("dalillarning o‘zaro ziddiyati") atamasi eng nozik va murakkab fiqhiy tushunchalaridan biri ekanini islom usul ul-fiqhini o‘rganuvchi har bir tolibi ilm yaxshi biladi[527]. Ibn Qutayba singari ilk ulamolar bu masalaga butun boshli kitob bag‘ishlashni o‘z burchi deb bilgan. Usul ulamolari vahiy kelgan matnlar o‘rtasidagi ziddiyatga ularning turli talqinlari o‘rtasidagi ziddiyat sifatida qarash kerak, deb bilgan. Qonun egasi (Alloh)ning Rasululloh (s.a.v.) ga vahiy kelgan xabaridagi ziddiyatlar esa bu qolipga sig‘mas edi. Islom xabari Ul zotning vafotlaridan oldin mukammal tarzda nozil bo‘lgan edi; keyingi ulamolarning vazifasi bu xabarni o‘zgartirish emas, tafsir qilishdan iborat edi.
Ushbu tushuncha bilan qurollangan islom ulamosi murakkab matnlarni tadqiq qilar ekan, uni hal etishda bir qator dastlabki akademik sinov va usullarni ishga soladi. Ilk ulamolar yaratgan sistemaga ko‘ra, mabodo ikkita Qur'on va hadis matni bir-biriga zid kelib qolsa, ulamo dastlab matnlarni, ziddiyat arab tilini noto‘g‘ri talqin qilishdan paydo bo‘lmadimikin, degan shubha bilan lingvistik nuqtai nazardan tahlil qilishi kerak bo‘ladi. Agar ziddiyatni bu usul bilan bilan bartaraf etib bo‘lmasa, ulamo tekstual, huquqiy va istoriografik usullar bilan ulardan biri tax(i), ya'ni faqat maxsus holatlarga daxldormi yoki yo‘qligini, binobarin, boshqa matnda bayon qilingan umumiy printsipdan o‘ziga xos istisno ekani yoki emasligini aniqlashga harakat qilib ko‘rishi zarur. Faqih, shuningdek, Qur'on oyati faqat bir isnod (hadisning ahad sifatida mashhur bir turi) bilan bog‘liq hadisni, shuningdek, ko‘plab isnodlar (mutavatir yoki mashhur)[528] bilan ta'minlangan hadisni bekor qilishi mumkinligi xususidagi printsipdan kelib chiqqan holda, xabarlarning matniy maqomini ham baholashi lozim. Mabodo, faqih ushbu mexanizmlarning barchasini qo‘llab bo‘lganidan so‘ng ham ziddiyat barham topmasa, u matnlardan birini boshqasi formal nasx, bekor qilgani ehtimolini tadqiq qilib ko‘rishi darkor. Nasx printsipi ta'arud ul-adilladay nozik masalani ko‘rib chiqayotgan sunniy ulamolar Rasululloh (s.a.v)ning hayotlik davrida ko‘p marotaba asl ekani isbotlangan matnlarga asoslanganining yorqin dalilidir. Sahobalar Rasululloh imom o‘tib yurgan kezlar ijmo' orqali ko‘p narsani o‘rgatganini, o‘zlarini tarbiyalaganini, yovvoyi ma'jusiylikdan yakkaxudolikning sog‘lom va rahmdil yo‘liga olib kelganini, ummatlar to‘g‘ri yo‘ldan borib, saodatga erishishlari uchun Alloh hidoyatini nozil qilganini yaxshi bilar edi. Bunga sharob ichishning bosqichma-bosqich bekor qilingani yorqin misol bo‘la oladi. Qur'onning dastlabki oyatlaridan birida uni ichish nomaqbul deyiladi, keyinchalik qoralanadi va nihoyat taqiqlanadi[529]. Yana bir misol undan ham muhimroq pritsip, namoz o‘qishga daxldordir, ilk ummatlar uni bir kunda ikki marta o‘qishar edi, ammo Me'rojdan so‘ng namoz besh marta o‘qiladigan bo‘ldi[530]. Islomning ilk davrlarida mut'a (vaqtinchalik nikoh)ga ruxsat berilgan edi, ammo keyinchalik ijtimoiy sharoitlar rivojlanib, ayollarga nisbatan hurmat ortib, axloq qat'iylasha borgani sababli bunday nikoh taqiqlab qo‘yildi[531]. Bunga yana boshqa misollar ham bor, ularning aksariyati hijratdan keyingi yosh ummatlarning sharoiti keskin o‘zgarib ketgan yillarga borib taqaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |