Bitiruv-malakaviy ishining tarkibiy tuzilishi. Bitiruv-malakaviy ishi darajasidagi ilmiy tadqiqot tarkiban kirish, asosiy qism va xulosa qismlaridan tashkil topgan. Asosiy qism uch bobdan iborat. O’z navbatida har bir bitta bob qismlarga bo’lingan. Quyida ushbu boblar va ular tarkibidagi qismlar haqida qisqacha ma’lumotlar keltiriladi. I bob “Sovuq urush barham topgandan keyin xalqaro maydonda yuz bergan jarayonlar” deb nomlanib, uch qismdan iborat. Birinchi qism “Sotsialistik tuzum qulagan makonda yuzaga kelgan nizolar” deb nomlangan ushbu qismda Yugoslaviya Federativ Sotsialistik Respublikasining parchalanishi jarayoni va bu jarayonda yuzaga kelgan milliy-etnik nizolar haqida so’z yuritilgan. Bu qismda, shuningdek, sobiq YFSR hududidagi nizolarga xalqaro tashkilotlar va yeteakchi davlatlarning munosabati hamda bevosita aralashuvi haqida ham ma’lumotlar berilgan. Ikkinchi qism “SSSR parchalangandan keyingi davrda AQSH va Rossiya munosabatlari” deb nomlangan. Bu qismda o’tgan asrning 90-yillari va XXI asrda ikki mamlakat o’rtasiadi o’zaro munosabatlarning muhim jihatlari hamda yetakchilik uchun raqobati to’g’risida so’z yuritiladi. Bobning uchinchi qismida esa mazkur davrda Yaqin Sharq, Fors ko’rfazi va Janubiy Osiyoda mavjud nizolarning yangi ko’rinishlari hamda yangilarining yuzaga kelishi xususida so’z yuritilib, ushbu qism “Xalqaro munosabatlar tizimida mintaqaviy nizolar” deb nomlanadi.
II bob “XX asrning oxirgi o’n yillligi va XXI asr boshlarida integratsion jarayonlar. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar faoliyati” deb nomlangan. Ushbu bob ikki qismdan iborat bo’lib, birinchi qism “Yevropada integratsion jarayonlar: Yevropa Ittifoqi faoliyati” deb nom olgan. Ushbu qismda o’tgan asrning oxirgi o’n yilligi va yangi asr avvalida Yevropa mintaqasida integratsiyani rivojlantirish uchun yaratilgan huquqiy baza hamda amaliy ishlar xususida so’z boradi. Ikkinchi qism esa “Yevrosiyo mintaqasida hamkorlik aloqalarining rivojlanishi” sifatida nomlangan. Bu qismda keng hududlarni qamrab olgan Yevrosiyo mintaqasida ikki va ko’p tomonlama hamkorlik aloqalarining kengayishi hamda bir qancha mintaqaviy siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalarida hamkorlikka asos solgan tashkilotlar haqida ham ma’lumotlar beriladi.
III bob “Xalqaro va mintaqaviy muammoli masalalar hamda ularni hal etishning yo’llari, yondoshuvlar va amaliy harakatlar” deb nomlangan. Ma’lumki, bugungi kunda dunyoda ko’pgina muammoli masalalar mavjuddir. Yuqorida ta’kidlanganidek, barcha masalalar bir vaqtning o’zida to’lig’icha qamrab olishning imkoni yo’q. Shu sababli eng muhim masalalar xususida so’z yuritish mantiqan to’g’ridir. Ushbu bob ham ikki qismadan iborat bo’lib, birinchi qism “Globalizatsiya jarayoni bilan bog’liq muammolar” deb nomlangan. Bu qismda bugungi kunda insoniyat uchun eng dolzarb masala bo’lgan globalizatsiya jarayonining yuzaga kelishi sabablari, mazmuni, xalqaro munosabatlarga ta’siri, salbiy oqibatlari hamda ushbu muammoli masalani bartaraf etish uchun bo’layotgan amaliy harakatlar haqida so’z yuritiladi. Ikkinchi qismda esa yana bir dolzarb muammolardan biri – terrorizm va diniy ekstremizm muammosi hamda ushbu masalani hal etish yo’llari haqida so’z boradi. Ushbu qism “Diniy ekstremizm va transmilliy terrorizmga qarshi kurash” deb nomlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |