JANUBIY KOREYa TA`LIM TIZIMI
Janubiy Koreyada zamonaviy ta`lim tizimining qaror topishi 1945 yillardan, ya`ni mamlakatning yapon hukmronligidan ozod bo`lgan vaqtidan boshlanadi. 1945 yildan 1970 yillargacha ta`lim tizimi ayniqsa jadal rivojlandi. 1950–1953 yillardagi Koreya urushi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy yo`qotishlar va vayronagarchiliklarga qaramay Janubiy Koreya savodsizlikni tugatishga qat`iy kirishdi.
1968 yilda qabul qilingan Milliy ta`lim xartiyasi koreys xalqi mentaliteti va vatanparvarligining o`ziga xos tomonlarini ayniqsa yorqin ifoda etadi. Xartiyaga muvofiq milliy ta`lim millatni jipslashtirishga, tarix va an`anlariga hurmat bilan qarashga, qadriyatlarni ulug`lashga, millatni yanada kuchliroq qaror topishiga va umuman, xalqning farovonligini ta`minlashga yaqindan yordam beradi va asos bo`lib xizmat qiladi. Ta`limga bu kabi munosabatda bo`lish, koreys xalqi uchun tabiiy bir holatdir va aynan mana shu holat mamlakatning muvaffaqiyati uchun kafolat bo`lib xizmat qiladi.
Koreya ta`lim tizimi muayyan bir xillikka ega bo`lish bilan bir qatorda, alohida maktablar uchun mahalliy va milliy dasturlar doirasida davlat ta`lim standarti doirasidan chekinishga ruxsat beradi. Davlat ta`lim dasturi davriylikka ega bo`lib, ta`limga bo`lgan talabdan kelib chiqqan holda, jamiyatning dunyoqarashlari va yangi fanlarning yuzaga kelishiga bog`liq ravishda o`zgarib turadi. Ta`lim dasturi standartlari maktablar uchun o`quv mazmunini aks ettiruvchi va rahbarlarning o`quv dasturlari ishlab chiqishi uchun asos bo`lib xizmat qiladi. Hukumat milliy va ijtimoiy talablarni qondirish maqsadlarida, shuningdek, ilmiy tadqiqot ishlanmalari bo`yicha turli ko`rsatkichlarni e`tiborga olgan holda, shu kungacha davlat dasturiga yetti marotaba o`zgartishlar kiritdi. “Yettinchi dastur” 1997 yilning dekabr oyida joriy etilgan. Yangi globallashuv davri va modernizatsiyalashuv asrida har taraflama mukammal inson resurslarini kamol toptirish maqsadida Yettinchi dastur eskicha ta`lim metodlaridan voz kechib, yangi mukammal ta`lim tizimini yaratishga intildi. Har bir fan bo`yicha talabalarning individual xususiyatlarini inobatga olgan holda, ta`lim berish metodlari ishlab chiqildi. Bunda talabalarning mustaqil bilim egallashiga, ularning dunyoqarashlarini yanada kengaytirishga katta e`tibor qaratildi.
Shunday qilib, Yettinchi dastur talabalarning individual talanti, ijodiy kuchi, mustaqillikka intilishlarini inobatga olishi bilan avvalgi dasturlardan farq qiladi. Bunda shaxsning mustaqilligiga ijodiy kuch uchun poydevor sifatida qaraladi.
Yettinchi dastur ikki qism: umumiy va maxsus qismlardan iborat. Yangi dastur bo`yicha o`rta maktab o`n yillik bo`lib, keyingi 11- va
12-sinflarda ta`lim oluvchilar kelgusida egallaydigan kasblari bo`yicha ixtiyoriy tanlov asosida maxsus tayyorlov kurslarida ta`lim oladilar.
Milliy dastur doirasida pedagoglar uchun maxsus o`quv rejalari ham ishlab chiqilgan. O`rta maktab doirasida o`qitiladigan fanlar majburiy va qo`shimcha darslarga ajratiladi. Oliy maktab va universitetlarda maxsus fanlar o`qitiladi. Maktablarda ba`zi fan sohalari bo`yicha chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi.
Davlatning ta`lim sohasini rivojlantirish bo`yicha amalga oshirgan islohotlari natijasida Koreya Respublikasi ba`zi bir ko`rsatkichlar bo`yicha jahonda yetakchi o`rinlarni egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |