3.5-rasm. Globallashuv jarayonlarining vujudga kelishi va rivojlanishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar
Xalqaro iqtisodiy munosabatlar ilk davlatlar bilan bir paytda ob’ektiv reallik sifatida paydo bo‘lgan keng ko‘lamdagi rang-barang aloqalar va munosabatlarning muhim tarkibiy qismini ifodalaydi. Uzoq tarixga nazar tashlar ekanmiz, qadimgi sivilizatsiyalar eramizdan avvalgi IV-III ming yilliklardayoq iqtisodiy sohada o‘zaro aloqalar olib borishganiga doir bir talay misollarga duch kelamiz, chunki ular xoh Qadimiy Misr yoki Shumer madaniyati bo‘lsin, xoh Hind vodiysi madaniyati yoki Shan-In davridagi Xitoy bo‘lsin, kelib chiqishining avtonomligi va geografik jihatdan ajralganligiga qaramasdan, bir-birlari bilan xo‘jalik munosabatlarini o‘rnatishga va ularni keyin ham davom ettirishga intilishgan35.
Juda ko‘p manbalar shundan guvohlik beradiki, ahyon-ahyonda tartibsiz tabiatdagi natural tovar ayirboshlash ko‘rinishidagi munosabatlar o‘rniga asta- sekin antik davr (eramizdan avvalgi I ming yillar - eramizning I ming yillarining o‘rtalari)ga xos bo‘lgan tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi asosidagi doimiy xo‘jalik aloqalari vujudga keladi.
O‘rta asrlarning boshlanishi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning ilgarilanma harakatida iqtisodiyotning yalpi naturallashuvi, mulkning korporativ-tabaqalangan tuzilmasi va ijtimoiy munosabatlarning sakralizatsiyasiga asoslangan orqaga
35 Nаzаrоvа G.G’., Sаliхоvа N.M. Jаhоn iqtisоdiyotining glоbаllаshuvi. / prоf. N.Х.Jumаеv tаhriri оstidа (o’quv qo’llаnmа). – TDIU, 2011 y. 8-11-bеtlar.
chekinishni keltirib chiqardi. Biroq shaharlarning o‘sishi va savdo-ssuda kapitalining rivojlanishi Buyuk jug‘rofiy kashfiyotlar ochilgan davrda mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy sohadagi aloqalarning misli ko‘rilmagan darajada kengayishiga va Yevropadagi yetakchi davlatlar: Ispaniya, Portugaliya, Gollandiya, Fransiya va Britaniyaning kolonial imperiyalari tashkil topishiga poydevor yaratdi.
Aynan ana shu omil, shuningdek, ishlab chiqarish, transport va aloqa vositalarida ulkan olg‘a siljishni ifodalagan XIX asrning oxiri - XX asrning boshlaridagi sanoat to‘ntarishi (inqilobi) zamonaviy ko‘rinishdagi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning shakllanishi uchun zarur bo‘lgan muhit sifatida global iqtisodiy makrotizimni yuzaga kelish jarayoniga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatdi. Shunday qilib, insoniyatni XIX-XX asrlar bo‘sag‘asida taraqqiyotning industrial davriga o‘tishi an’anaviy ko‘rinishdagi hududiy xo‘jalik tizimlari evolyutsiyasidan oldingi davrga yakun yasadi, jahon miqyosida Yevropa (aniqrog‘i, ingliz-amerika) bozor iqtisodiyoti modelining g‘alabasini ifodaladi.
Boshqacha qilib aytganda, bir tomondan, Yevropa, Shimoliy Amerika va, ma’lum darajada, Yaponiya milliy xo‘jaliklarini, ikkinchi tomondan, keng ko‘lamdagi mustamlaka periferiyalarni o‘z ichiga olgan jahon iqtisodiy kompleksi (majmuasi)ning yuzaga kelishi xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimining shunday ko‘rinishi tashkil topishiga olib keldiki, bu ko‘rinish shu holatda ma’lum o‘zgarishlar bilan hozirgi kunda ham mavjuddir. Albatta, o‘tgan o‘n yillik davr xalqaro iqtisodiy munosabatlar tabiati va tuzilmasiga ma’lum o‘zgartirishlar kiritdi. Mustamlakachilik imperiyalarining tugatilishi va rivojlanayotgan mamlakatlar (180 dan ortiq) deb atalmish guruhlarning vujudga kelishi natijasida iqtisodiy aloqalar uch iqtisodiy markaz, ya’ni AQSh, Yevropa, Yaponiya bilan Osiyo, Afrika hamda Lotin Amerikasidagi yosh davlatlar o‘rtasidagi aloqalar ko‘rinishini oldi. SSSRning tarqalib ketishi va sobiq sotsialistik mamlakatlarning tub ijtimoiy- iqtisodiy islohotlar yo‘liga o‘tishi rejali-buyruqbozlik xo‘jaligining samarasiz ekanligi va rivojlanishning bozor modeliga keng ko‘lamda o‘tish muqarrar
ekanligini namoyish qildi.
Va nihoyat, ixtisoslashuv va kooperatsiyaning chuqurlashuvi bilan birga kuzatiluvchi ishlab chiqarishning baynalmilallashuvi bir qator integratsion guruhlar, shuningdek, universal va ixtisoslashgan xalqaro iqtisodiy tashkilotlar paydo bo‘lishini rag‘batlantirdi.
Davlatlarning yopiq tipdagi xo‘jalik tizimi (avtarkiya)dan qutulishga intilishi haqida gapirganda, yetakchi mamlakatlar o‘z siyosatlarida global bozor makrotizimini qurishning asosiy sharti bo‘lgan barcha uchun barobar raqobat muhitini saqlash yoki yaratishni ilgari suruvchi «ochiq eshiklar» va «teng imkoniyatlar» tamoyillarini amalda qo‘llaganliklarini qayd etib o‘tish kerak.
Xalqaro mehnat taqsimotiga kelsak, iqtisodiy turmushning ushbu favqulodda hodisasi xo‘jalik taraqqiyotining ilmiy-texnikaviy tarkibiy qismi birinchi darajali ahamiyat kasb etganligi tufayli yangi sifatlarga ega bo‘ldi. Natijada, milliy iqtisodiyotlarning ixtisoslashuvi va kooperatsiyalashuvi jarayonida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan tabiiy-jug‘rofiy omil ikkinchi darajali bo‘lib qoldi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng transmilliy korporatsiyalar (TMK) nomini olgan xalqaro monopolistik guruhlar davlat chegaralarini kesib o‘tish orqali sayyoramizning barcha mamlakatlari va hududlari bo‘ylab menejment va marketingning yangi uslublarini tarqatish yo‘nalishida globallashuv jarayonlariga ta’sir etmoqda.
Xo‘jalik sohasida baynalmilal ayirboshlash mexanizmlari sezilarli darajada murakkablashdi - ko‘plab yangi huquqiy me’yor va tartiblar paydo bo‘ldiki, ular xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olindi hamda iqtisodiy masalalar bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama bitimlarda mustahkamlandi.
Oxirgi ellik yil davomida bir necha rivojlanish bosqichlarini, ya’ni avtomatlashtirish, kompyuterlashtirish, biologizatsiya kabilarni boshidan kechirgan ilmiy-texnikaviy inqilob global jahon bozorida tamomila yangi segmentning – axborotlar va texnologiyalar bozorining paydo bo‘lishiga olib keldi. Ushbu bozorning rivojlanish yo‘nalishlari bugungi kunda jahonning globallashuv markazlarining belgilanishiga asos bo‘lmoqda.
So‘nggi yillardagi alohida shaharlarning yiriklashuvi va ularda sanoat- moliyaviy guruhlarning faol harakati jahon iqtisodiyotining globallashuviga ta’sir etuvchi omillardan biriga aylanib bordi.
Globallashuv davrida shaharlar o‘zlarining yangi funksiyalarini namoyon etmoqda. Bu jarayonning mohiyati bir qancha yirik jahon markazlari hisoblangan shaharlarda eng muhim iqtisodiy, moliyaviy va siyosiy funksiyalarning jamlanishida ko‘rinadi. O‘tgan asrning oxirida “global shaharlar” deb ataladigan shaharlar paydo bo‘la boshladi. “Global shaharlar konsepsiyasi” mualliflari amerikalik sotsiolog va iqtisodchi S.Sassen-Koob (1991) va A.King (1990) hisoblanadi. Ularning fikriga ko‘ra, global shaharlar global iqtisodiy, moliyaviy va innovatsiyalarni boshqaruv markazlaridir.
Global shaharlarning eng yirik tadqiqotchilaridan biri, britaniyalik iqtisodchi P.Teylorning fikricha, global shaharlarning shakllanishi va rivojlanishi bu shaharlarning qandaydir o‘ziga xos xususiyatlariga emas, balki ular o‘rtasidagi kapital, mehnat, axborot, boshqaruv va boshqa resurslar oqimi harakatiga bog‘liq. Shuning uchun shaharning bu resurs oqimlarini o‘ziga jalb qilish qobiliyati muhimdir, aks holda u muqarrar ravishda o‘ziga raqobatchi bo‘lgan shaharlarga yutqazadi. Jahon shaharlari o‘rtasidagi munosabatlar qat’iy iyerarxik tuzilishga ega. P.Teylorning fikriga ko‘ra, dunyo shaharlari uch sinfga bo‘linadi: “α-alfa”, “β-
beta” va “γ-gamma” shaharlar. Iyerarxiyaning eng past o‘rnini γ-shaharlar egallaydi – ular sanoat, xom-ashyoni qazib olish va qayta ishlash bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan shaharlardir. β-shaharlar o‘z nazorati ostidagi γ- shaharlar hosil qilgan resurs oqimlarini qayta taqsimlaydi va α-shaharlar β- shaharlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Shu bilan birga, har bir shaharning juda aniq belgilangan mas’uliyati, o‘z maydoni bor va bu iyerarxik holatda iqtisodiy makonni kengaytirish yoki kamaytirish jarayoni juda sekin boradi.
Global shahar (“alfa shahar” deb ham yuritiladi) – global iqtisodiy tizimning muhim elementi hisoblangan shahardir. “Global shahar” atamasi quyidagi yo‘nalishlar asosida global ta’sirga ega bo‘lgan urbanizatsiyalashgan mintaqani anglatadi:
Shahar hududiy boshqaruv sifatini yaxshilash markazi, mamlakat va mintaqa uchun o‘sish nuqtasi hisoblanib, xalqaro sahnada “dunyo darvozasi” vazifasini bajaradi.
Shahar mintaqaviy va global iqtisodiy tarmoq tuzilmasining muhim elementi sifatida faoliyat ko‘rsatib, milliy va mintaqaviy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshiradi.
Shahar nafaqat o‘zi joylashgan mintaqaga, balki sayyoraning boshqa makro mintaqalariga, bu bilan esa sivilizatsiyaga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Zamonaviy dunyoda shaharlar mintaqaviy aloqa markazlari, global, mintaqaviy va hududiy darajadagi nufuzli iste’mol va elitalarning o‘zaro aloqalari markazlari sifatida harakat qiladi.
Zamonaviy global shaharlar rivojlangan va yuqori harakatchan ta’lim muhiti tufayli bilimlarni ko‘paytirish va yangi mutaxassislarni tayyorlash markazlaridir.
Global shaharlar – jahon iqtisodiyotiga yuqori darajada integratsiyalashgan markazlardir. Global shaharning asosiy mezonlari sifatida, bizning fikrimizcha, quyidagilarni alohida ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiq:
Ishbilarmonlik faolligi darajasi – elita qatlam o‘rtasidagi o‘zaro aloqaning jadalligi, sanoat va mintaqaviy manfaatlarga asoslangan manfaatlar uchun bosim guruhlarini shakllantirish imkoniyatlari.
Inson kapitali – dunyoning yetakchi “bilim markazlari” qatoriga kiruvchi ilmiy va o‘quv klasterlari, oliy o‘quv yurtlari soni; chet ellik talabalar, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan aspirantlar soni; ilmiy-tadqiqot markazlari va jahon darajasidagi ilmiy maktablar soni.
Axborot kapitali – yetakchi mahalliy ommaviy axborot vositalarida xalqaro yangiliklar hajmi; axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi, shu jumladan, INTERNET va boshqalar.
Madaniy kapital – turistik jozibadorlikning miqdoriy va sifat ko‘rsatkichi; muzey va ko‘rgazma saytlari hamda boshqa jahon darajasidagi madaniyat muassasalari; xalqaro Olimpiya harakatida ishtirok etish, sport, madaniyat va san’at sohasidagi maxsus tadbirlar o‘tkazish.
Siyosiy vazn - shaharning xalqaro siyosiy faoliyatda ishtirok etish darajasi va ahamiyati, masalan, xorijiy elchixonalar, konsulliklar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari soni; shaharda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlar darajasi; siyosiy va xalqaro tadqiqotlar markazlari soni.
Innovatsiya salohiyati – boshqa shaharlar va mintaqalar tomonidan xalqaro darajada o‘z samaradorligini isbotlagan kashfiyotlar, texnologiyalar, patentlar ko‘rinishidagi shahar tajribasini o‘zlashtirish amaliyotlari soni.
Investitsiya kapitali – investitsiyalar hajmi, xorijiy kompaniyalarning vakolatxonalari soni, chet el kapitali ishtirokida tuzilgan shartnoma va bitimlar soni.
Jahon shaharlari tarmog‘ini ajratish uchun umumiy qabul qilingan variant 10 yildan buyon amal qilmoqda. Ushbu ajratish mezonlariga ko‘ra jahon shaharlarining 3 ta asosiy yo‘nalishi – Yevropa, AQSh va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mavjud bo‘lib, ular barcha sinflardagi shaharlar – α-, β- va γ-shaharlarni ifodalaydi. Ayni paytda, geosiyosiy markazda joylashgan va bir-biri bilan raqobatlashuvchi faqat uch alfa shaharlar bor. Bular Nyu-York, London va Tokio shaharlaridir. Nyu-York – Shimoliy va Janubiy Amerika, London – Yevropa, Afrika, Tokio - Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo mintaqalarini nazorat qilsa, β- shaharlar (Moskva, Sanpaul, Seul) Sharqiy Osiyo, Avstraliya va Okeaniyani nazorat qiladi. γ-shaharlar esa alohida kichik mintaqalar va hududlarni nazorat qilmoqda36.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyoning 50 dan ortiq shaharlari global shaharlar toifasiga kiradi. α-shaharlar guruhi: London, Parij, Nyu- York, Tokio, Frankfurt-Mayn, Gonkong, Los-Anjeles, Milan, Singapur shaharlaridan; β-shaharlar: San-Fransisko, Sidney, Toronto, Bryussel, Madrid, Mexiko, San-Paolo, Moskva, Seul shaharlaridan; γ-shaharlar: Amsterdam, Boston, Karakas, Dallas, Dyusseldorf, Jeneva, Xyuston, Jakarta, Yoxannesburg, Melburn, Osaka, Praga, Santyago, Vashington, Bankok, Pekin, Monreal, Rim, Stokgolm, Varshava, Atlanta, Bonn, Berlin, Buenos-Ayres, Budapesht, Kopengagen, Gamburg, Istambul, Kuala Lumpur, Manila, Mayami, Minneapolis, Shanxay kabi shaharlardan iborat37.
36 Трейвиш А. И. От Персеполиса до Франкфурта / А. И. Трейвиш // Независимая газета. Сценарии, 22.04.2008.
37 Савкин Д. А. Глобальный город как актор мировой политики : автореф. дис. на соискание науч. ст. канд. полит. наук : спец. 23.00.04 – полит. пробл. межд. отн., глоб. и регион. разв. / Д. А. Савкин. – СПб гос. ун-т.
– СПб.: 2010. 32 с
Transmilliy shahar tizimi asosiy ishlab chiqaruvchi firmalar va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar o‘rtasida yangi turdagi iqtisodiy munosabatlarning shakllanishi natijasida paydo bo‘ldi. Yirik moliya bozorlarining baynalmilallashuvi moliyaviy oqimlarning milliy chegaralarni kesib o‘tishiga imkon beradi. Bu hodisa turli qimmatli qog‘ozlar va tovar birjalari faoliyati orqali yuzaga keladi. Moliyaviy resurslar chegaralar va qit’alarga e’tibor bermasdan, bozorlarda mamlakatlar va firmalarga ko‘chib o‘tadi. Milliy hukumatlar endi bu jarayonlarni nazorat qila olmaydi38.
Global shaharlar iste’mol, hayot sifati va identifikatsiyalash uchun belgilovchi ahamiyat kasb etib bormoqda. Ilmiy-madaniy taraqqiyot, fan, biznes va davlatning o‘zaro hamkorligi hamda insoniyatning global axborot kun tartibining shakllanishi sodir bo‘ladi. Bugungi kunda shaharlar turli ijtimoiy tabaqa vakillari va turli e’tiqodga ega odamlar munosabatga kirishadigan joylarga aylandi va ularning o‘zaro muloqot qilishlari uchun aniq qoidalar yo‘q39.
Global xo‘jalik makrotizimi tuzilmasini tabiiy ravishda murakkablashuvi bozor muhiti funksiyalarining tabaqalanishi bilan birga kuzatiladi. Bu funksiyalarning asosiylari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
indikativ – bozor agentlari, ya’ni ishlab chiqaruvchilar, vositachilar va iste’molchilarni tovar va xizmatlarga talab va taklif tamoyillari yo‘nalishi to‘g‘risida axborotlardan xabardor qilish;
tartibga solish – jahon narxlari harakatiga ta’sir o‘tkazish;
kommunikativ – harakatdagi bozor agentlari o‘rtasida aloqalarni ta’minlash;
sanatsiyalash – raqobat kurashi jarayonida bozorning «o‘z-o‘zini davolashi» jarayoni, ya’ni iqtisodiy jihatdan samarasiz kompaniyalarni bartaraf etish va talabga ega bo‘lmagan mahsulotlar ishlab chiqarishni to‘xtatish.
Do'stlaringiz bilan baham: |