8.1-jadval
Bandlik modellari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari142
Bandlik modellari
|
Bandlik modellarining xususiyatlari
|
Bandlikning klassik nazariyasi
|
Aholining to‘liq bandligi muayyan bozordagi raqobat mavjudligining zaruriy sharti sifatida belgilanadi, bu esa yalpi talabning yalpi taklifga mos kelishiga asoslanadi.
|
Keyns modeli
|
Bandlik bozor mexanizmi tomonidan muvozanatga kelmaydi, balki u
davlatning ishsizlik va inflyatsiya darajasini tartibga solish bilan bog‘liq iqtisodiyotga aralashuvi natijasida barqarorlashadi.
|
Bandlikning industrial modeli
|
Moddiy ishlab chiqarish sohasining rivojlanishiga mutanosib holda sohada band bo‘lganlar miqdorining ortib borishi kuzatiladi.
|
Bandlikning postindustrial modeli
|
Moddiy ishlab chiqarish va unda ishlaydigan ishchilar ulushining pasayishi bir vaqtning o‘zida uning umumiy hajmi oshishiga olib keladi. Bandlikning moddiy ishlab chiqarishdan xizmatlar sohasiga ko‘chish jarayoni boshlanadi.
|
Bandlikning yangi modeli
|
Ishlab chiqarish an’anaviy omillarining roli o‘zgaradi. Bunda axborot va bilim alohida o‘rin egallaydi. Asosiy rivojlanish intellektual faoliyatga qaratiladi. Ushbu modelda ishlab chiqarish xizmatlari uchun yangi, yuqori malakali ish o‘rinlarini va aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq past malakali ish o‘rinlarini shakllantirish funksiyasini o‘z ichiga oladigan xizmat ko‘rsatish sohasi alohida o‘rin tutadi. Mehnat motivatsiyasi tizimi o‘zgaradi, “mehnat” tushunchasiga
nisbatan yondashuv o‘zgaradi.
|
Erkin bozor munosabatlarini shakllantirish jarayoni yuz berayotgan mamlakatimizda mehnat bozorini takomillashtirishda yuqorida ko‘rib o‘tilgan bandlik modellari mohiyatidan kelib chiqqan holda tashkiliy-iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirish milliy mehnat bozorining xalqaro mehnat bozoriga integratsiyasini tezlashtirish, bandlikka ta’sir etuvchi omillarni boshqarish samaradorligini oshirish hamda aholi bandligi samaradorligini oshirish imkonini kengaytiradi.
So‘nggi yillarda jahon miqyosida mehnat resurslari ba’zi mamlakatlarda ko‘payib, ba’zilarida, aksincha, kamayib borayotganini kuzatishimiz mumkin. Mehnat resurslarining miqdoriy o‘zgarishi bevosita bandlik masalalari dolzarbligini keltirib chiqarmoqda.
1820 yilda dunyo aholisi 1 milliard kishidan, 1960 yilga kelib esa 3 milliard kishidan iborat bo‘lgan, 2019 yilda 7,7 milliard kishiga yetdi. Shundan, Xitoy
142 Асракулов, А.С. Неформальная занятость и анализ факторов, влияющих на неформальную занятость в Узбекистане. // Региональная экономика: теория и практика, 2019. 17(12), 2328-2336.
aholisi 2017 yilda 1,4 milliard, 2019 yilda Hindiston aholisi 1,3 milliardni tashkil etadi. Shaharlarning tezda ko‘payib borayotgani ham bandlik tarkibiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Demografik jarayonlar natijasida jahonda aholi sonining keskin oshib borganligi, o‘z navbatida, aholi turmush farovonligini oshirish dolzarb masalalardan ekanligini ko‘rsatadi.
Aholining samarali bandligi ta’minlangan holatda esa turmush darajasini oshirish imkoniyatlari kengayib boradi. Demografik jarayonlar aholining mehnatda bandlik holatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda aholining o‘sishi yuqoridir, ayni vaqtda dunyoning ba’zi mamlakatlarida, jumladan, Yevropa mamlakatlarida aholining keksayishi kuzatilmoqda. Mazkur mamlakatlarda mehnat resurslariga nisbatan keksa aholi ulushi oshib borayotgani bandlikka ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.
Keksa aholi ulushi ko‘payishining sabablari:
Tug‘ilishning kamayishi, yoshlarning qisqarishi.
Umr ko‘rish yoshining oshib borishi.
Keksa aholi ulushining mehnatga layoqatli aholiga nisbatan oshib borishining oqibatlari:
Aholining iqtisodiy faolligi, mehnat unumdorligining pasayishi.
Aholi harakatchanligining pasayishi.
Pensiya jamg‘armasi mablag‘larini to‘laydigan mehnatga layoqatli aholi ulushining qisqarishi.
Davlat ijtimoiy xizmatlariga ehtiyojlarning ortishi.
Demografik vaziyat 2050 yilda dunyo aholisi 9,3 milliard bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Bu davrda har bir ayolga 2 nafardan farzand to‘g‘ri keladi. Osiyoda ayollar ko‘payishi kutilmoqda. Bu bilan 15 dan kichik yoshdagilarning o‘sishi barqaror bo‘lib qoladi.
BMTning prognozlariga ko‘ra, 2050 yilda dunyo aholisining yarmidan ko‘pi Osiyoda, 25 foizi Afrikada, 8,2 foizi Lotin Amerikasida, 7,4 foizi Yevropada, 4,7 foizi shimoliy Amerikada yashashi kutilmoqda. XXI asr boshidan buyon aholi o‘sishining 97 foizi rivojlanayotgan mamlakatlar, ya’ni Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi davlatlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Rivojlangan davlatlarda esa mehnatga layoqatli yoshdagi kishilar soni qisqarib boradi. Mazkur mamlakatlardagi demografik jarayonlar keksa yoshdagi aholi ulushining ko‘payishini iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir qilishi, natijada bir qancha ijtimoiyiqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishini ko‘rsatmoqda.
2017 yilda dunyo miqyosida band bo‘lganlarning o‘rtacha yoshi 40 yoshdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, 2030 yilga borib 41 yoshga yetadi.
Dunyo miqyosida ishsizlik darajasi birmuncha barqarorlashgan bo‘lsada, munosib mehnat turlari hali ham yetarlicha emasligi namoyon bo‘lmoqda. Bu esa dunyo miqyosida yangi ish joylarini yaratish jarayonini jadallashtirishni, qo‘shimcha choratadbirlarni qo‘llashni talab etadi.
2017 yilda dunyo miqyosida ishsizlik 192,7 mln. kishini tashkil etgani holda, 2016 yilga nisbatan 2,6 mln. kishiga ko‘paygan. 2017 yilda dunyo miqyosida ishsizlik darajasi 5,6%dan iborat bo‘ldi.
Dunyo miqyosida global muammolardan biri shundaki, rivojlanayotgan va rivojlanmagan mamlakatlarda yashayotgan ishchilarning aksariyati norasmiy bandlar toifasiga mansub bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tmagan firmalarda faoliyat olib bormoqdalar. Mazkur ish joylarining aksariyatida mehnat sharoiti talablarga javob bermaydi, ishchilar ijtimoiy sug‘urta qilinmagan.
Shuningdek, dunyo miqyosida rivojlanayotgan mamlakatlarning aksariyatida ishchilar mayda dehqon xo‘jaliklarida vaqtinchalik, barqaror ish haqi mavjud bo‘lmagan past malakali mehnat faoliyati bilan banddirlar. Buning natijasida ularning aksariyati bir nechta ish joylarida ishlashga majburdirlar. Shunday bo‘lsada, aksariyat hollarda ularning topgan mablag‘lari o‘zi va oilasi uchun munosib turmush darajasini ta’minlashga yetmaydi.
Dunyo miqyosida bandlik bo‘yicha dolzarb muammolardan biri norasmiy mehnatda bandlik oqimlarining kengayib borayotganligi, shuningdek, band bo‘lganlarning aksariyati ish joylari yetishmasligi sababli qisqartirilgan ish kunida, nobarqaror ish joylarida band bo‘lish bilan kifoyalanishga majbur bo‘layotganligidir.
2017 yilda dunyo miqyosida band bo‘lganlardan 1,4 milliard kishi barqaror bo‘lmagan ish joylari bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgan, 2019 yilda ularning soni yana 35 million kishiga ko‘payishi kutilmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlardagi ishchilarning to‘rtdan uch qismi barqaror bo‘lmagan ish joylarida band bo‘lgan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda «band bo‘lgan kambag‘allar» ulushining qisqarishi mehnat resurslarining o‘sishiga nisbatan sekinlik bilan bormoqda. Rivojlanayotgan davlatlarda esa ayollar past ish haqi evaziga ishlashga majbur bo‘lmoqdalar. 2017 yilda dunyo bo‘yicha 300 mln. kishi kuniga 1,9 dollar ish haqi evaziga mehnat qilishiga to‘g‘ri kelgan.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan demografik muammolar global miqyosda turli mintaqalar va hududlarda jahon mehnat bozoridagi barqarorlikni ta’minlashda o‘ziga xos yondashuvlar hamda chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |