustaqil xatti-harakatlarini amalga oshirish huquqiga egadir va mumkin qadar o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga intiladi, ba’zida esa chegaradan chiqib ham ketadi.
Amalda, bunday tendensiya aynan shunday mustaqil va ko‘pincha siyosat va iqtisodiyot borasida ham bir-biridan aslo qolishmaydigan mustaqil davlatlarning, xuddi shunday da’volariga to‘qnash keladi. Bunday to‘qnashuvlarda xalqaro munosabatlarning turli subyektlari har xil, o‘zaro mos bo‘lmagan milliy manfaatlar bilan birga chiqqanida ularning o‘rtasidagi bahs yoki nizoni adolatli hal qilish huquqining yagona mezoni bo‘lib, kuch omili hisoblanadi. Bu yerda ma’naviy-axloqiy yoki umuminsoniy qadriyatlarga hech qanday hech bir havolaga o‘rin yo‘q, chunki ularni davlatlar hamjamiyati uchun umummajburiy jihatlar sifatida birlashtirib turuvchi omil faqatgina kuch bo‘la oladi, xolos.
Pozdnyakovning fikricha, davlatning kuchi deganda uning tegishli vositalar yordamida xalqaro maydonda o‘z manfaatlarini himoya qilish va o‘z maqsadlarini amalga oshirishga qodirligini tushunish lozim. Mazkur qobiliyatning moddiy asosi sifatida esa davlatning harbiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy salohiyati anglashiladi. Shuning bilan birga, dunyo ishlarida kuch har doim birlamchi, muqarrar va muayyan bo‘lib, u bir yoki bir guruh mamlakatlarning qudrati bilan ta’minlangandir. Shuningdek, u doimo nisbiydir va faqat boshqa davlatlar bilan munosabatlar tizimidagina o‘lchanishi hamda sinalishi mumkin.57 Xalqaro ziddiyatlar keskinlashgan paytlarda tenglik tamoyili shunchaki rasmiyligi va ko‘p hollarda e’tiborga olinmasligi seziladi.
Bu yerda «balance of power» va «balance of forces» kabi terminlarni tarjima qilish vaqtida paydo bo‘ladigan ma’lum bir farqni ajratish lozim. Taniqli rossiyalik siyosatshunos A.D.Bogaturov o‘zining xalqaro munosabatlar muammolariga bag‘ishlangan tadqiqotlaridan birida bu borada shunday yozadi: «Rus tilida «kuchlarning muvozanati», ya’ni ularning o‘zaro nisbatini anglatuvchi ma’noni bildirish uchun, ingliz tilida “balance of forces” iborasi mavjudligini ko‘zda tutmoq lozim. Status-kvo yo‘nalishida fikrlovchi “zamonaviy mumtoz”lardan biri bo‘lmish G.Kissindjer o‘zining so‘nggi asarlarida «balance of power» (rus tilida «kuchlarning muvozanati», «kuchlar o‘zaro nisbati»ga aynan mos) hamda “balance of forces” tushunchalari o‘rtasidagi tafovutni ajratib ko‘rsatishi nisbatan umidbaxsh ta’sirga ega. U birinchisini 1918 yildan avvalgi tarixga, ikkinchisini esa – masalan, Germaniya va uning yevropalik qo‘shnilari o‘rtasida ta’sir ko‘rsatishning beqaror o‘zaro nisbati xos bo‘lgan bugungi vaziyatga nisbatan qo‘llaydi”. 58
Shuni ham qayd etish joizki, xalqaro munosabatlar borasidagi kuch, jamlangan va ko‘p omilli hodisa sifatida, qat’iy, o‘zgarmas holatda bo‘lmaydi. U doimo tuzatilib, o‘zgartirilib, to‘ldirilib boradi va shu asnoda, zamon va makonda turli o‘zgarishlarga uchraydi. Axir dunyodagi davlatlarning o‘zlari ham bir xil rivojlangan emas va demakki, jahon siyosati hamda iqtisodiyotida va, albatta, harbiy sektorning rivojlanish ko‘rsatkichlarida turlicha mavqega egadirlar. Shuning uchun ikki yoki bir guruh mamlakatlarning o‘rtadagi ziddiyatlar bois, qachon va qayerda to‘qnashishmasin, bunda muqarrar ravishda kuchlar muvozanati tamoyili amal qiladi. Misol uchun, bitta davlat o‘zining iqtisodiy va harbiy qudratini muntazam oshira borib, bu bilan o‘zining raqiblari yutuqlarini shubha ostiga qo‘yadi. XM tizimi doirasidagi bir subyektning xatti-harakati umumtizim yoki tizimosti miqyosida boshqa subyektlar tomonidan boshlanib ketadigan aksilharakatlarga shaksiz sababchi bo‘ladi. «Kuchlar muvozanati siyosati, – bu, o‘z mohiyatiga ko‘ra, xalqaro munosabatlar tizimining markazlashtirilmagan, boshboshdoqlarcha sharoitlardagi davlatlar xavfsizligini ta’minlashning shaklidir. Bunday siyosat, o‘z navbatida, bir davlatning boshqa davlatlar tomonidan muntazam ravishda paydo bo‘lib keladigan muvozanatni buzishga bo‘lgan intilishlariga qarshi bosh ko‘targan aks-ta’sir demakdir. Buning ustiga, kuchlar muvozanati siyosatining amalga oshirilishi ko‘pincha uyushmalar tizimi yoki davlatlarning boshqa choralari va harakatlari bilan tug‘dirilgan qarama-qarshi tarafga “og‘ish” tufayli tizimdagi muvozanatning buzilishiga sababchi bo‘lib qoladi”. 59
Xalqaro shartnomalar borasidagi juda ko‘p qoidalar, kuchlar muvozanati tamoyilining muhimligini shaksiz, asoslaydi. Xalqaro-huquq amaliyotida mazkur tamoyilning ahamiyatini o‘rganuvchi yo‘nalishlar shakllangan. Ulardan biri Utrext tinchlik sulhi (1913 y.) qoidalari asosida paydo bo‘lgan va “kuchlar muvozanatini asosiy huquqiy tamoyili sifatida e’tirof etgan edi; ikkinchisi kuchlarning muvozanatini nafaqat huquqiy-tamoyil sifatida, balki xalqaro huquqning siyosiy asosi sifatida asoslaydi; uchinchi yo‘nalish esa, kuchlar muvozanatini har bir davlatning siyosiy birlik sifatidagi o‘zligini saqlab qolishga bo‘lgan mustaqil huquqida mujassamlashgan bo‘lib, kuchlar muvozanatini xalqaro huquq normasi sifatida baholaydi”. 60
Jahon siyosatining ushbu nihoyatda muhim qonunini tushunishga jahon tarixi, xususan, Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan, ikki qutbli tizim deb nomlangan vaziyat yordam beradi: Garri Trumenning «to‘xtatib turish doktrinasi» hamda uning izdoshi Djon Foster Dallesning «jasurlik siyosati»ga ko‘ra, dunyoga faolroq hukmronlik qilish nuqtaiy nazaridan qayta ko‘rib chiqilgan edi.61 O‘sha davr sharoitida Amerika ma’muriyati amerika harbiy kontingentining SSSR chegaralari atrofida joylashtirilishini noto‘g‘ri deb bilgan. Ular uchun sovet chegaralari bo‘ylab tabiatida amerikacha ruh hukm surgan va sovet harbiy qudratidan hayiqib turuvchi mamlakatlarning qo‘shinlarini jamlash manfaatli ko‘ringan edi. Ushbu mamlakatlar oddiy qurollar kuchi bilan SSSRga bosim ko‘rsatadigan, yaqin oraliqdagi bufer rolini o‘ynashi, AQShga esa «qasosning xalos etuvchi hujumi»ni bajarish vazifasi yuklatilgan edi. Bu esa D.Eyzenxauerning Yevropada AQSH harbiy kontingentini qisqartirishga urinishini amalga oshirish imkonini berdi. Ushbu harakatlar SSSR tomonidan aynan shunga mos ravishdagi javob choralari ko‘rilishiga olib keldi. Natijada, Sovet Ittifoqi 1953 – yilning avgust oyida vodorod bombasini sinovdan o‘tkazdi, 62 shuningdek, NATOga qarshi harbiy blok (Varshava Bitimi)ni shakllantirish borasida Sharqiy Yevropadagi sotsialistik mamlakatlar bilan faol maslahatlar olib bordi. 1957 – yilning yoziga kelib, Sovet Ittifoqi ko‘p pog‘onali ballistik raketani sinadi, Yerning dunyodagi birinchi sun’iy yo‘ldoshini uchirdi. Global munosabatlarning qatnashchilaridan biri tomonidan doimo bunday munosabatlarning buzilib turishi sababli harbiy-siyosiy tanglikni muntazam ravishda kuchayib borishi natijasida qit’alararo ballistik raketalarni uchirish yo‘lga qo‘yildi. Bu raketalar bevosita kosmik fazodan turib Yerning istalgan nuqtasida ehtimolli mo‘ljallarni tor-mor etish maqsadida atom qurolini koinotga olib chiqishga qodir edi. Natijada, kuchlarning ikki qutbli muvozanati doirasida global qarshi turish miqyosi yanada kengaydi.
Shunday qilib, istalgan davlatning kuch-qudratiga oid ko‘rsatkichlarning ortib borishi boshqalarning nisbatan zaiflashuvini bildiradi. Demak, boshqalarning manfaatlariga paydo bo‘lgan ehtimolli tahdid ularni o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli ehtiyot choralarini ko‘rishga undaydi hamda ularni ochiqdan-ochiq qarshi turish va tanglikni oshirishga jalb qiladi. Jahon siyosati sahnidagi kuchlar muvozanatining aynan shu xususiyatini bugungi amerikalik siyosatshunoslardan Charlz Krautxammer ham alohida ta’kidlaydi. 63
Boshqa amerikalik antropolog-olim, inson tabiati haqidagi fanning bilimdoni E.Xyobel bu haqda shunday yozadi: «Avvalgi tajriba asosida inson o‘z xulqini boshqalarning kutilayotgan xulqiga mos ravishda tashkil qiladi. Jamiyatdagi insonlar – bu o‘zaro harakat qiluvchi insonlardir. Agarda ulardan har biri o‘z xulq-atvorini muntazam ravishda o‘zgartirib tursa, natijada, dunyoda cheksiz boshboshdoqlik hukm surgan bo‘lar edi. Faoliyatning murakkab turlarini har qanday yo‘l bilan tashkil qilish va umuman ijtimoiy hayot mutlaqo mumkin bo‘lmas edi. Buning ustiga, yakka tartibdagi kutishlarning beto‘xtov puchga chiqishi tufayli barcha insonlar asabiy tanglik va ruhiy xastaliklarga duchor bo‘lgan bo‘lar edi. Oqibatda, dunyo haqiqatan ham jinnixonaga aylanar edi. Ana shuning uchun ham jamiyat faqat tashkiliy ravishda va tartib asosidagina mavjud bo‘la oladi”.64 Mazkur yondashuvni millatlar hamjamiyatiga nisbatan ham qo‘llash mumkin va u alohida davlatlarning niyatlari xatti-harakatlaridagi haddan tashqari xudbinlikni ma’lum bir majburiy choralar yordamida cheklab turgan bo‘lar edi.
Xalqaro amaliyotning ko‘rsatishicha, bunday vaziyatlarda davlatlar o‘z sa’y-harakatlari va intilishlarini birlashtirib, harbiy-siyosiy bloklarni tajovuzkor – mamlakatga nisbatan xayrixohlik yoki qarshilik hissiyotidan kelib chiqib emas, o‘z shaxsiy hududini himoya qilish zaruratidan hamda milliy manfaatlarga qarshi qaratilgan ehtimoliy tahdiddan kelib chiqqan holda tashkil qiladilar. Davlatlar, odatda, zaif davlat atrofida kuchlisiga qarshi turib, birinchisiga nisbatan xayrixohlik yoki hamdardlikdan kelib chiqib emas, faqatgina bitta maqsadda, ya’ni kuchli davlatning kuchayishiga to‘sqinlik qilish hamda g‘arb OAVlarida keng targ‘ibot kampaniyasi doirasida demokratiyani himoya qilish g‘oyasi ostida uning qudratini muvozanatlashtirish maqsadida birlashadilar.
Dunyodagi davlatlarning kuch borasidagi munosabatlari nuqtaiy nazaridan E.Xyobel xalqaro huquq tizimini shunday ta’riflaydi: «Xalqaro huquq – bu jahon miqyosida amal qiladigan ibtidoiy huquqdir. Xalqaro huquq – bu shunchaki davlatlar va ularning fuqarolari o‘rtasida shartnomalar, aktlar va bitimlar asosida ishlarni yuritish maqsadida ishlab chiqilgan qoidalar majmuidir. Bu idealistlarni qanchalik hayratga solmasin, kuch va kuch ishlatish xavfi xalqaro xulq-atvor ta’rifidagi so‘nggi hokimiyat bo‘lib qoladi... Toki kuch va uning qo‘llanish tahdidi xalqaro hamjamiyatning nazorati ostiga olinmaguniga qadar, …ular huquqning sanksiyasi emas, ijtimoiy anarxiya vositasi bo‘lib qolaveradi».65
Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda status-kvoni buzayotgan davlatning kuchlar muvozanati jiddiy buzilishining istalgan holati nomaqbulligi va aynan shunga mos oqibatlarga olib kelishi mumkinligini anglab yetishi tanglikning xavfli darajada keskinlashuvining oldini olishga qodir. Ushbu qoidaning kuchlarning mintaqaviy muvozanati doirasidagi samarasini 50-yillar boshida Xitoy Xalq Respublikasi va Hindiston o‘rtasida yuzaga kelgan Tibet masalasi borasidagi barchaga ma’lum ziddiyatlar misolida ko‘rish mumkin. Ular o‘rtasidagi tanglik o‘sha paytda 1950 yilda Tibetni XXPga qo‘shilishi sababli paydo bo‘ldi. Ikkala mamlakatning ham G‘arb bilan munosabatlari yaxshi emas edi. Xitoyning ahvoli umuman yomon edi, chunki AQSH va uning g‘arbiy yevropalik ittifoqdoshlari Mao Szedunning kommunistik hukumatini tan olishdan bosh tortib, haydab chiqarilgan Chan Kayshi hukumatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlar edilar. Vaziyatni tartibga solishda SSSR tomonidan siyosiy qo‘llab-quvvatlanish, buning ustiga, Hindiston bilan munosabatlarning yaxshilanishi Xitoyga uning xalqaro mavqeini mustahkamlashda yordam berdi. Mazkur shart Xitoy uchun nihoyatda muhim edi. Biroq, Hindiston ham vaziyatning ijobiy yakunlanishi va o‘zining tinchliksevar mamlakat sifatidagi mavqeining mustahkamlanishidan manfaatdor edi. 1954 yilda tomonlar Tibet to‘g‘risidagi Xitoy-Hindiston bitimini imzoladilar va Hindiston mazkur bitim doirasida Xitoy bilan qo‘shnichilik munosabatlarini yaxshilash maqsadida ma’lum darajada unga yon bosdi. U Tibetdagi o‘z imtiyozlaridan voz kechib, uni XXP hududining bir qismi sifatida tan oldi. Bitim xalqaro miqyosda e’tirof etildi, chunki unda birinchi bor – tinch-totuv yashashning quyidagi besh tamoyili «Pancha shila» tamoyillari e’lon qilinganini o‘zida aks ettirgan: hududiy yaxlitlik va mustaqillikni o‘zaro hurmat qilish, hujum qilmaslik, bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, tenglik hamda o‘zaro manfaatdorlik, tinch-totuv yashash. 66
XX asrning taniqli siyosatshunoslaridan biri ser Uinston Cherchill kuchlar muvozanati fenomenini shunday izohlaydi: «To‘rt asr davomida Angliyaning tashqi siyosati qit’adagi eng kuchli, eng tajovuzkor, eng yetakchi davlatga qarshi turishdan iborat edi… Angliyaning siyosati uchun Yevropada hukmronlik qilishga intilayotgan davlatning o‘zi ahamiyatga ega emas. Uning uchun bu Ispaniyami yoki fransuz monarxiyasimi, fransuz yoki german imperiyasimi, Gitler Germaniyasimi yoki yana boshqasimi, – buning ahamiyati yo‘q. Bu o‘rinda ushbu davlatlarni kim boshqarayotganligi va ularda qaysi xalqlar yashayotganligining ham hech qanday ahamiyati yo‘q. Bunda gap istalgan qudratli va hukmronlikka intilayotgan davlat haqida ketmoqda. Shu sababli biz Fransiyaga yon bosuvchi yoki Germaniyaga qarshi siyosat olib borayotganimizda ayblanishdan qo‘rqmaymiz. Agar sharoit o‘zgarsa, biz baribir Germaniyaga yon bosuvchi yoki Fransiyaga qarshi siyosatni olib boraveramiz. Biz tasodifiy sharoitlar, xayrixohlik, qarama-qarshilik yoki shunga o‘xshash hissiyotlarga asoslangan oddiy manfaatlardan emas, siyosat qonunlaridan kelib chiqamiz».67 Mazkur yondashuvni Angliyaning doimiy dushmanlari yoki doimiy do‘stlari yo‘q, balki doimiy manfaatlari bor, degan Palmerstonning mashhur aforizmi ochib beradi.
Shu munosabat bilan ta’kidlash mumkinki, kuchlar muvozanati xalqaro munosabatlar tizimida juda muhim vazifalarni hal qiladi. U tinch-totuv yashashni kafolatlaydi. Davlatlar tinchlikni sevganlari uchun emas, balki tor-mor etilishdan yoki o‘zlarining dunyodagi nufuzini va o‘rnini yo‘qotib qo‘yishdan hamda iqtisodiyotiga katta talafot yetishidan xavfsiraganliklari sababli tinch-totuv yashaydilar. Bundan tashqari, mazkur holat XM subyektlarining mustaqilligini saqlab qolishga xizmat qiladi. Chunki, qurollanish poygasini qisqartirish vazifasi, birovlar davlat qudratining haddan tashqari kuchayib ketishini cheklash boshqalarning mavjud bo‘lishini kafolatlaydi va, shu tariqa, tizimning barqarorligini ta’minlaydi.
Afsuski, kuchlarning mustahkam muvozanatiga erishish yo‘li bilan butun dunyoda tinchlikni ta’minlash nihoyatda murakkab masala hisoblanadi.
Avvalroq, Fridrix Ratsel davlatlarni harakatga keltiruvchi omillardan biri sifatida muntazam o‘sib borish tendensiyasini ko‘rsatgan edi: davlatlar o‘sish qonuniga bo‘ysunadi – fazoviy, iqtisodiy, demografik, texnologik, madaniy, harbiy va h. k. Mazkur tamoyil istisnosiz barcha mustaqil davlatlarga taalluqlidir va u shuni anglatadiki, davlatlar o‘z taraqqiyot yo‘lida yutuqlarini qisqartirmaydilar, balki, ularni barcha yo‘nalishlarda oshirib boradilar. Natijada, kuchlar muvozanati kabi tazyiqni to‘xtatib turuvchi mexanizmlar harakatida jiddiy buzilishlar sodir bo‘ladi. Chunki bu o‘rinda, ularni yana o‘sha hamma uchun umumiy bo‘lgan bitta istak, ya’ni ustuvorlikka intilish harakatga soladi.
Berk doira ichida, bitta hodisa boshqa bir salbiy harakatni taqozo qiladigan va ko‘zda tutgan taqdirda, – qudratli kuchga ega bo‘lgan davlatlar tomonidan va avvalo, buyuk davlatlar o‘rtasida dunyodagi hamda mintaqalardagi kuchlar muvozanatini muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlash kerakliligi to‘g‘risidagi birdan-bir tavsiya bo‘lishi mumkin, xolos.
Aks holda deyarli butun xalqaro tizim uning ichida hukmronlik qiladigan, yakka gegemon-davlatga bo‘ysundirilishi mumkin va bu davlat boshqa mamlakatlarning ishlariga aralashuvi natijasida butun dunyodagi xavfsizlik hamda barqarorlikka putur yetishi mumkin. Majburiy xalqaro-huquqiy normalar va millatusti institutlar tizimini tashkil qilish haqidagi tavsiyalar havoyi hamda samarasiz ko‘rinadi. «Hech qaysi tashqi qonunlarga bo‘ysunmaslik imkoniyatiga ega bo‘lgan davlat, – deb yozadi Kant, – boshqa davlatlarga nisbatan o‘z huquqlarini himoya qilish usulini ularning hukmiga havola etmaydi…»68 Aynan shu sababli, – davom etadi u, – xalqaro huquq nazariyasining barcha variantlari mazmunsiz, bajarib bo‘lmas ideallarga aylanadi.
Xalqaro munosabatlarning qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixi davomida, davlatlardan birining kuch-qudrat ko‘rsatkichlarining kuchayib ketishi davlatlarni turli xil urushlar va nizolarga soladigan asosiy omil bo‘lib hisoblangan. Mazkur shartning inobatga olinmasligi hamisha butun xalqaro tizim miqyosida inqirozga olib kelgan.
Shunday qilib, kuchlar muvozanati – bu tizimning qandaydir belgilangan va o‘zgarmas holati emas, balki dinamik, muntazam o‘zgarib boruvchi hamda ana shu davlatlarni o‘zlarining harakatlari bilan tiklanadigan hodisadir. Davlatlar uni buzadilar va shu bilan birga uni qaytadan yangi sifatida hamda imkon qadar ular uchun foydali variantda tiklash uchun hamma narsani qiladilar. Bu – tizimni barqaror holatda saqlab turishning ziddiyatli, barqaror, lekin muqobilsiz va ishonchli mexanizmdir. Taniqli amerikalik olim Nikolas Spaykmen o‘zining «Strategiya Ameriki v mirovoy politike: Soyedinenno‘ye Shtato‘ i balans sil» nomli mashhur kitobida shunday ta’kidlagan edi: «Davlatlar doimo biron-bir boshqa davlatning kuchini cheklash bilan banddirlar. Masalaning mohiyati shundan iboratki, davlatlar faqatgina o‘z foydalariga bo‘lgan muvozanatdan manfaatdordirlar. Ularning maqsadi – muvozanat emas, balki jiddiy ustuvorlik. Kuchlar tengligi sharoitida ehtimoliy raqib bilan haqiqiy xavfsizlik mavjud emas. Siz nisbatan kuchliroq bo‘lgan taqdirdagina xavfsizlik paydo bo‘ladi. Sizning kuchingiz butunlay muvozanatlashgan taqdirda, biron-bir harakatni amalga oshirib bo‘lmaydi. Ijobiy tashqi siyosatni amalga oshirishning imkoniyati faqatgina erkin qo‘llanishi mumkin bo‘lgan, kuchdagi ma’lum ustuvorlik mavjudligidagina paydo bo‘ladi.
Ilgari surilayotgan nazariyalar va dalillardan qat’iy nazar, amaliy maqsad o‘z davlatining nisbiy kuchli mavqeini muntazam ravishda yaxshilashdan iborat. Bunda, shunday muvozanatga erishishga intiladilarki, u odatda, boshqa davlatlarni neytrallashtirsin va bir vaqtning o‘zida o‘z davlati uchun bunday muvozanatda hal qiluvchi kuch bo‘lib hisoblanish hamda hal qiluvchi ovozga ega bo‘lish imkoniyatini ta’minlasin».69
Biroq, jahon siyosatining eng ko‘zga ko‘ringan qatnashchilaridan birining bir tomonlama harakatlari, Yugoslaviya va Afg‘onistondagi voqealar nuqtai nazaridan hamda Iroqdagi harbiy harakatlarning amalda to‘liq barbod bo‘lishi bir narsani yaqqol ko‘rsatdi: bugungi kunda AQSH dunyodagi turli xil kuch ishlatiladigan zo‘ravonlik siyosatini o‘tkazishi va shu bilan bog‘liq harakatlarni tashkil qilishi mumkin, biroq u xalqaro munosabatlarning o‘zi uchun maqbul yo‘nalishda rivojlanishini ta’minlashga qodir emas. Bunday xatti-harakatlar oxir-oqibatda AQSH uchun ham, butun dunyo uchun ham salbiy yakun topadi.
Shuni ta’kidlash mumkinki, bugungi kunda jahondagi yagona buyuk davlatga muayyan bir, unga teng kuch-qudrat emas, balki nazoratga tartiblashtirishga va boshqaruvga bo‘ysunmaydigan, qandaydir xalqaro betartiblik va o‘ziga xos boshboshdoqlik xaos hamda tushunib bo‘lmas alg‘ov-dalg‘ovlik qarshi turibdi. Bu ma’noda ikki qutbli tizim bundan ko‘ra tartiblashtirilgan, ko‘proq nazorat qilinadigan va shu sababli, aksariyat hollarda, voqealar rivojini oldindan ko‘ra bilish mumkin edi, xalqaro munosabatlarning bugungi tizimi haqida esa bunday deyish qiyin. Ba’zi bir nufuzli va uzoqni ko‘ra biladigan amerika tahlilchilari hamda ekspertlari Qo‘shma Shtatlar endilikda yaxlit sovet tahdidiga qarshi turish muammosini emas, Sovet Ittifoqining parchalanishiga qanday qilib to‘sqinlik qilish va uni bu jarayonni qanday boshqarish kerak, degan masalani hal qiladilar, deb hisoblashlari bejiz emas. 70
Ushbu tanglikni qanday boshqarish kerak va umuman buning iloji bormi – bu muammo faqat Qo‘shma Shtatlar uchungina dolzarb bo‘lib qolayotgani yo‘q. Kuchlar muvozanati emas, balki muvozanatsizligining yangi tizimi AQSH uchun ustuvorliklarning o‘rniga yangicha tashvishlar, yangi, birmuncha moddiy va ma’naviy sarf-xarajatlarni olib keldi, chunki chigal boshboshdoqlik va alg‘ov-dalg‘ovliklarni umuman boshqarib bo‘lmaydi.
Bjezinskiy Sovet Ittifoqining parchalanishini Yevroosiyoning markazida «qora tuynuk» paydo bo‘lishi bilan taqqoslagan, go‘yoki «quruqlikning markaziy va geosiyosiy ma’nodagi muhim qismi yer xaritasidan o‘chirilganidek». Uning fikricha, mazkur vaziyat Amerika uchun jiddiy tahdid soladi va uni geosiyosiy jihatdan boshi berk ko‘chaga olib kiradi. Uning vazifasi siyosiy boshboshdoqlikning paydo bo‘lishi yoki hali ham yadroviy qurolga ega bo‘lgan, parchalanayotgan davlatda o‘ziga qarshi bo‘lgan diktaturaning tiklanish ehtimolini kamaytirishdan iborat. 71 Vaziyatning ziddiyatli nuqtasi buning aksida, ya’ni dunyoning turli mintaqalarida nizoli o‘choqlar, jumladan hamon o‘z yechimini topmay kelayotgan eski nizolar hamda yangidan yetilib kelayotgan tang vaziyatlardan iborat siyosiy nizo o‘choqlari saqlanib qolmoqda; shuningdek, xavfsizlikning transchegaraviy tahdidlari yuzaga kelmoqda; nafaqat Shimol – Janub yo‘nalishidagi ziddiyatlar oshadi balki, G‘arb mamlakatlarining o‘zlari o‘rtasida ham – xususan, jahon maydonida yangi kuch markazlarini shakllantirish jarayoniga ham qaramasdan, AQShning dunyoda bir qutbli tartibni o‘rnatish borasidagi urinishlarida ro‘y-rost namoyon bo‘ladi.
Buning ikkalasidan ham qutulishning iloji bo‘lmadi va siyosiy boshboshdoqlik butun xalqaro munosabatlar tizimining makoni bo‘ylab tarqaldi. Bjezinskiy bu haqda yozmaydi, lekin boshboshdoqlikka nisbatan qo‘rquv kitobining deyarli har bir bobida sezilib turadi. Mazkur kitobda Qo‘shma Shtatlarning hokimiyat doiralari tushgan vahima aks ettirilgan. Hududiy va siyosiy o‘zgarishlar bevosita AQShga ta’sir etmagan bo‘lsa-da, dunyodagi yangi vaziyat unga ham tahdid soladi. Shu sababdan, AQSH muqobil variantlarni izlashga hamda Yevroosiyo mintaqasiga katta e’tibori bilan qarashi bejiz emas, chunki mazkur mintaqada u boshqalarida boy bergan mavqeining o‘rnini bosadigan tasalli topishni istaydi.
SSSRning parchalanishi ikki qutbli tizimning barbod bo‘lishiga olib keldi. Xalqaro munosabatlarning hozirgi tizimi hali to‘liq shakllanib ulgurganicha yo‘q. Bugungi kunda muvozanatsizlik va global rivojlanish muammolarining butun bir majmui bilan birga kuzatiladigan, yagona davlatning gegemonligi mavjud. Z.Bjezinskiyning ta’kidlashicha, global tartibsizlik mavjud. Aytish mumkinki, avvalgi kuchlarning global ikki qutbli muvozanati buzilib, uning o‘rnini kuchlarning ko‘p sonli mintaqaviy kuch muvozanatlari egalladi. Mazkur muvozanatlar beqaror va oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan nizolarga boydir. Xalqaro munosabatlarning bugungi tizimini ko‘p qutbli deb atash mumkin bo‘lsa, buni faqatgina kuchlarning o‘zaro zaif bog‘langan kuchlarni yagona global muvozanatini tashkil qilmaydigan, mintaqaviy kuch muvozanatlarning majmui ma’nosidagina qo‘llash mumkin.
Xalqaro munosabatlar tizimida kuchlarning zamonaviy nisbati qanday bo‘lmasin, kuchlar muvozanatining amal qilish tamoyili o‘zicha saqlanib qoladi. Shu bilan birga, geosiyosat ham, milliy manfaatlar ham saqlanib qoladi, chunki barcha ushbu kategoriyalar mustaqil davlatlarning o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning tabiiy va qonuniy-oqibati natijasi hisoblanadi. Har qanday alohida davlat, nisbatan mustaqil birlik hisoblanib, o‘z oldida hech qanday to‘siqlarni uchratmasa, mumkin qadar katta maydonda o‘zining ta’siri hamda hokimiyatini kengaytirishga intiladi. Biroq, amalda ekspansiya yo‘lida albatta, to‘siqlar paydo bo‘ladi va bu to‘siqlar birinchi navbatda, boshqa davlatlar ko‘rinishida yuzaga keladi, chunki ular o‘z qo‘shinlari bo‘lgan bunday davlatlar kuchi va qudratining o‘sishiga, ayniqsa, o‘zlari hisobiga yo‘l qo‘ymaydilar. Oxir-oqibatda, har xil manfaatlar va g‘oyalar to‘qnashib, bunda kuch hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Agarda bir davlatning kuchi istalgan boshqa davlatlarning kuchiga nisbatan juda katta bo‘lsa, ikkinchilari birinchisining kuchini ittifoqlarni tuzish va koalitsiyalarni tashkil qilish yo‘li bilan muvozanatlashtirishga intiladilar. O‘zining sodda shaklida kuchlar muvozanati tamoyili, tinchlikni saqlab turish yoki xalqaro o‘zaro tushunishga xizmat qilibgina qolmay, balki istalgan davlat qudratining boshqa davlatlarning milliy manfaatlariga tahdid sola boshlaydigan darajagacha o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali, davlatlar xavfsizligini ta’minlaydi. 72
Davlatlararo munosabatlarning butun amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, kuchlar muvozanati tamoyili amal qilishini tushunmaslik, uni mensimaslik va uni davlatning tashqi siyosiy amaliyotida hisobga olishdan voz kechish kutilmagan hamda ko‘p hollarda davlat uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Uning o‘rniga “manfaatlar muvozanati”, “umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligi” singari mavhum ma’naviy tamoyillar yoki davlat rahbarlari o‘rtasida oddiy shaxsiy do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘yish istagi davlatlarning kuchlar muvozanati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan, milliy manfaatlarini amalda qo‘shqo‘llab raqiblarga topshirish hamda muqarrar ravishda muvaffaqiyatsizlikka uchrash bilan yakunlanadi.
Xalqaro munosabatlar tizimidagi kuchlar muvozanatining u yoki bu siyosatchi va davlat arboblarining fikrlari yoki qarashlariga hech bir aloqasi yo‘q va u, hech qaysi ma’naviy tamoyillar va intilishlar bilan, uning bilan «savdo balansi», «to‘lov balansi» singari tushunchalar bilan qanchalik bog‘lanmagan bo‘lsa, Uinston Cherchill ta’kidlaganidek, kuchlar muvozanati – «siyosat qonunidir».73
Xalqaro munosabatlar tizimidagi muvozanatlashmagan kuch, xuddi mexanikadagidek, vayron qiluvchi samaraga egadir, biroq uning oqibatlari bundan ham og‘irdir. Taniqli amerikalik tahlilchi Kennet Uoltsning fikricha, muvozanatlashmaganlik istisnosiz, barcha davlatlar uchun xavf tug‘diradi. U bu haqda shunday yozadi: «Muvozanatlashmagan kuch ba’zi bir davlatlarni o‘z ta’sir doirasini kengaytirishdagi ehtiyojlarini qondirib, ularni xavfli va avanturistik siyosatga olib kelishi mumkin. Shundan ham xulosa qilish mumkinki, barcha davlatlarning xavfsizligi ular o‘rtasida kuchlar muvozanatini qo‘llab-quvvatlashga bog‘liqdir».74
Mazkur so‘zlar o‘ttiz yil avval yozilgan edi, va bugungi kunda, Qo‘shma Shtatlar timsolida bunday muvozanatlashmagan kuch haqiqatdan ham paydo bo‘lgan paytda, bu so‘zlarning haqligiga amin bo‘lamiz. Jahon siyosatida butun dunyo ahli avanturizm bobida turli-tuman misollarning guvohi bo‘ldi, va, ehtimol, Qo‘shma Shtatlarning kuchi kerakli tarzda muvozanatlashmaguniga qadar yana bir necha bor bunday holatning guvohi bo‘ladi. Toki bunday hol sodir bo‘lmas ekan, xalqaro munosabatlar beqaror holatligicha qolaveradi.
Albatta, xalqaro munosabatlarda kuchlar muvozanatining istalgan tizimi hech qachon mutlaqo barqaror bo‘la olmaydi, chunki ularning qatnashchilari, ya’ni davlatlar, turg‘un holatda bo‘lmay, doimo o‘zgarib boradi: ularning kuch ko‘rsatkichlari o‘zgaradi, iqtisodiyot, harbiy kuch, boshqa davlatlar bilan munosabatlar o‘zgaradi va rivojlanadi. Shu sababli xalqaro munosabatlar tizimida istalgan kuchlar muvozanatining o‘zi hamisha beqarordir. Biroq, Morgentauning ta’kidlashicha, «kuchlar muvozanatining beqarorligi ushbu tamoyilning ma’lum bir nuqsonlariga emas, balki mustaqil davlatlar tizimida u harakat qilgan muayyan sharoitlarga bog‘liqdir».75
Aynan, shu munosabat bilan E.A.Pozdnyakov bu haqda shunday yozadi: «tizimda ko‘p hollarda o‘zining qarama-qarshi manfaatlari va maqsadlaridan kelib chiqadigan turli xil siyosiy kuchlar mavjud bo‘ladi va amal qiladi. Ular turli xil omillar, shu jumladan geosiyosiy omillar ta’siri ostida muntazam ravishda, uzluksiz o‘zgarib boradi va ushbu o‘zgarishlar bir tekisda sodir bo‘lavermaydi. Notekislik esa doimiy tebranishlarga va tizimning muvozanatidan chetga chiqishlarga olib keladi. Tizimda buzilgan muvozanatni tiklash tendensiyasi paydo bo‘ladi va mabodo bunday muvozanat u qaytadan o‘rnatilsa, bu jarayon, odatda, yangicha asosga ega bo‘ladi. Ana shuning uchun ham tizimdagi muvozanat doimo nisbiy, dinamik, o‘zgaruvchan bo‘ladi. Muvozanat o‘rnatiladi va o‘sha zahotiyoq buziladi, yangi asosda qaytadan o‘rnatiladi va yana buziladi. Toki tizim mavjud bo‘lib amal qilar va rivojlanib borar ekan, yuqoridagi holat cheksiz takrorlanib boradi».76
Bunga, ehtimol, yana shuni ham qo‘shimcha qilish mumkin bo‘ladi: bunday o‘zgarishlar davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning butun tizimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, balki shu kabi o‘zgarishlarning ta’siri o‘ta davomiy tabiat kasb etadi, va kuchlar muvozanatinig biron-bir yangi tizimi o‘rnatilgunga qadar juda ko‘p kuch-g‘ayrat va hattoki qurbonliklar talab etiladi.
Kuchlar muvozanati va undagi barcha jiddiy o‘zgarishlarning hisob-kitobi nafaqat siyosatning ustuvorliklari, uning maqsadlari hamda vazifalarini ishlab chiqish uchun, balki umuman xalqaro munosabatlardagi va uning qandaydir alohida olingan qismlaridagi rivojlanish istiqbollarini baholash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi va bularsiz realistik siyosatni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.
Mazkur holat davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik tobora ortib borayotgan va yangidan-yangi zamonaviy qurol-yarog‘larning vayronkorlik tabiati kuchayib, sayyoramizning turli burchaklarida tinimsiz o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan hozirgi davrda ayniqsa, jiddiy e’tiborga molikligi shubhasiz, albatta.
Bugungi kunda Yer sharining har bir muhim nuqtasida kuchlar muvozanatining o‘z mintaqaviy tizimi tashkil topgan. Bunday tizim Markaziy Osiyo mintaqasida ham qaror topgan. Jahon siyosat maydonidagi o‘ziga xos mavqega ko‘ra, u dunyoning ko‘p davlatlari, jumladan AQSH va Rossiyaning ham e’tiborini o‘ziga tortib keladi. Bu haqda yuqorida so‘z yuritgan edik va bu borada ko‘plab Amerika va Rossiya tahlilchilari mazkur masalaga doimo afkor ommaning e’tiborini jalb qilib keladilar.
Mintaqaviy kuchlar muvozanati tizimi va bu tizimda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, avvalo, uning bevosita qatnashchilari, ya’ni O‘rta Osiyodagi mustaqil davlatlar uchun jiddiy ahamiyat kasb etadi.
Bu o‘rinda nafaqat ularning shaxsiy xavfsizligi, balki undan-da kengroq miqyosdagi xavfsizlik ham ularning ushbu vaziyatga qanday moslashishlari, qay yo‘sindagi xatti-harakatlarni bajarishlari, qanday siyosatni yuritishlariga bog‘liq bo‘ladi, chunki bunda kuchlar muvozanati dunyoning ko‘p sonli yetakchi davlatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Mintaqaviy kuchlar muvozanatining holati mazkur mintaqada joylashgan davlatlar o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning bundan-da kengroq tizimiga kira olish imkoniyatiga ham bog‘liq. Bu yerda siyosatning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan qayd etilgan, asosiy qoidalaridan birini ta’kidlab o‘tish joiz: «regionalizm orqali globalizm sari». Fikrimizcha, bunda jahon siyosatining barcha tarkibiy qismlarining sarhisobi, jumladan, geosiyosiy voqyeliklar, milliy manfaatlar, kuchlarning global va regional muvozanati ham mujassamlashgan.
Umuman olganda, globallashuv va regionallashuv jarayonlarining o‘zaro nisbati va ularning dunyodagi yangicha tartibni shakllantirishdagi roli, jumladan, uning xalqaro xavfsizlikka ko‘rsatadigan ta’siri zamonaviy siyosiy fanning asosiy mavzularidan biri hisoblanadi. Mazkur muammolar yig‘indisi sobiq sovet davlatidan qolgan maydondagi xalqaro-siyosiy munosabatlarning yangicha tizimi va tuzilmasining rivojlanishi bilan bevosita aloqadordir.
Bunda biz uchun shu narsa muhimki, ba’zi bir zamonaviy globalistlaring hamda zamonaviy xalqaro munosabatlardagi kuchlar muvozanati tushunchasini eskirgan yoki qo‘llab bo‘lmaydigan deb hisoblovchilarning ta’kidlashidan qat’iy nazar, mazkur tamoyil zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimiga qatnashchi davlatlarning siyosatini ko‘p jihatdan belgilashda davom etmoqda. Uni hisobga olmaslik, uni mensimaslik o‘z milliy manfaatlarini xavf ostiga qo‘yish demakdir.
Ushbu xavf sobiq sovetlar maydonida paydo bo‘lgan yangi mustaqil davlatlar uchun ayniqsa kattadir, chunki ular mazkur «o‘yin»da ham yetarli tajribaga ega emaslar. Bu «o‘yin»da hamkorlarning his-tuyg‘ulari hisobga olinmaydi va davlatning real kuchi, uning iqtisodiy salohiyati, shuningdek, siyosatning to‘g‘ri tanlangan ustuvorliklari hamda ularni amalga oshirish vositalari hal qiluvchi, asosiy omillar sifatida maydonga chiqadi.
Xalqaro-siyosiy muvozanat, kuchlar muvozanati va milliy manfaatlar – bular hammasi nazariy mavhumotlar emas, balki har bir davlat ular bilan yuzlashadigan hamda uning siyosatida hisobga olinadigan voqelikdir. Ular mintaqadagi barcha davlatlar bilan umumiy chegaralarga ega bo‘lgan O‘zbekiston uchun ham muhimdir. Mintaqada qulay geosiyosiy mavqega, qudratli iqtisodiy, insoniy va harbiy salohiyatga ega bo‘lgan holda, u, aynan mazkur holatlar tufayli Markaziy Osiyoda hal qiluvchi kuchga aylanadi. Xalqaro siyosatda nafaqat real iqtisodiy va siyosiy omillar, balki «o‘yinchilar»ning shaxsiy mahorati, ularning donoligi hamda o‘z raqiblari va hamkorlarining reja va istaklarini oldindan ko‘ra bilish qobiliyati ham muhimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |