Bizning fikrimiz har xil, lekin sening husning bir, Barcha o‘sha go‘zallik sari intilur.
Islom madaniyatlariga, o‘rta asrlardagi ko‘plab xristian madaniyatlari rang-baranglikni qisuvga olganidan farqli o‘laroq, bu xususiyat hamisha xos bo‘lib kelgan. Biroq bugungi kunda musulmonlar o‘rtasida islomning totalitar shakllarini qo‘llab-quvvatlash tamoyili yuzaga chiqmoqda. Islomning yosh faollaridan biri: «Kimki menga qarshi bo‘lsa, gunohga botadi va jahannamga tushadi», deb hayqiradi.
Bunday ko‘zqarash xorijiylik namoyandalarining takfirini esga soladi, biroq bu nega aynan bugungi ummatlar orasida ko‘payib borayotganini tushunish uchun nafaqat tarixning o‘zini, qolaversa, ushbu vaziyatimizning ruhiy tarixini ham anglab yetishimiz kerak. Diniy harakatlar nafaqat doktrinalar va muqaddas kitoblarning, shuning barobarida jamoalarning umidlari va qo‘rquvlari ifodasi hamdir. O'zaro ishonch hukm surgan vaziyatda ilohiyotshunoslik fanlari bag‘rikenglik va tinchliksevarlikka moyil bo‘ladi. Biroq dindoshlar jamoasiga biror xavf tug‘ilguday bo‘lsa, keskin harakatlar vujudga keladi. Ummatlar o‘zini hech qachon bu qadar xavf-xatarli holda his qilmagan edi.
Hatto Yevropaning musulmonlar yashaydigan gettolarida ham takfir fenomeni astasekin ildiz otib bormoqda. Sizu biz yashaydigan shaharlarda ham, faqatgina biz jannatga tushamiz, deguvchi guruhlar paydo bo‘ldi. Ularning nazdida, o‘zini musulmon deb hisoblovchi kishilarning 99 foizi go‘yo ilohiy axloqiy tushunchani bema'nilarcha haqorat qilayotgani tufayli musulmonlikka mutlaqo noloyiqdir.
Biz ushbu ruhiy holat universal tarzda mavjud ekanini inobatga olsak, uni osongina tushunishimiz mumkin. Faqatgina islom dinida emas, qolaversa, xristianlik, iudaizm, hinduizm va buddizmda ham ayrim guruhlarning o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish tamoyili ko‘zga tashlanadi. Bundan 3 yil oldin xristian diniga mansub Devid Koreshning Davidiylar sho‘‘basining Texasdagi ranchosini AQSh qo‘shinlari zabt etmoqchi bo‘lishgani edi. O'sha paytda sho‘‘ba a'zolaridan 89 kishi halok bo‘lganini esga olish kifoya. Davidiylar o‘zlarini haqiqiy xristianlar, boshqalar esa jahannamda kuyib kul bo‘ladi, deb bilishgan. Oklahoma shahridagi Alfred Merra binosini portlatib yuborgan xristian fundamentalisti Timoti Makvey ham so‘zsiz shu fikrda bo‘lgan.
Biz yangi mingyillikka teranroq kirib borganimiz sari rejimlarning repressiyasi oqibatida yo‘q bo‘lish o‘rniga rivojlanib ketgan islomiy ko‘rinishdagi ushbu tamoyilning ahamiyati ortib borishini taxmin qilishimiz mumkin. Garchi u so‘zda bo‘lmasa-da, amalda mingyillik dovondan oshayotganday ish tutmoqda. Rejimlarni holdan toydirish o‘rniga battar quturtiradigan sayyohlarga o‘q otish yoki kichik nishonlarga ignali bombalar bilan hujum qilish singari bunday xatti-harakatlar islom nomini bulg‘aydi. Bu hol islomiy harakatni bo‘lib yuborishidan tashqari, rejimlar qo‘liga jamiyatdagi dinni ta'qib qilishga va uni bir chetga surib qo‘yishga bahona tug‘dirib beradi.
Islomga bunday xavf tug‘dirayotgan neoxorijiylikning xato qarashlari bugungi kunda real kuchga aylandi. Kitobning keyingi boblaridan birida bu xavf tadqiq qilinadi. U, doimiy tashvishga soladigan o‘zgarishlarga qaramasdan, yashab qoladi.
Endi mavzularimizning uchinchisi: bugungi kunning ulkan islomiy masalalaridan biri, ba'zan eng muhim deb yuritilayotgan tabiiy muhitning buzilishi muammosiga nazar tashlash vaqti yetdi. Qur'onda osmonlar va ummonlarning qo‘zg‘alishi oxir zamon belgisi sifatida talqin etiladi va bu hol uzoq asrlar davomida insonni boqib kelgan ekosistemaning ayni paytdagi buzilishining poetik ifodasiga o‘xshab ko‘rinadi.
Bu yerda javob berilishi lozim bo‘lgan ko‘plab savollar bor. Biz tark etayotgan ikkinchi mingyillikda sayyoramiz 1000 yil bilan solishtirganda ancha qashshoqlashgan jismoniy ko‘rinishga ega bo‘lib qoldi. Insonning ma'rifiy fantaziya tufayli jismoniy tartib ustidan hukmronlik qilishiga yo‘l ochib bergan materializm, protestantlar kapitalistik axloqining ma'lum bir ko‘rinishi, Sharqda esa sanoatlashtirishni ilohiy maqomga ko‘targan kommunizm ona zaminning jinoyatkorona zo‘rlanishiga olib keldi. Hamma joyda Yer yuzi yara-chaqa bo‘lib ketdi. Ming-minglab tonna zaharli axlat okeanlarda u yoqdan-bu yoqqa suzib yoxud stratosferada aylanib yuribdi. Har kuni 12 ta ma'lum (biologik) tur yo‘qolib ketmoqda. O'z hayotimiz va ayrim uy hayvonlarini hisobga olmaganda, har bir shakldagi hayot yangilanish yong‘inidan zarar ko‘rmoqda. Qoramollarning quturish kasali halokati kelgusida nimalar ro‘y berishi mumkinligiga bir ishoradir: Buyuk Britaniya hukumati tahlilchilari zararlangan go‘shtni iste'mol qilish oqibatida 30 ming nafar britaniyalik quturish xastaligini yuqtirishi mumkinligini qayd etishgan. Texnologiya to‘xtovsiz rivojlanib borayotgan bir paytda qo‘pol bir ilmiy xato insoniyatning kattagina qismining hayotiga zomin bo‘lmasligiga kafolat yo‘qligini inkor etish bema'nilik bo‘lur edi. Taraqqiyot, har doimgiday, ulkan qimor o‘yinidir.
Biroq biz yangi ming yillikka olib o‘tayotgan o‘ta muhim va rad etib bo‘lmas atrof-muhit muammolaridan biri ob-havoning yalpi isishidir. Biz necha yuz yillar davomida parnik gazlarini havoga chiqarib keldik, faqat bugungi kunga kelibgina, o‘sha faoliyat uchun tovon to‘lashimiz muqarrarligini tushunib yetyapmiz. Musulmonlar ushbu masalaga, uning G'arbdan ko‘ra musulmon mamlakatlariga keskin ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini hisobga olib, jiddiy e'tibor qaratishi darkor. Musulmonlar orasida ushbu masalaga juda oz kishilar qiziqish bildirayotgani tashvishli holdir.
Uzoq yillar davomida hukumat sinchilari ob-havoning yalpi isishi fikriga panja ostidan qarab kelishdi. 1992 yili Rio-de-Janeyroda atrof-muhit masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan sammit dunyoda vujudga kelgan vaziyat tashvishli ekanini ilmiy dalillar bilan isbotlab berdi. Atmosferaga chiqarilayotgan sanoat gazlari sayyoramizni gaz kamerasi va pechkaga aylantirmoqda.
Angliyada hozirgi kunda oddiy fuqarolar ham ob-havoning yalpi isib borayotganini qayd etishmoqda. Ob-havo harorati 300 yildan beri yozib boriladi, biroq eng issiq 10 yil 1945 yildan so‘ng, shulardan eng issiq 3 yili (1989, 1990 va 1995 yy.) so‘nggi 12 yil mobaynida qayd etilgan. Yomg‘ir yog‘ishi ham bundan-da g‘alati, 1997 yilning yanvar oyi so‘nggi 200 yildagi yomg‘ir eng kam yoqqan oy bo‘ldi. Okeanlardagi to‘fonlar shiddat tobora oshib, neft tashuvchi kemalar uchun xavfli bo‘lib borayotgani tufayli Shimoliy dengiz neft sanoati neft quvurlarini suv ostidan o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
Aniq raqamlarning nihoyatda kamligi ajablanarlidir. Hisob-kitoblarga qaraganda, 19902050 yillarda Yer yuzidagi o‘rtacha harorat Selsiy shkalasi bo‘yicha 1,5 gradusga ko‘tariladi. Biroq so‘nggi muz davridan to bugungi kungacha, ya'ni 4 ming yil mobaynida o‘rtacha harorat, bor-yo‘g‘i, 0,5 gradusga ko‘tarilgan edi. Tadqiqotlardan ma'lum bo‘lishicha, qutblardagi muz qalpoqlari eriy boshlagan, shuning uchun ham har yili dengiz sathi 5 mm ko‘tarilib bormoqda. Yevropa Ittifoqi Shimoliy Norfolk qirg‘og‘i singari joylarda dengizni o‘z joyida ushlab turish uchun kerak bo‘ladigan temirbeton to‘siqlarga millionlab funt sterling mablag‘ sarflamoqda, shu bilan birgalikda, qasoskor tabiatga qarshi eng mukammal to‘siqlar qachongacha chidab berishi qizg‘in muhokama qilinmoqda.
G'arb uchun bunday noxush xabarning yaxshi jihati ham bor. Ko‘pchilik aholi haroratning ko‘tarilishidan xursand bo‘ladi. Oradan 30 yil o‘tib, Janubiy Angliyaning ba'zi bir tumanlarida apelsin o‘stirish imkoni paydo bo‘ladi. Fermerlar issiq yoz va quruq qish mavsumlarini mo‘ljallab hosil yetishtirish uchun urug‘ sotib olishmoqda; ulkan falokat xavf solayotganga o‘xshamaydi.
Islom dunyosi uchun umumiy manzara tashvishliroqdir. Rio-de-Janeyro sammitida islom mamlakatlari ushbu masalaga befarq ekanini namoyish etishdi; atrof-muhit nazoratiga qarshi bo‘lgan mamlakatlarning ko‘pchiligi Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Bruney va boshqa musulmon mamlakatlari edi. Bunga sabab bo‘lgan hol ular iqtisodiyotining neft va gazga bog‘liqligi edi. G'arb mamlakatlari yo‘llarida zaharli gazlar ajralib chiqishini kamaytirish yoki elektr ishlab chiqarishda shamol, dengiz suvining ko‘tarilishi singari an'anaviy manbalardan foydalanishga o‘tish o‘sha mamlakatlar iqtisodiyotini bir zumda barbod qiladi.
Qisman bunday qisqa muddatli manfaatni o‘ylab ish ko‘rayotgani tufayli musulmon doiralar kelgusi mingyillikda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ulkan talofatlarni deyarli his qilmayotganga o‘xshaydi. Biroq falokatning ayrim alomatlari paydo bo‘lganini bir ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring. Afrikaning aholisining 90 foiz dan oshig‘i musulmonlar bo‘lgan Chad, Mali, Niger kabi mamlakatlarida yog‘ingarchilik har 10 yilda 10 foiz kamayib bormoqda. Sahroyi Kabirning qum okeani kengayib bormoqda, qum barxanlari sahroning janubiy chekkalaridagi yaylov va ekin yerlariga bosib kelayotir. Iqlim boshqa tomonlama ham yomonlashib bormoqda: 20-asrning 80-yilarida Sudanni halokat yoqasiga keltirib qo‘ygan qurg‘oqchilik bundan ham battar suv toshqini bilan hamayoqni vayron qildi.
Har qanday iqlimiy xarita ko‘pgina musulmon mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishning juda oz qismini tashkil etishini ko‘rsatib beradi. Hisob-kitoblarga qaraganda, Jazoirda yog‘ingarchilikning 15 foiz qisqarishi dehqonchilik qilinayotgan yerlarning ishdan chiqishiga va shaharlarga ko‘chib keluvchilar sonining oshishiga sabab bo‘ladi. Shunga o‘xshash vaziyatni Marokkoda ham ko‘rish mumkin. U yerda 1995 yildagina barham topgan qurg‘oqchilik hali hech kimning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Yaman esa Hind okeanidagi mussonlar strukturasi o‘zgargani tufayli katta zarar ko‘rdi, bu ham ob-havoning yalpi isishi bilan bog‘liqdir. Bangladeshda esa muammo suv yetishmasligidan emas, aksincha, uning haddan ziyodligidan kelib chiqmoqda. Bu yerda har 3-4 yilda ro‘y beradigan toshqinlar, mussonlarning strukturasi o‘zgargani barobarida, Himolay tog‘laridagi ulkan hududlarda tuproqdagi namlikni tutib qoladigan o‘rmonlarning ayovsiz kesilib ketishi bilan ham bog‘liqdir.
Oksford universiteti muallimi Norman Mayerning bashorat qilishicha, 2050 yilga borib,
«dengiz sathining ko‘tarilishi va qishloq xo‘jaligida yuz beradigan o‘zgarishlar oqibatida 150 million kishi o‘z yashab turgan joylarini tashlab ketishga majbur bo‘ladi. Bunday kishilarning 15 millionini bangladeshliklar va 14 millionini misrliklar tashkil etadi.
Biroq bu raqamlar iqlim o‘zgarishining ikkilamchi oqibati keltirib chiqaradigan migrantlarni aks ettirmaydi. Insoniyatning bunday ulkan to‘lqinlari hukumatlarni beqaror qiladi va urushlarga sabab bo‘ladi. Hech bir hozirgi davlat migratsiyaga shart-sharoit yaratib bera olmaydi: bangladeshliklar 1948 yilgacha Hindistonning boshqa qismlariga ko‘chishi mumkin edi, biroq bo‘linishdan so‘ng ular o‘z mamlakati chegarasidan chetga ko‘cha olmaydigan bo‘lib qoldi. Epidemiyalarning keng tarqalish xavfi bor. Dengiz sathining ko‘tarilishi oqibatida Maldiv va Komoros singari musulmonlar yashaydigan orollar suv ostida qolib ketadi, orollar aholisi esa boshqa joydan boshpana qidirishga majbur bo‘ladi.
Yana bir narsani unutmasligimiz kerakki, bu bashoratlar qiyomat kuni stsenariysi emas, balki undan ham battardir. Yuqorida keltirilgan raqam va misollar ilm-fan dalillariga asoslangandir, ular Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada atrof-muhitga tegishli axborotnomalardan olingan. Shuni ham tan olish kerakki, parnik gazlarining atfosferaga chiqishini cheklash bo‘yicha ba'zi bir tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq bundan buyon atmosferaga umuman gaz chiqarilmagan taqdirda ham unda aylanib yurgan gazlarning o‘zi haroratning kamida yuz yilda ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.
Dastlabki bob yuqorida qayd etilgan uchta mavzuga oid bir necha mulohaza bilan poyoniga yetadi.
Biz bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ushbu hollarni nekbinlik yoki qo‘rquvga sabab deb bilishimiz kerakmi? Bilamizki, janobi payg‘ambarimiz (s.a.v) nekbinlikni xush ko‘rar edi, shuning uchun ham ul zot tavakkul - Allohning inoyatiga suyanishga da'vat qilar edi. Ul zot yana o‘z tuyangni bog‘lab qo‘ygandan so‘ng ham uni Yaratgan izmiga topshirishing lozimligini ta'kidlar edi. Biz kelgusi o‘n yilliklarda qaysi tuyani bog‘lashimiz kerak?
Bu yerda yana bir necha masala bor. Ulardan eng muhimi hamma narsadan xabardor bo‘lgan rahbariyatni tarbiyalash bo‘lsa ajab emas. Men oldinroq musulmon rahbarlarning aksariyati yoshlarga bugunning muammolarini hal etishda zarur bo‘lgan yo‘l-yo‘riqni ko‘rsatishga qodir emasligini aytib o‘tgan edim. Muqaddas kitoblardan xabardor va ularga e'tiqod qilgan o‘rtacha musulmon faolidan post-modernistning fikri noto‘g‘ri ekanini qanday isbot qilasiz, deb so‘rasangiz, biror narsa deb javob qaytarishi gumon. Boshlarimiz qumga tiqilgan. Biroq bunday guruhlar ko‘rib ko‘rmaslikka olayotgan narsalar faqat intellektul tamoyillargina emas. Atrof-muhitning buzilishi ham bizning yerni zo‘rlashdagi gunohlarimiz uchun yaqinlashib kelayotgan, biroq e'tibor qilmayotganimiz ro‘zi Mahshardir. Ehtimolki, faollarimiz o‘z mamlakatidagi so‘nggi kisloroddan nafas olayotib, hali ham ibodat paytida qo‘lni qanday ushlash to‘g‘ri ekani, soqolning uzunligi qancha bo‘lishi kerakligidan bahs qilib, tomoq yirtayotgandir.
Ularning ahvoli kulgili bo‘lgani kabi ustuvor qarashlari ham tepsa tebranmasdir.
Bular barchasi o‘zgarishi kerak. Islom dunyosiga sayohat qilgan har bir sayyoh yoshlar o‘rtasida islomni o‘rganishga bo‘lgan muazzam g‘ayratni va o‘sha mamlakatlar rahbariyatiga nisbatan shunday xavotir haqida gapirib berishi mumkin. An'anaviy ulamolar bizga zarur bo‘lgan xushxulqlik va mo‘‘tadillik fazilatlariga ega; biroq dinamizmdan yiroq; radikal guruhlar peshvolari esa o‘zini hammadan ustun qo‘yish, taassub va takfir tuzog‘iga ilingan; ayni paytda aksariyat qayta tiklanish harakati peshvolari, ochig‘ini aytganda, o‘z o‘rniga munosib emas. Ikkalasi ham og‘irkarvon va omonat; islomga mafkuraviy nuqtai nazardan qarashga odatlanib qolgan, ular bugungi dunyo murakkabliklarini tushunmaydi - serg‘ayrat yoshlar esa buni juda yaxshi ko‘rib turibdi.
Shuning uchun birinchi navbatda yigit-qizlarga ham an'anaviy shar'iy ilmlarni, ham bugungi dunyo madaniy va intellektual tilini o‘rgatadigan muassasalar tashkil etilishi lozim. Shunga o‘xshash sa'y-harakatlar o‘tmishda ham bo‘lgan: Bag‘doddagi Nizomiya madrasasi G'azzoliy tufayli mashhur bo‘lib ketgan edi, o‘sha madrasada fiqh bilan bir qatorda yunon an'analari asosidagi falsafiy ilohiyotshunoslik ham o‘qitilar, shuningdek, o‘sha vaqtdagi rahnamolarni raqib mafkuralarning oyog‘ini osmondan qiladigan zarur qurol bilan ta'minlar edi. Bizga yangi mingyillikda mujaddid, mo‘‘tadil, bag‘rikeng, ruhoniy ko‘zqarashga ega, dunyoviy tafakkurni tanqid qilibgina qolmasdan, uni tushunadigan va u bilan bahsga kirisha oladigan daho G'azzoliy kerak. Xususan, bunday shaxs yangi zamonga o‘z hukmini o‘tkazayotgan ma'naviyat, san'at va atrof-muhit masalalarini puxta bilishi darkor.
G'arb kishisiga nima ta'sir etishi va uni nima harakatlantirayotganidan xabardor g‘arblik musulmon mutafakkirlar biladiki, mabodo islom diskursi ushbu masalalarga e'tibor qaratib, muvaffaqiyatga erishadigan, ekstremizmning yovuz ruhini quvadigan bo‘lsa, dinimiz nafaqat gullab-yashnashi, qolaversa, yangi asrning diniy kurashlarida markaziy o‘rinni qayta egallashi ham mumkin. Faqatgina Alloh kelajakni bilguvchidir. Biroq biz chorrahada turganimiz ravshan, shuning uchun ham mingyillik favqulodda ramz sifatida ayni muddaodir. U yo intellektual va ma'naviy jihatdan boy an'analarga ega bo‘lishiga qaramasdan, aholisi tobora ko‘payib borayotgan va boshboshdoqlik zonasi bo‘lmish islomning osongina ro‘y bergan so‘nggi inqirozidan darak beruvchi nuqta bo‘ladi. Yoki musulmonlar o‘z faoliyatini tanqidiy baholab, befoyda mutaassiblikdan voz kechishadi va dunyoda o‘ziga xos bo‘lgan axloqiy va ma'naviy namuna rolini o‘ynay boshlaydi.
Sharqqa ham, G'arbga ham qarab, an'anaviy ummatlarning parokanda bo‘lib ketayotganini ko‘rib, biz buning imkoni bormi, degan savolni beramiz. Biroq biz yashayotgan zamonda kelajakni bemalol muhokama qilish mumkin. Ilgari islomga qarshilik ko‘rsatgan yoki uni ta'qib qilgan xristianlikning murosasiz qanoti, millatchilik va kommunizm singari mafkuralarning umri tugab bormoqda. Shafqatsiz va harbiyfashistik dunyoqarashlar 20-asrning o‘rtalarida tarix kultepasidan joy oldi. Kembrij universitetining antropologi Ernest Jellner islomni «so‘nggi din» deb atagan edi. II bobda o‘sha «so‘nggi din»ning favqulodda vujudga kelgan tarmoqlarini uning eng yangi davr - postmodernizmga javobi kontekstida tadqiq qilishga harakat qilamiz.
Nekbinligimiz o‘zimiz meros qilib olgan yoki tanlagan narsaning asosiy talablariga ishonsakkina o‘zini oqlaydi. Musulmonlar bo‘lar-bo‘lmasga asabiylashavermasa, raqiblari chizib bergan dunyoviylashish yo‘lidan va reaktsion xorijiylikga ko‘r-ko‘rona ittifoqchilikdan qochsa, dunyo imperiyalariga qayta egalik qilishi va Alloh lashkarlari degan muborak nomni qayta tiklashi mumkin. Ummatlar yangi zamon diskursi bilan bog‘liq mavjud tanglikka qaramasdan, dunyo miqyosidagi mavhumlikdan kelib chiqqan parokandalikka yo‘l bermay, «va kalimatullohi hiyaal-ulya» - «Allohning kalomi hamma narsadan ustundir» degan vaqtga bo‘ysunmaydigan va da'vatkor so‘zlarini yana bir karra tasdiqlashiga hech qanday shubha yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |