1.2.4. Mustaqillik yillarida mavzuning yoritilishi
Markaziy Osiyo xalqlari tarixini toponomik maʼlumotlar asosida o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlarning sezilarli bir qismini mustaqillik yillarida amalga oshirilgan tadqiqotlar tashkil etadi. Avvalo aytib o‘tish kerak, bu davrda olib borilgan tadqiqotlarda ko‘proq arab-fors, xitoy va boshqa tillarda yozilgan birlamchi yozma manbalarga tayanish barobarida arxeologik topilmalar, xususan, sug‘diy tilli hujjatlar va numizmatik materiallar ham jalb qilinayotganligi diqqatga sazovordir. O‘zbekistonning tarixiy toponomiyasi, shu jumladan, Zarafshon vohasi toponimlari, xususan, etnotoponimlari bo‘yicha ko‘p yillardan beri tadqiqotlar olib borgan S. Qorayev, U. To‘ychiyevlar bu davrda ham o‘z izlanishlarini davom ettirishdi. Ayniqsa, voha etnotoponimlari borasida U. To‘ychiyev tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlar o‘zining keng ko‘lamliligi va izchilligi bilan alohida ajralib turadi42. Tadqiqotchining voha etnotoponimikasini yaxshi bilishi, xususan, Samarqand viloyatidagi yuzlab aholi maskanlariga doir birlamchi maʼlumotlarni yig‘ib, ularni ilmiy jihatdan tahlil qilib, viloyatdagi joy nomlarning sezilarli qismi XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida vohada mavjud bo‘lgan etnonimlarga borib taqalishini aniqlashi diqqatga sazovordir.
Mustaqillik yilllarida amalga oshirilgan diqqatga sazovor tadqiqotlardan biri sharqshunos tarixchi olim Sh. Kamoliddinga tegishlidir. O‘z izlanishlarida asosan arab geograflari asarlariga tayanib, ularni arxeologik materiallar bilan taqqoslab o‘rgangan tadqiqotchining keyingi yillarda mintaqaning qadimgi turkiy toponomiyaga bag‘ishlangan ishlari ko‘pchilik olimlarning diqqatiga sazovor bo‘ldi. Uning “Markaziy Osiyoning qadimgi turkiy toponimlari” nomli monografiyasida yuzlab joy nomlari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, tadqiqotchi rivojlangan o‘rta asrlarga oid arab-fors, xitoy va boshqa tillardagi yozma manbalardagi toponimlarning sezilarli bir qismini turkiycha joy nomlari tashkil etishini aniqlagan43. Xususan, Sh. Kamoliddining ushbu tadqiqotida Zarafshon vohasining tarixiy toponimlari ham o‘rin olgan bo‘lib, tadqiqotchi ko‘plab dalillar asosida voha toponimlarining muhim bir qismi turkiy til asosida shakllangani ko‘rsatib berilgan. Shu bilan birgalikda, tadqiqotchining mintaqa, shu jumladan, Zarafshon vohasi tarixiy toponimlarini tadqiq etish jarayonida kelib chiqishi nomaʼlum bo‘lgan yoki turkiy tilda izohlanishi qiyin bo‘lgan bir qator joy nomlarini turkiy til bilan bog‘lashga urinishi birmuncha munozaralidir. Xususan, uning oxiri –gon, -jon, -xon topoformantlari bilan tugallanuvchi joy nomlarini turkiy tilda izohlashi44 munozaralidir.
Keyingi o‘n yilliklarda Zarafshon vohasiga doir etnologik izlanishlar olib borgan tadqiqotchilardan biri A. Malikovning ishlari eʼtiborga molik. Tadqiqotchi Zarafshon vohasi va unga qo‘shni hududlarda XIX asr oxiri – XX asr boshlarida mavjud bo‘lgan etnik holatni o‘rganish mobaynida vohadagi qo‘ng‘irot, nayman, saroy, qipchoq, turkman (“Nurota turkmanlari” yoki “o‘zbek-turkmanlari”)kabi o‘nlab o‘zbek urug‘larining urug‘-qabilaviy tarkibiga bag‘ishlangan bir qator ilmiy maqolalar chop ettirdi45. Tadqiqotchining o‘zbek urug‘larini tarkibini etnologik jihatdan tahlil qilar ekan, har bir urug‘ tarkibidagi mayda urug‘ va to‘por (to‘p)larga sinchikovlik bilan to‘xtalgani, ularning tarqalish geografiyasini izchillik bilan yoritganligi diqqatga sazovordir. Shu bilan birgalikda, A. Malikov vohadagi qozoq, qoraqalpoq va boshqa turkiy xalqlar bilan bog‘liq etnonimlarga eʼtibor qaratib, ularning vujudga kelishidagi asosiy tarixiy omillarga to‘xtalib o‘tgan. Ayniqsa, tadqiqotchining “Zarafshon vodiysining turkiy etnonim va etnotoponimlari (XVIII – XX asr boshlari)” nomli monografiyasida vohada 300 dan ko‘proq turkiy etnotoponimlar mavjudligini qayd etib, ularni nomma-nom keltirishi diqqatga sazovordir46.Turli tillarga oid yozma manbalardagi maʼlumotlar bilan birgalikda dala tadqiqotlari va arxiv materiallariga tayanib bajarilgan A. Malikovning ushbu tadqiqotini bu mavzuda amalga oshirilgan boshqa izlanishlar orasida eng izchil va mukammali ekanligini taʼkidlash zarur.
Bir qarashda biz tanlab olgan mavzu va uning mazmun-mohiyati mazkur tadqiqotga o‘xshab ketsa-da, aslida tarkibiy jihatdan ancha farq qiladi. Chunonchi, A. Malikov Zarafshon vohasi etnotoponimlarini o‘rganishning davriy chegarasini XVIII – XX asr boshlari bilan belgilab tadqiq qilgan bo‘lib, biz tanlagan mavzuda esa XX asrda vohada mavjud bo‘lgan etnotoponimlarga asosiy eʼtibor qaratildi. Bir jihatdan olganda, bizning tadqiqotimiz A. Malikovning mazkur tadqiqotining davomi mohiyatidadir. Shu bilan birgalikda, biz tanlagan mavzu strukturaviy jihatdan mazkur tadqiqotdan birmuncha farq qilib, A. Malikovning izlanishlarida Zarafshon vohasidagi joy nomlari uchun asos bo‘lgan etnonimlar va ularning ichki tarmoq nomlariga asosiy eʼtibor qaratilgan bo‘lsa, bizning tadqiqotimizda esa aksincha urug‘ tarmoqlari nomlariga emas, asosan, etnotoponimlarga diqqat qaratildi. Shuningdek, ushbu tadqiqotga kirmay qolgan ayrim etnotoponimlarga ham aniqlik kiritishga harakat qilindi. Masalan, A. Malikovning mazkur ishida o‘rin olmagan, biroq Zarafshon vohasining bir qator tumanlari (Payariq, Bulung‘ur, Narpay, Pastdarg‘om)da muayyan bir joy nomi sifatida uchraydigan “Ingichka” toponimining aslida yozma manbalarda o‘zbek urug‘laridan biri nomi sifatida uchraydigan etnonim47 asosida shakllangan etnotoponim ekanligi aniqlandi. Shuningdek, Ingichka nomli aholi maskani Zarafshonga qo‘shni Jizzax viloyatida ham uchrashi diqqatga sazovordir.
Aytib o‘tish zarur, ushbu etnotoponim bir qator qardosh xalqlarda uchrab, qo‘shni Qozog‘istonning Turkiston viloyatida (sobiq Janubiy Qozog‘iston viloyati) Qazig‘urt rayoni va Sharqiy Qozog‘iston viloyati Jarma rayonida “Jiңishke” nomli ovul (qishloq) bunga misol bo‘la oladi48.
Shu o‘rinda, garchi tadqiqotlari bevosita Zarafshon vohasini qamrab olmagan bo‘lsa-da, o‘z mazmuniga ko‘ra etnologik yo‘nalishda yozilgani va uslubiy jihatdan tadqiqotimizga yordam beradigan mohiyatga egaligi yuzasidan ayrim ilmiy izlanishlarga to‘xtalib o‘tishni lozim topdik. Jumladan, etnograf olimlar A. Qayumov, O. Bo‘riyev, M. Usmonov kabi tadqiqotchilar asosan o‘tgan asrlarda mamlakatimizning janubiy viloyatlaridagi etnik holatga to‘xtalgan bo‘lib49, ularning ishlarida keltirilgan o‘nlab atamalar (etnonimlar, etnotoponimlar, patronimlar va h.k.) Zarafshon vohasidagi ayrim joy nomlarining aynan etnotoponimi yoki aksinchaligi masalasini aniqlashda amaliy yordam berdi. Aytib o‘tish kerakki, Zarafshon vohasining janubiy qo‘shnisi bo‘lmish Qashqadaryo vohasi va nisbatan yaqin hududda joylashgan Surxondaryo vohalaridagi etnotoponimlarning katta bir qismi o‘rganilayotgan hudud etnotoponimikasi bilan yaqin o‘xshashlikka ega50. Jumladan, Boysun tog‘lari va atroflari, shuningdek, Qashqadaryo vohasidagi Dehqonobod va Qamashi tumanlarida o‘zbeklarning qo‘ng‘irot urug‘i bilan aloqador o‘nlab etnotoponimlar Zarafshon vohasida uchraydi. Shunga o‘xshash nayman, saroy, uyshun, qushchi, ming kabi bir qator urug‘ nomlari bilan ataluvchi aholi maskanlari har uchala vohada uchraydi.
Shuningdek, Zarafshon vohasiga shimoldan yaqin qo‘shni bo‘lgan Nurota vohasi toponimlari bo‘yicha ham bir qator ilmiy izlanishlar olib borilgan bo‘lib, ularda keltirilgan maʼlumotlar Zarafshon vohasi etnotoponimlarini aniqlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Amudaryo-Sirdaryo oralig‘i va unga tutash hududlarning ilk o‘rta asrlardagi etnosiyosiy holatini yozma manbalar va numizmatik materiallar asosida tadqiq etayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislardan biri tarixchi G‘. Boboyorov o‘z izlanishlarida Sug‘d vohasiga ham anchagina eʼtibor qaratgani ko‘zga tashlanadi. Asosan, Turk xoqonligi davrida Choch va Farg‘onada zarb qilingan qadimgi turkiy tangalar bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan ushbu tadqiqotchi Sug‘d, xususan, Samarqand va Panch (Panjikent) tangalarida ham bir qator turkiy unvonlar uchrashini aniqladi51. Jumladan, Samarqand tangalarida sug‘diy yozuvda “Turon hukmdori”, “Turon hukmdori Xoqon”, Panch tangalarida esa “Xotun”, “Bilga” kabi qadimgi turkiy unvon va epitetlarning uchrashini aniqlagan G‘. Boboyorovga ko‘ra, Samarqand tangalarida “Turon” toponimining o‘rin olishi ilk o‘rta asrlardagi etnosiyosiy voqeliklar bilan chambarchas bog‘liqdir. Tadqiqotchining fikricha, VI –VIII asrlarda Sug‘d va atroflarida turkiy etnoslarning siyosiy jihatdan mavqe ortgan bo‘lib, Samarqand, Panch, Ustrushona, Naxshab va Buxoroda turkiy va turkiy-sug‘diy aralash sulolalar tashkil topgan52. Jumladan, VII –VIII asrlarda Samarqandda To‘nga, Tarxun, G‘urak, Turg‘ar kabi hukmdorlar, Panchda Chakin Cho‘r Bilga, Ustrushonada Qorabo‘g‘ra, Buxoroda El-tegin, Tudun (Bidun) kabi turkiy ism va unvonlarga ega boshqaruvchilar hukm yuritishlari bilan birga turkiy qiyofali hukmdor boshi, tamg‘a va turkiy unvon bilan zarb qilingan tangalarning ko‘plab topilishi bu fikrni tasdiqlaydi53.
O‘zbekistonlik arxeologlardan A. Berdimurodov, S. Raimqulov va yana qator olimlar voha toponimikasini o‘rganishda katta yordam beradigan bir necha ilmiy ishlarni amalga oshirdilar. Jumladan, S. Raimqulov o‘zining “Katta Sug‘d: tarix va bugungi zamon” nomli monografiyasida Zarafshon havzasidagi o‘nlab qadimiy aholi maskanlarining joylashuv o‘rni, nomlanishi, arxeologik topilmalari, voha hayotidagi o‘rni kabi masalalarga eʼtibor qaratgan54. Shu jihatdan olganda, tadqiqotchi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar voha etnik tarixi va etnotoponimiyasini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xullas, Zarafshon vohasi etnotoponimlarining o‘rganilishi masalasiga sovet va mustaqillik davrlarida, shuningdek, xorijda o‘rganilishi bilan qisqacha tanishib chiqish shundan darak beradiki, bu sohada bir qator ilmiy ishlar amalga oshirilgan va muayyan yutuqlar qo‘lga kiritilgan. Xususan, Zarafshon vohasi joy nomlarining tarixiy ahamiyati, qariyb ikki ming yil davomida vohada kechgan ijtimoiy-siyosiy va etnomadaniy jarayonlar yoritilib, bugungi kunda vohada yashovchi aholining shakllanishida asosiy rol o‘ynagan omillar ko‘rsatib berilgan. Zarafshon vohasi aholisining etnogenezi va asosiy etnik jarayonlarni ushbu tadqiqotchilarning ilmiy fikr-mulohazalari va xulosalarini yaxlitlaydigan bo‘lsak, ularning ko‘pchiligi Zarafshon vohasining eng qadimgi aholisini sharqiy eroniy tilli sug‘diylar deb hisoblashadi. Ularning fikricha, vohada turkiy aholining paydo bo‘lishi asosan Turk xoqonligi davriga to‘g‘ri keladi. Zarafshon vohasida turkiy aholining ko‘pchilikni tashkil qila boshlashi esa o‘rta asrlarga, xususan, vohada Qoraxoniylar, Temuriylar, Shayboniylar va Buxoro amirligi hukmronligi davri bilan aloqalidir. Vohada turkiy toponim, shu jumladan, etnotoponimlarning uchray boshlashi ham asosan aytib o‘tilgan turkiy sulolalar davri bilan bog‘liqdir. Bu taxlid fikrlar nafaqat xorij tadqiqotlarida, balki o‘zbekistonlik tarixchi va filolog olimlarning ilmiy ishlarida ham ustivorlik qiladi.
Bu kabi yondashuv va fikr-mulohazalarda jon borligini taʼkidlagan holda aytib o‘tish kerakki, Zarafshon vohasining eng qadimiy aholisi va u bilan bog‘liq toponimlarning shakllanishini sug‘diy (sharqiy eroniy)lar bilan bog‘lab, vohada turkiy elementlarning uchray boshlashini asosan Turk xoqonligi bilan, turkiy toponimlar shakllanishini esa o‘rta asrlar bilan aloqador, deb hisoblash o‘zini to‘laqonli oqlamaydi. Chunonchi, Turk xoqonligidan ancha oldingi asrlarda ham Amudaryo-Sirdaryo oralig‘ining boshqa hududlarida bo‘lganidek, Zarafshon vohasida ham qadimgi turkiy (yoki prototurk) elementlar uchrab, ular mintaqadagi jarayonlar, shu jumladan, Zarafshon vohasi etnomadaniy jarayonlarida muayyan iz qoldirganlar55. Avvalo, miloddan oldingi bir mingyillikning so‘nggi asrlaridan boshlab voha bir muddat Qang‘ davlati va Kushon saltanati nufuzi ostiga kirgan edi56. Har ikkala davlatning boshqaruvchi toifasi u yoki bu darajada qadimgi turkiy (yoki prototurk) elementlarga ega bo‘lib57, bu holat mintaqaning etnik tarixiga o‘z taʼsirini o‘tkazmasdan qolmagan. Bundan tashqari, Turk xoqonligidan birmuncha oldin mintaqa etnosiyosiy hayotiga kirib kelgan Xionitlar, Kidaritlar va Eftalitlar kabi siyosiy uyushmalar Zarafshon vohasida ham o‘zlaridan birmuncha iz qoldirgan edilar. Bugungi kunda ushbu sulolalardan hech bo‘lmaganda ikkitasining – Xionitlar va Eftalitlar boshqaruvchi toifasining turkiy tilli bo‘lganligi masalasi anchagina o‘z tasdig‘ini topgan58.
Do'stlaringiz bilan baham: |