Boshlang‘ich sinflarda matematika darsiga tayyorlanish.
Matematika darsiga tayyorlanishda birinchi navbatdagi mavzu bir tizimga keltirilgan darslarning o‘rnini ko‘rsatish zarur. Undan keyin o‘quvchilarga yangi dars materiali yuzasidan ishga qanday me’yorda tayyorlanganligini, buning uchun nimani takrorlash zarurligini aniqlash zarur.
Darsga tayyorlanish uchun o‘qituvchi matematika dasturini, ishchi rejasini, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini, metodik adabiyotlarni va ko‘rsatma qurollarni hozirlagandan keyin navbatdagi darsga tayyorgarlikni boshlaydi. Eng avvalo, navbatdagi dars matematika dasturida qaysi o‘rinda, qaysi mavzular bilan bog‘liq holda, tushunchani nimalarga bog‘lab tushuntirish kerakligini aniqlaydi. Bu savollarning hammasi bayon qilinganidan keyin darsning asosiy didaktik maqsadini va uning tipik xususiyatini qat’iy aniqlash kerakligi kelib chiqadi. Bu esa darsning mazmunini aniqlashga yordam beradi. Darsning didaktik maqsadida ushbu mazmunidan ularga darsning strukturasi bog‘liqligi kelib chiqadi, ya’ni darsning alohida bo‘limlarining birlashashi, ularning organik birligi darsning qismlarini to‘ldiradi va bir-birini bog‘laydi. Darsning rejasini tuzishda mavzuning didaktik maqsadiga javob beruvchi asosiy qismlarni o‘ylab tuzishdan boshlash kerak. Agar u dars yangi bilimlarni bayon qilishdan iborat bo‘lsa, masalan: uch xonali sonlarni yozma qo‘shish haqidagi mavzu bo‘lsa, o‘qituvchi
oldin o‘quvchilarga qay holda, yozma qo‘shish algoritmini bayon qilishni, undan keyin esa o‘tgan darsdan nimalarni takrorlash kerakligini, bu asosda yangi mavzuni yaxshi o‘zlashtirish mumkinligini, ya’ni, mavzudan oldin uy vazifasini tekshirish zarurmi yoki yo‘qmi, yangi mavzuni o‘zlashtirish uchun o‘quvchilarga qaysi topshiriqni tavsiya qilishligini o‘ylab ko‘rishi kerak. SHundan keyin o‘qituvchi qaysi o‘quv materiali bilan darsning har bir bo‘limining strukturasini to‘ldirish zarurligini, o‘qitishning qaysi metod va usullarini, qanday ko‘rgazmalar tayyorlash va qo‘llash mumkinligini hisobga oladi.
Darsning har bir bo‘limini bajarish uchun qancha vaqt talab qilishni aniqlash zarur. Tabiiyki, darsning eng katta qismi darsning asosiy didaktik maqsadini yechadigan bo‘limga qaratilishi zarur.
Darsga tayyorgarlik ko‘rishda darsda o‘quvchilarga beriladigan vazifani bajarish usularini ko‘rsatish, ya’ni misol va masalalarni yechib qo‘yish, sxematik yozuv va grafik ishlarni tayyorlash, o‘qituvchining o‘zi uchun foydalidir. Darsning maqsadi, uning strukturasi va mazmuni aniqlangandan keyingina darsning rejasi tuziladi.
Darsning rejasida uning mavzusi va asosiy didaktik maqsadi, foydalaniladigan ko‘rgazma qurollar va uni jihozlash ko‘rsatiladi. Tartib bo‘yicha dars bo‘limlarining strukturaviy nomi va uning mazmuni, mumkin qadar vaqtning taxminiy bo‘linishi ham ko‘rsatiladi.
Dars ishlanmada texnologik xarita mumkin qadar to‘laroq yoritiladi. Suhbatni olib borishga yordam beradigan savollar o‘quchilarga havola etiladi va o‘quvchilardan kutadigan javoblar uchun o‘quv ishining metod va usullari yoziladi.
Misol va masalalar yechishga oid tavsiya va ko‘rsatmalar beriladi.
Shunday qilib o‘qituvchi quyidagi ishlarni bajarishi lozim:
O‘quv dasturi va o‘qituvchi rejasida darsning o‘rnini aniqlash.
Darsning asosiy didaktik maqsadini aniqlash.
Dars mazmunini aniqlash.
Dars bosqichlarini tuzib chiqish.
Dars rejasini tuzish.
Dars ishlanmalar (konspektini) tuzish.
Dars o‘tish metodlarini aniqlash.
Har bir bosqichga sarflanadigan vaqtni aniqlash.
Darsda va uyga beriladigan misol va masalalarni yechib chiqish.
Ko‘rgazma qurollarni tayyorlash va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |