Ta’lim sifati uchun barcha birdek mas’ul
Xidirova Nigora Oblanazarovna
Sidaryo viloyati Xovos tumani XTB
tasarrufidagi 16- umumiy o'rta ta'lim maktabi
Oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
Bugungi kunda, ta’lim sifatiga juda katta e’tibor qaratilayotgan vaqtda bir savol tug‘iladi. Maktablarda ta’lim sifati uchun javobgarlik faqat ta’lim muassasasining, aniqroq qilib aytganda, faqat o‘qituvchining bo‘ynidami?!Hozirda maktablardagi maqtanishga arzigulik bo‘lmagan samaradorlik uchun faqat o‘qituvchilar javobgarlarmi?
Menimcha yo‘q. Men shu o‘rinda bu masalaga aloqador bo‘lgan yana ikkita davlat tashkilotlarini aytib o‘tmoqchiman. Xo‘sh, bu qaysi tashkilotlar dersiz. Bular ish faoliyatlari bevosita ta’lim tizimiga ta’sir o‘tkazuvchi mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda shahar va tuman tibbiyot birlashmalari.Tibbiyot birlashmalari faoliyatining ta’lim sifatiga ko‘rsatayotgan ta’siri alohida bir mavzu.Ushbu maqolamda mahalla fuqarolar yig‘inlari haqida so‘z yuritmoqchiman.
Bundan bir necha yillar oldin,maktab direktori vazifasida faoliyat yuritgan vaqtlarimda vaziyat shu darajaga borib yetgan ediki, mahalla fuqarolar yig‘inlari ta’lim muassasalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshkarishga vakolatli organ darajasiga chiqqan edi. O‘sha vaqtda biz, maktab direktorlari topshiriq bo‘yicha qishloq fuqarolar yig‘ini raisi kunning qaysi vaqti chaqirsa, uning huzuridagi yig‘ilishga borishimiz, o‘zimizga tegishli bo‘lgan bir-ikki dakkini eshitish uchun ba’zida uch-to‘rt soatlab mahalla idorasida o‘tirishimiz kerak edi. Yig‘ilishda qattiq tanqidga olingan direktorlarning aksariyati, har haftada topshirishimiz kerak bo‘lgan ma’lumotni topshirmaganlar bo‘lardi. Holbuki, bu ma’lumotnomalar ta’lim sifatiga umuman aloqasi yo‘q,bir haftada falon dona ko‘chat ekdim, fasadni falon joyini ohak qildim,falon sotix yerni obodonlashtirdim va hokazo kabi ma’lumotlar bo‘lardi. Sezib turgandirsiz bular haftasiga bajariladigan ishlar emas. Qilmagan ishini yozib kelolmagan direktorlar yig‘ilishda "tuz"lansa, bir amallab biror betni qoralab kelganlarning ahvoliga ham havas qilib bo‘lmasdi. Mavsumda bir marta, ana boring oyda bir marta bajargan ishini hafta sayin qayta-qayta yozilayotgani bilan qiziqadigan biror inson yo‘q. Hujjati bir-ikki o‘qilib,ikkita imloviy xato topilib, ertaga qaytadan yozib kel, deb oldiga tashlanganda direktorning ahvolini tasavvur qilib ko‘ring.
Nechta bitiruvching institutga kirdi,nechta o‘quvchingni oilasida muammosi bor, mahallaga aytadigan qanaqa darding bor, deb so‘rash o‘rniga, yolg‘onligini juda yaxshi biladigan ma’lumotlarni papkalarga tikishga vaqt sarflashardi.
Bugun zamon o‘zgardi. Qaysi illatlarimiz o‘z oyog‘imizga tushov bo‘lib yotganini yaqqol ko‘ryapmiz. Maktablarimizning faqat kog‘ozlarda obod ekanligi, hakikiy ahvol, ta’bir joiz bulsa, ayanchli bo‘lganligini bugun yaxshi bilamiz.Endi faqat ustini yaltiratib ichiga bir ko‘z tashlashni o‘ylab ko‘rilmaydigan zamonlar o‘tdi.Ye’tiborimizni ta’lim muassasasida yaratilishi kerak bo‘lgan shart-sharoitlarga, unda mehnat qilayotgan insonlarga, ta’lim-tarbiya olayotgan farzandlarimizga qaratishimiz kerakligini tushunib yetyapmiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yilning 24-yanvardagi Oliy majlisga murojaatnomasida buyuk allomalarimizdan quyidagilar iqtibos qilib keltirildi:
Eng katta boylik - bu aql-zakovat va bilim.
Eng katta meros-bu yaxshi tarbiya.
Eng katta qashshoqlik- bu bilimsizlikdir.
Ayni haqiqat! Zero,bugungi kunda ertamiz egalari bo‘lgan farzandlarimizning hayotda o‘rnilarini topishlari,vatanimiz rivoji uchun hissa qo‘sha oladigan inson bo‘lib yetishishlarida bilimdan o‘zga najotkor yo‘q!
Farzandlarimizga raqobardosh bilim berishda esa har bir davlat tuzilmasi kabi mahalla fuqarolar yig‘inlari ham mas’uliyatni zimmalariga olgan holda ta’lim muassalari bilan hujjatlarda emas,amalda hamkorlik qilishlari,oilalardagi muammolarni chuqur o‘rganib ularga yechim topishlari lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |