Arizordagi o‘g‘irlikni oldini olish
Erta bahorda ari oilalarini tez-tez ko‘rib turish asalarilar uchun foydali bo‘lmay, aksincha rivojlanishini sekinlashtiradi, ishlariga xalakit beradi. Har safar ko‘rish vaqtida ari uyasi soviydi, bu asalarilarga zarar qiladi. Shu sababli ari oilalarini puxta ko‘rib chiqib, ularning ko‘nglidagiday rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratgandan keyin, tez-tez ochib asalarilarni bezovta qilmaslik lozim.
Erta bahorda o‘simliklarda shira va gulchangi bo‘lmagan davrda asalarilar o‘rtasida o‘g‘irlik yuz berishi mumkin. O‘gri asalarini darrov bilib olsa bo‘ladi. O‘g‘irlik sodir qilayotgan asalarilar yot arixonaga birorta yoriqchadan kirishga urinadilar. Agar yoriqchadan kira olmasalar to‘g‘ri eshikcha oldiga borib undagi poyloqchi asalarilar bilan urisha boshlaydilar. O‘g‘ri asalarilar qosh qorayib asalarilar uchmaydigan vaqtda ham zo‘r berib uchayotganini ko‘rish mumkin. Shu vaqtda bunday asalarilarni birini ushlab salgina bosilsa uni og‘izchasidan asal tomchisi chiqadi.
O‘g‘irlik boshlangan bo‘lsa uni to‘xtatish qiyin. Yaxshisi asalarilar o‘rtasida sodir bo‘ladigan o‘g‘irlikni oldini olish uchun asalarichi quyidagi choralarni qo‘llashi kerak:
Arixona eshikchalarini toraytirish.
Arizorda kuchsiz oilalarni asramaslik.
Onasiz qolgan oilalarni tuzatish.
Arixonalardagi hamma yoriq teshiklarni bekitmok lozim.
Uyadagi oshiqcha ramkalar olinib oilaning kuchiga mos keladigan miqdorda ramkalar qolishi kerak.
Asalarilarga oziqa berishda ehtiyot bo‘lib, arizorga, arixonalar ustiga shakar sharbatini tukmasdan berish.
Asalarilar oilalarini ko‘rishda arixonalarni uzoq vaqt ochib kuymaslik.
Asalli va asalsiz ramkalarini, idishlarini asalarilar kira olmaydigan yopiq binolarda saqlashi lozim.
Agar arizorda o‘g‘irlik boshlangan bo‘lsa, hujum qilinayotgan arixonaning eshikcha atroflarini va boshqa teshikchalarini kerosin bilan ho‘llash kerak. Bordiyu o‘g‘irlik to‘xtamasdan juda avj olsa, hujum qilinayotgan arixonani zudlik bilan boshqa yerga ko‘chirish zarur. Uzoqqa ko‘chirishni imkoni bo‘lmasa hujum qilinayotgan arixona eshikchasini panjara bilan to‘sib salqin yerga olib qo‘yish kerak. Arizorda o‘g‘irlik to‘xtaganidan so‘ng u o‘z o‘rniga o‘rnatilishi lozim.
Qaysi arixona asalarilari o‘g‘irlik qilayotganligini bilish uchun, o‘g‘irlik qilinayotgan arixona atrofida va eshikchasi oldidagi arilar ustidan un sepish kerak. Un sepilgan arilar qaysi arixona ichida uchratilsa, demak shu oila o‘g‘irlik qilyapti.
Qorovul arilar
Ishchi arilar o‘z uyasini, o‘g‘ri asalari, qovoqari, sichqon va boshqa zararkunandalardan qo‘riqlab turadilar. Bu ishni maxsus 18-21 kunlik qorovul arilar, arixona eshikchasi oldida turib bajaradilar. Har bir asalari oilasini o‘ziga xos hidi bor. Qorovullar o‘z arisini, shu hiddan bilib oladilar. Chet arilarni jig‘ildonlarida asal yoki orqa oyoqchalarida gulchangi bo‘lgan holdagina qo‘riqchi arilar arixonaga kirgizishi mumkin.
Asalarilar chet arilarning hujumidan o‘zlarini nayzalari bilan himoya qiladilar. Asalarining nayzasi qorin ichiga joylashgan bo‘lib, u chaqqanida tashqariga chiqariladi. Asalari odamni chaqqanidan keyin uni nayzasi yulinib chiqib odamning tanasida qoladi. Keyinchalik bu asalari nobud bo‘ladi. Nayza kirgan joyiga asalarining zaxri o‘tadi, bu joy achib og‘riydi va shishadi.
Asalarining zaxri ko‘p miqdorda bo‘lmasa odam uchun xavfli emas. Allergiyasi bor odam ehtiyot bo‘lishi kerak. Lekin asalarilar tez-tez chaqishi natijasida odam organizmi bunga odatlanib qoladi. Sichqon va chumchuq kabi kichkina hayvonlar asalarining bir chaqishi bilan o‘ladi. Asalari spirt hidini, ayniqsa ter hidini yoqtirmaydi. Asalarini yuvoshlantirish uchun asalarichi ari oilasiga tutatqich yordamida tutun tutatadi. Tutun yuborishi bilan asalarilar xavf sezib jig‘ildonlarini asal bilan to‘ldirib oladilar. Shu sababli chaqish qobiliyati susayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |