XITOY XALQ RESPUBLIKASINING AGRAR SOHANI ISLOH QILISH TAJRIBASINI MAMLAKATIMIZDA QO‘LLASH IMKONIYATLARI MUHOKAMA QILINDI
2019-yilning 10-sentabr kuni Toshkent shahrida “Xitoy Xalq Respublikasining qishloq xo‘jaligini isloh qilish bo‘yicha tajribasi va uni O‘zbekiston Respublikasida qo‘llash imkoniyati” mavzusida O‘zbekiston-Xitoy xalqaro konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xitoyning ochiqlik islohotlari siyosati 40 yilligi va Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonning yangilangan ichki va tashqi siyosatini ilgari surish tajribasiga bag‘ishlandi.
Anjumanda XXR Xalq vakillari Umumxitoy majlisi delegatsiyasi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi parlamenti a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar ekspertlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, agrar siyosat muammolarining xalqaro darajada muhokama etilishi ushbu masalaning muhim ahamiyati va bu borada turli davlat doktrinalarini qo‘llash imkoniyatlari mavjudligidan darak beradi. Zero, oziq-ovqat xavfsizligi keyingi yillarda eng muhim strategik omillar qatoriga qo‘yilmoqda.
Xitoy agrar sohani isloh qilishning o‘ziga xos yo‘lini tanladi. Bunda mavjud jamoat tizimini o‘zgartirish emas, balki uning kamchiliklarini bartaraf etish vazifasi qo‘yilgan. Sub'yektlarning xatti-harakatlari esa iqtisodiy taraqqiyotning asosiy kuchiga aylandi. Bu yo‘nalishlardagi o‘zgarishlar samaradorligini tekshirish va nazorat qilishning qat’iy va ta’sirchan vositasi bozor hisoblanadi.
Aynan shu nuqtai nazardan qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan yutuqlarga erishgan mazkur dunyodagi eng yirik mamlakatning tajribasi e’tiborga loyiq. Anjumanda so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, Xitoy agrar tarmog‘idagi islohotlar muvaffaqiyati boshidan dehqonlarning mulk hissini rivojlantirish, shaxsiy manfaatdorligini rag‘batlantirish, demakki mas’uliyatini oshirishga asoslangan. Shu munosabat bilan Xitoy qishloqlarida olib borilgan islohotlar va taraqqiyotning asosiy qoidalari va bu yo‘nalishda to‘plangan tajriba bartafsil muhokama qilindi.
Ilg‘or tajribani O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, ta’kidlandiki, mamlakatimiz agrar sohada ulkan salohiyatga ega. Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish, bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek mahsulotni qayta ishlash tizimi va qo‘shilgan qiymatni shakllantirish zanjirini yanada takomillashtirishda sezilarli muvaffaqiyatga erishildi.
Hozirgi vaqtda bu sohadagi o‘zgarishlarning yangi bosqichi belgilab olindi, uning muhim vazifasi uzoq istiqbolga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishdan iborat. Shu maqsadda asosiy o‘sish marrasi, iqtisodiyotning drayveri sifatida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini 2020-2030-yillarda rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Natijada minglab yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi, aholi daromadlari ortadi. Bu jarayonda rivojlangan mamlakatlar, xususan Xitoyning ilg‘or tajribasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Agrar tarmoqda innovatsion texnologiyalarni joriy etish anjuman davomida urg‘u berilgan yana bir jihat bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish XXR iqtisodiy siyosatining eng muhim vazifalaridan sanaladi. Agrar tarmoq va qishloq hududlarini muvaffaqiyatli isloh qilish 40 yil mobaynida Xitoyni yem ekinlari, chorvachilik mahsulotlari, meva-sabzavotchilik kabi qishloq xo‘jaligi asosiy mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha jahon yetakchisiga aylantirdi.
Iqtisodiyotning agrar sektorini modernizatsiya qilishning asosiy omillari fan va texnologiyalar bo‘lib, bu sohaga innovatsion yechimlarni joriy qilishning fundamental asosi hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni axborotlashtirish va intellektuallashtirish tufayli agroinnovatsiyalarni joriy etishda katta muvafaqiyatlarga erishildiki, ular oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va mirishkorlarning daromadlari ortishida muhim o‘rin tutadi.
Agrar tarmoqni rivojlantirish borasidagi Xitoy tajribasini qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqilar ekan, anjumanda suv xo‘jaligi faoliyatini yaxshilash masalasiga alohida urg‘u berildi. Ta’kidlanganidek, suv resurslari cheklanganligi muammosi ham Xitoy, ham Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan O‘zbekiston uchun dolzarb. Shu ma’noda Xitoy amaliyotida sinalgan sug‘orishning samarali usullari anjuman ishtirokchilarining katta qiziqishini uyg‘otdi, ular pirovardida qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.
Anjuman davomida ko‘rib chiqilgan mavzuga doir boshqa masalalar ham muhokama etildi. Ilmiy innovatsiyalar va Xitoy qishloq xo‘jaligini ekologik jihatdan rivojlantirishga, agrar sohada ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi innovatsion biotexnologiyalar, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasini monitoring qilish tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etish shular jumlasidandir.
Shuningdek, Xitoydagi erkin savdo hududlarini rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning turli jihatlari, erkin iqtisodiy zonalarning O‘zbekiston mintaqalari iqtisodiy rivojidagi o‘rni ham ko‘rib chiqildi.
Anjuman yakunida tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, qabul qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |