“Yangi asr avlodi” nashriyot matbaa markazi millatimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarimiz mustaqil fikri va dunyoqarashini shakllantirishdek ezgu niyatlarga xizmat qilish maqsadida 1999-yilda tashkil etildi.
Nashriyot qoshida Xudoyberdi To‘xtaboyev, Ibrohim G‘afurov, Shuhrat Rizayev, Akmal Saidov, Tohir Malik, Xurshid Do‘stmuhammad kabi ijodkorlardan iborat jamoatchilik kengashi tashkil etilgan.
Nashr rejamizsi bir qancha yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi va bu yo‘nalishlar o‘z maqsad-vazifasi va o‘quvchilari auditoriyasiga ega.
“Kamolot kutubxonasi” ruknida jahon va o‘zbek mumtoz adabiyotining eng sara – Ernest Hemingueyning “Chol va dengiz”, Astrid Lindgrenning “Mittivoy va Karlson”, Aleksandr Pushkinning “Yevgeney Onegin”, Abdulla Qahhorning “Muhabbat” asarlari ma’naviy hayotimizda katta yangilik bo‘ldi. Ilya If va Yevgeney Petrovning “O‘n ikki stul”, Fenimor Kuperning “Chingachguk fojiasi”, Oybekning “Bolalik xotiralarim”, Yohann Volgang Gyotening “Faust”, Alber Kamyuning “Begona”, Tolstoyning “Urush va tinchlik” kabi yuz xil nomdagi asarlar nashr etilmoqda. Ushbu kitoblar ma’naviy qadriyatlarimizning bir bo‘lagi sifatida yoshlarimizning buyuk o‘tmishimizga bo‘lgan muhabbatini yuksaltiradi.
“Zakovat durdonalari” ruknida chop etayotgan adabiyotlarimiz mumtoz faylasuflar asarlaridan iborat bo‘lib, bugungi kunda ushbu ruknda Aflotunning “Qonunlar” asari (mazkur kitob ikki bor nashr etildi), Plutarxning “Saylanma”, Sitseronning “Notiqlik haqida ikki risola”, “100 mumtoz faylasuf”, Arastuning “Odobi kabir”, Nitshening “Zardusht tavallosi” asarlari nashr yuzini ko‘rdi. “Dunyo adabiyoti xazinasidan” ruknida Marsel Brionning “Menkim, Sohibqiron Amir Temur”, Poyon Ravshanovning“Amir Temur sulolasi”, Otanazar Matyakubovning “Buxoro shashmaqomiga yana bir nazar”, Rashod Nuri Guntekinning “Xotin dushmani”,“Otash kechasi”, Hind xalq eposi “Panchatantra” va yana bir qancha dunyo adabiyotining yetuk asarlari o‘zbek tilida o‘quvchilarga taqdim etildi.
Nashriyot har yili Respublika kitob ko‘rgazma-yarmarkalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Nashriyot bir qancha ijodiy loyihalarni amalga oshirgan. “Zakovat durdonalari”, “Hikmat va mohiyat”, “Muvaffaqiyat kaliti” kabi ruknlarda ko‘plab kitoblar nashr etildi. Bundan tashqari, Alisher Navoiyning “Xamsa” asarining bolalar uchun nasriy bayoni, Shekspir qalamiga mansub dramalarining qisqacha nasriy bayoni yoshlarimizning adabiyotga bo‘lgan qiziqishlarini uyo‘otishga xizmat qilmoqda. Marsel Brionning “Menkim, sohibqiron Amir Temur”, Karnegi, N.Xill, A.Navoiyning “Xamsa” asarlarining audiokitoblari o‘quvchilarga taqdim etildi. Til o‘rganuvchilar uchun A.A.Absalomovning “Rus tilini o‘rganishning eng samarador uslublari” kitobiga audiodisk ilova qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |