Turli shakldagi tokli o’tkazgichlarning magnit maydonini hisoblash
Magnetizm sohasidagi buyuk kashfiyotlar magnetizm bilan elektr o‘rtasidagi
bog‘lanishning ochilishi bilan bog‘liq. 1802-yili italiyalik fizik Ramanozi magnit
strelka Volt ustuniga (galvanik elementning bir turi) yaqinlashtirilganda ozgina
burilishini sezdi. Lekin bu hodisa faqat elektr tok o‘tayotganida bo‘lishini sezish
unga nasib etmadi.
Daniyalik olim Gans Xristian Ersted ham tabiat hodisalari orasida
bog‘lanishlarni izlar edi. Elektr va magnit hodisalar orasidagi bog‘lanishlarni
aniqlagan olim, 15 fevral 1820-yili talabalar oldida tajriba qo‘yadi. Kutilayotgan
natijani e’lon qilib (Ersted shunday yozadi), Volt ustuni qutblarini o‘tkazgich
orqali birlashtirganda o‘tkazgich yoniga o‘rnatilgan magnit strelka o‘tazgich tomonga burildi. Magnit va elektr hodisalar orasida ko‘plab fiziklar izlagan
bog‘lanish ana shunday aniqlandi: Ersted elektrdan magnetizmni hosil qildi. Bir necha oydan so‘ng, tajribalarni kuchliroq tok manba’si bilan takrorlagan Ersted
yangilik haqida yozadi. Yangilikning yana bir tomoni shunda ediki, Ersted magnit
maydonni tokka, o‘tkazgichga tik ekanligini, maydon aylanma ekanligini
tasvirlaydi. Tajribani o‘zidan tashqari uni kuzatgan hurmatli janoblarni birma-bir
sanab o‘tadi. Magnit maydonni bunday xarakterini ilm ahli qabul etishi oson
emasdi. Quyidagi rasmlarning birinchisida toksiz o‘tkazgich magnit strelkaga
parallel joylashtirilgan (strelkaning bu holati Yerning magnit maydoni bilan
aniqlanadi). O‘tkazgichdan tok o‘ta boshlashi bilan strelka o‘tkazgichga tik
yo‘nalishga burilishi kuzatiladi. Magnit hodisalarda ta’sirlashuvni uzatuvchi moddiy borliq – magnit maydon
deb ataladi. Magnit maydon harakatlanuvchi zaryadlar tomonidan hosil qilinadi va
harakatdagi zaryadlarga ta’sir etadi, qo‘zg‘almas zaryadlarga ta’sir etmaydi.
Magnit maydon ham zaryadlarning maydoni bo‘lgani uchun elektr va magnit
maydonlar orasida bog‘lanish bo‘lishini kutish mumkin, lekin bu bog‘lanish
aniqlanguncha olimlar yana katta izlanishlar olib borishiga to‘g‘ri keldi. Bu bog‘lanishlar topilguncha magnit maydon elektr maydondan farqli va mustaqil
maydon sifatida o‘rganildi. Magnit strelkalar bir-biriga yaqin qo‘yilsa, o‘zaro ta’sirlashib, qarama-qarshi
qutblari bir-biriga tortishadi. strelkaning shimoliy qutbi shimolni ko‘rsatishi –
Yerning janubiy magnit qutbi shimolda joylashishini ko‘rsatadi (Yerning geografik
qutbi bilan janubiy magnit qutbi ustma – ust tushmaydi, ular orasida deyarli ikki
ming km bor. Buning ustiga magnit qutb o‘z o‘rnini asta sekin o‘zgartirib boradi).
Magnit strelkani magnitlar va elektr toklarning maydonini o‘rganish uchun
foydalanganda, ularni maydonidan tashqari Yerning maydoni ham borligini
unutmaslik kerak.
Temir arralanganda temir qipiq hosil bo‘ladi. Uning zarralari huddi magnit
strelkalar kabi magnit xossalarga ega bo‘lib, magnit maydonlar tuzilishini –
strukturasini o‘rganishda foydalaniladi. 17.1-rasmda chiziqli va taqasimon
magnitlarning maydoni temir qipig‘i yordamida oshkor qilingan. Tajriba
quyidagicha olib boriladi. shisha yoki qog‘oz sirtiga qipiq sepilib, magnit tepasiga
olib boriladi. Maydon qipiqni joylashishiga ta’sir etadi. Qipiqning og‘irligi, o‘zaro
ishqalanishi to‘sqinlik qilmasligi uchun qog‘oz engil qimirlatib yuboriladi.
Natijada qipiq zarralarini magnit maydon chiziqlari bo‘ylab marjon kabi tizilib
turishini ko‘rib, maydon strukturasi aniqlanadi.