Tuproqqal’a – Ellikqal’a tumani hududida joylashgan, to’g’riburchak shaklda, umumiy maydoni – 17 ga: Tuproqqal’a yodgorligining qurilishi tarixi masalasida turli fikrlar mavjud. Tuproqqal’ada eng qadimiy madaniy qatlamgacha tadqiqot ishlari olib borilgan emas, shuning uchun ham uning qurilish xronologiyasi munozarali bo’lib qolmoqda. Bizningcha yodgorlik mil.av. IV asrda qurilgan bo’lsa kerak. Vazamar davrida Tuproqqal’a Xorazmshoxlarning yozgi qarorgohi, poytaxt esa Akshaxon qal’asi bo’lgan. Shahar darvozasi janub tomonda joylashib, to’g’riburchakli labirint bilan mustahkamlangan, kungurga ega emas. Darvozadan qarshi tomonda kengligi 10 m ko’cha o’tgan bo’lib, ichki qismini ikki mahallaga ajratgan uy-joylar zich joylashgan. Shaharning shimoliy-g’arbiy qismida saroy joylashgan, uchta kungur bilan mustahkamlangan. Saroyning maydoni 6,5 ming m2. Saroyda bir necha «Katta zallar» ochilgan bo’lib, ularning devorlarida turli haykal tasvirlari tushirilgan, topilgan ashyolarga qarab uy xonalari «Podsho zali», «Askar zali», «Bug’u zali» nomini olgan. Saroy xonalaridagi katta ahamiyatga ega bo’lgan ashyolardan biri teri va yog’och taxtachalarga yozilgan 120ga yaqin podsholik arxiv xujjatlari olinganligidir.
Ichanqal’a to’g’riburchak shaklda, umumiy maydoni 26 ga. Qadimda ikki qatorli mudofaa devor bilan o’rab olingan, devor o’z navbatida aylana shakldagi kunguralar bilan o’rab olingan, ular o’rtasidagi oraliq – 30 m.
Shaharning paydo bo’lishi va rivojlanish tarixini o’rganish maqsadida M.Mambetullaev shaharning bir necha joyida tadqiqot ishlarini olib bordi, natijada 10 ta qurilish davri mavjudligi aniqlandi.
Mudofa devorining etti joyida kesish ishlari olib borilib, natijada devor qurilishi tarixi oydinlashdi.
I–qurilish davrida ikki qatorli devor paxsadan qurilib, uning balandligi – 0,85 m, yo’lak kengligi – 2,50 m. Bu qurilish davri miloddan avvalgi VI-V asrlarga oid, II–qurilish davrida paxsa devor ustiga xom g’ishtli devor tiklangan, hajmi (40x40x10 sm, 41x41x12 sm) yo’lak kengligida o’zgarish sezilmaydi, qo’sh devor ko’tarilishi davom etadi, tashqi tomondan qo’shimcha devor qurilishi olib borilgan, natijada devor qalinligi 7 m bo’lgan (mil.av. IV-III asrlarga oid).
III–qurilish davri – Xivada madaniy hayot yuksaladi, g’arbiy devor markazida ark qad ko’taradi, bu rivojlanish milodiy IV asrgacha davom etadi. Tashqi tomondan devorga qo’shimcha devor qurilishi davom etib, uning qalinligi 9 metrga etadi. Tashqi devordagi kungurda ham ta’mir ishlari olib borilgan, natijada to’g’riburchakli kungur aylana shaklga aylanib qolgan. Demak, antik davrda Ichanqal’a savdo hunarmandchilik markazi bo’lishi bilan birga harbiy chegara vazifasini ham bajargan.
Do'stlaringiz bilan baham: |