Sayfi Jalil
Atoqli kompozitor Sayfi Jalil (Jalilov 1932-2003) simfonik musiqaning turli janr va shakllarida asarlar yaratib, ijodiy kamolotga erishgan chog‘ida, lirik qalb tuyg‘ulari bilan 1971-yili skripka uchun, 1975-yili violonchel uchun konsertlar yaratgandan so‘ng 1977-yili o‘zining birinchi “Samarqandnoma” simfoniyasini yaratadi. Asar milliy ruhiy, g‘oyaviy-badiiy qiyofalari bilan, lirik-dramatik va tantanavor xarakterga egadir. “Samarqandnoma” simfoniyasi uch qismdan iborat.
Simfoniya salobatli, keng ko‘lamda sadolanuvchi muqaddima mavzusi bilan ochiladi. Mazkur kuyda o‘zbek musiqiy merosining asl ko‘rinishi-milliy ohang doriy lad tuzilmasida, 3/2 o‘lchovli og‘ir metroritm va monologik uslub mujassam topgan:
Muqaddima mavzusi torli va damli sozlarning patski regstrida ikki marotaba sadolanadi, ikkinchi galda dramatik avjiga ko‘tarilganidan so‘ng (maqom suporishlari kabi) yangi bo‘lim, ya’ni sonata allegrosiga o‘tiladi.
1-qism, ekspozitsiya (allegro animato)ning bosh mavzusi o‘zga mavzulardan farqli o‘laroq tuzilishi va ohanglar yo‘nalishi jihatdan cholg‘u kuylariga yaqin. Undagi garmonik faktura, ya’ni jo‘rnavozli tuzilma o‘lchov va usul metrikasining aktivligi, urg‘ularga boyligi bilan ajralib turadi:
Bu ikki qatlam (yuqoridagi bosh mavzu va pastki jo‘rnavozlar) bir tomondan bir-birini to‘ldirib borsa, ikkinchi tomondan ular orasida tafovut yuzaga kela boshlaydi. Bosh mavzuga kontrast sifatida yorqin va ro‘shno yordamchi mavzu goboy so‘ngra violonchel partiyalarida jozibali yangraydi:
U nihoyatda ohangdor va hayajonli bo‘lib, ko‘proq polifonik kanon imitatsiya uslubida namoyish etiladi.
2-qism hajman ixcham (andante mesto), partituraning eng lirik sahifalarini tashkil etib, musiqiy merosimizning durdonalaridan biri “Girya” asariga asoslangan:
Hazin navo kuy va unga monand topilgan jo‘rnavoz sadolar o‘zaro uzviy bog‘lanadi. “Girya”ga ohangdosh kuylar, aytaylik orkestr tarkibiga qo‘shilgan qadimgi ud solosi ketma-ket ijro etilib chuqur, ta’sirchan musiqa lavhasini yaratadi.
“Samarqandnoma”ning so‘nggi 3-qismida kompozitor mashhur bastakor Hoji Abdulaziz Abdurasulovning “Bozurgoniy” asaridan foydalangan.
Xotimada 2-qismdagi kabi muayyan kuy ohanglarigina emas, balki samarqandcha uslubga xos badihago‘ylik, sersayqallik an’analarini ham ko‘povozli musiqaga uzviy ulanganini ko‘ramiz:
Simfoniyadagi so‘nggi bo‘lim – koda avvalgi (1-qism) mavzularining reministsensiya (aks sado)lari, eng oxirgi taktlarda esa ko‘tarinki ruhda takrorlangan muqaddima mavzusi yangraydi.
Kompozitor S.Jalil «Samarqandnoma» birinchi simfoniyasidan so‘ng 1983 yili Kamer simfonik orkestr uchun to‘rt qismli 2-“Lirik simfoniya”ni yaratdi. Asarni birinchi qismi sonata allegrosi, kichik rivojlov shaklida yozilgan.
Kompozitor S.Jalil yaratgan barcha asarlari bilan XX asr o‘zbek musiqasi tarixi sahifalarida chuqur iz qoldirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |