Bog'liq Global iqtisodiy rivojlanish Xonkeldiyeva G Sh , Muminova E A ,
10.2-rasm. Xo‘jalik faoliyati sohalaridagi iqtisodiy xavfsizlik turlari
Texnologik xavfsizlik mamlakat iqtisodiyotining ilg‘or texnika va texnologiya bilan jihozlanganligi hamda boshqa mamlakatlardan keltiriladigan texnologiyalarga qaram emasligini bildiradi. Shuningdek, fan va texnika yutuqlaridan foydalanish darajasini, intellektual, innovatsion va muhandislik salohiyatining himoyalanganligini ham aks ettiradi. Texnologik xavfsizlik mamlakat iqtisodiy qudratini aks ettirgan holda, o‘zining texnologiyasiga asoslangan, jahon bozorlarida o‘xshashi yo‘q, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda o‘z ifodasini topadi193. Uning asosiy ko‘rsatkichlari ilmtalab va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarilishida namoyon bo‘ladi.
Bugungi kunda jahon mamlakatlari iqtisodiy xavfsizligi tarkibiy qismi hisoblangan oziq-ovqat xavfsizligi mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Quyida iqtisodiy xavfsizlikning asosiy qismi bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligining o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Oziq-ovqat xavfsizligi bu – iqtisodiyotning shunday holatiki, bunda jahon bozorlari tebranishlaridan qat’i nazar, bir tomondan, ilmiy asoslangan ko‘rsatkichlarga mos miqdorlarda, ikkinchi tomondan, tibbiy me’yorlar darajasida iste’molni qondirish uchun shart-sharoit yaratilgan holda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash kafolatlanadi.
193 Кушлин А. Мировые технологические тенденции и экономическое переустройство России// Экономист, 1998, №7.;
Экономическая безопасность хозяйственных систем. Учебник. – М.: Из-во РАГА, 2001, - С. 410.
Oziq-ovqat xavfsizligiga erishishning asosiy maqsadi ichki va tashqi salbiy ta’sirga bog‘liq bo‘lmagan holda qayta ishlovchi korxonalarni xomashyo, aholini – oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdir. U hatto valyutaning yetishmasligi, chetdan mahsulotlarni olib kirishda embargo (boshqa mamlakatlar tomonidan to‘siqlar qo‘yish) narxlarning o‘sishiga hech bog‘liq bo‘lmagan bo‘lishi kerak.
Oziq-ovqat xavfsizligiga erishishning muhim shartlari:
har bir inson uchun oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli bo‘lishi (etarli miqdorda uning taklifi);
aholi barcha itimoiy toifalari, shu jumladan, kam ta’minlangan aholi tomonidan oziq -ovqat mahsulotlarini sotib olishning iqtisodiy jihatdan imkoniyati (iste’molchi talabining to‘lov qobiliyati);
me’yorda ovqatlanish uchun yuqori sifatli mahsulotlarni iste’mol qilishning yetarli miqdorda bo‘lishi.
FAO mutaxassislari fikriga ko‘ra, oziq-ovqat xavfsizligi jihatidan holat oziq- ovqat xavfsizligi omillari, ko‘rsatkichlari, ta’minot barqarorligi, ega bo‘lish imkoniyati va sog‘lomligi bilan belgilanadi.
Oziq-ovqat ta’minoti yo‘nalishida jahon hamjamiyati oldida turgan asosiy muammolar qatoriga quyidagillarni kiritish mumkin:
aholi o‘sish sur’atlarining yuqoriligi;
bir qator mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi sur’atlarining pasayishi;
rivojlangan mamlakatlar yordamining qisqarishi;
ocharchilikning avj olishi;
tabiiy resurslarning ozayishi;
jahon bozorlarida uzoq muddat qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga past narxning saqlanib turishi.
Butunjahon oziq-ovqat muammosi, ochlikka qarshi kurash va ular bilan bog‘liq bo‘lgan turli kasalliklar milliy davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ajralmas qismidir.
Ochlik va to‘yib ovqat yemaslikning an’anaviy muammolari daromadlar keskin tabaqalanishi sohasida: ijtimoiy planda – sinflar va jamiyatdagi tabaqalar o‘rtasida, tizimli-geografik - rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida keskin tus olmoqda. Shu bilan bir qatorda hozirda zamonaviy, yuqori texnologiyali va global taraqqiyot ovqatlanish muammosiga yangi jihatlarni qo‘shdi. Jumladan, rivojlangan mamlakatlar bo‘ylab «to‘kin-sochinlik paradoksi» harakatda bo‘lib, faol tarqatib kelinayotgan «tezkor ovqatlanish» transmilliy texnologiyalari (masalan, “Makdonalds”, “Kentukki chikens”, “Pitssa xot”) bilan bir qatorda noratsional ovqatlanish bilan kasalliklar, ortiqcha vazn va semirish, salomatlikka tahdid kuchayishi tarqalishi bilan birgalikda kechmoqda.
Agar XX asrning 70-yillarida jahon aholisining uchdan bir qismi to‘yib ovqatlanmagan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘ratkich 20%ni tashkil qiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining jahon savdosi hajmi uch baravar oshdi, shu bilan bir qatorda jahon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining o‘sish sur’atlari keyingi o‘n yillikda 3%dan 1,6% ga tushdi. Bunda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmi jahonning 90 ta mamlakati, jumladan, Afrikaning 44 ta mamlakatlarida pasaydi. Bu jahonda aholi soni yiliga 90-100 mln.kishiga oshib borayotgan va 795 mln.dan ortiq to‘yib ovqatlanmayotgan sharoitda yuz bermoqda (10.1-jadval).
Milliy darajada oziq-ovqat xavfsizligiga darajasining tahlili oziq-ovqat balansi (OOB) da, ya’ni mamlakatda oziq-ovqat mavjudligida aks ettiriladi. OOB muayyan davrda mamlakatda oziq-ovqat ta’minoti va inson iste’moli uchun mavjud oziq-ovqat miqdori va ularning ozuqaviy qiymatiga oid statistik ma’lumotlarning hisob-kitoblarini ta’minlaydi. Oziq-ovqat balansida oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va importga oid ma’lumotlar yig‘ilgan bo‘lib, mamlakatda oziq- ovqat va qishloq xo‘jaligi sharoitini hamda mamlakat qay darajada importga qaramligini (importga qaramlik ko‘rsatkichi) baholashga imkon beradi.