10.11-rasm. Bilimlarga asoslangan iqtisodiyotning tarkibiy qismlari
Bilimga asoslangan iqtisodiyot infratuzilmasiga iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan quyidagi omillar kiradi:
yuksak sifatli turmush darajasini amalga oshiradigan samarali davlat institutlari;
yuqori sifatli ta’lim;
samarali ilm-fan;
samarali ilmiy-texnikaviy venchur biznesi;
yuqori sifatli inson kapitali;
bilimlar va yuqori texnologiyalarning yaratilishi;
axborot jamiyati yoki bilimlar jamiyati.
Hozirgi vaqtda faqat AQSh hamda Yevropa Ittifoqiga a’zo ayrim davlatlarining iqtisodiyotini bilimlariga asoslangan iqtisodiyot deb atash mumkin. Jahonning ushbu taraqqiy etgan davlatlari olimlar g‘oyalarini tovarlar va mahsulotlarga tez va samarali aylantirish uchun eng maqbul shart-sharoitlarni yaratdilar. Bevosita ilmiy tadqiqotlar, inson kapitaliga investitsiyalarning ortishi va buning natijasida eng yangi texnologiyalarning o‘zlashtirilishi jahonning yetakchi mamlakatlariga iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini ta’minlash imkoniyatini bermoqda.
Mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda milliy iqtisodiyot xavfsizligi o‘rnining kuchayib borishi
Zamonaviy jahon iqtisodiyoti xalqaro mehnat taqsimoti asosida milliy iqtisodiyotlar o‘rtasida barqaror, har tomonlama o‘zaro alokadorlikning shakllanishi oqibatida xo‘jalik hayotining xalqaro miqyosda baynalmilallashuvini ifodalaydi. Buning oqibatida iqtisodiy makon vujudga kelmoqda. Ushbu makonda xalqaro tovarlar, xizmatlar, xomashyo resurslari, moliyaviy mablag‘lar, kapital, ishchi kuchi bozorlari vujudga kelib, ular o‘rtasida o‘zaro aloqadorlik hamda bog‘liqlik kuchaymoqda. Jahon miqyosida global-texnologik, moliyaviy, axborot, madaniy tizimlar jadal ravishda rivojlanmoqda.
Iqtisodiyotning ochiqligini ta’minlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi oqibatida mamlakatga xorijiy investitsiyalar kirib kela boshladi, qo‘shma korxonalar ko‘paya bordi, ichki bozorlar sifatli mahsulotlar bilan to‘la boshladi. Ammo, shu bilan birga, buning mamlakat manfaatlariga zid tomoni ham ko‘zga tashlana boshladi. Bunday holat quyidagilarda namoyon bo‘ldi:
respublikaning ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lishiga muayyan cheklovlarning o‘rnatilishi;
mamlakatga ma’naviy va moddiy jihatdan eskirgan texnika hamda texnologiyalarni olib kirishga urinish;
milliy raqobatbardosh mahsulotlarni xorijiy bozorlarga chiqarishga to‘sqinlik qilish, ilgari o‘zlashtirilgan bozorlardan siqib chiqarishga urinish;
milliy boylikning bir qismini xorijiy kapital tomonidan qo‘lga kiritilishiga imkon yaratilishi;
muhim xomashyo tovarlari va kapitalni chetga chiqarish ustidan nazorat qilish mexanizmining yetarli darajada shakllanmaganligi.
Tashqi iqtisodiy aloqalarning erkinlashtirilishi sharoitida xo‘jalik sub’ektlari faoliyatini nazorat qilish mexanizmining takomillashmaganligi tufayli, bu sohada jinoiy guruhlar, korrupsiya, xufyona iqtisodiyot, narkobiznes, iqtisodiy qaroqchilik ham jonlana boshladi. Shuningdek, ayrim holatlarda jahon xo‘jaligi tizimiga integratsiyalashuv maqsadlari bilan milliy ishlab chikaruvchilar manfaatlari o‘rtasida ziddiyat vujudga kelganligi tufayli, asosiy energiya va xomashyo mahsulotlarining jahon hamda ichki narxlari o‘rtasida nomutanosibliklar vujudga keldi.
O‘tish iqtisodiyotiga ega mamlakatlarda iqtisodiyotni tezda ochiq qilib qo‘yish, tashqi iqtisodiy faoliyatni jadal erkinlashtirish mamlakat iqtisodiy xavfsizligiga tahdidlarning kuchayishiga olib keldi. Bu holat esa milliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatining cheklab qo‘yilishi, moliyaviy pul tizimining normal
faoliyatiga xavf tug‘ilishi, importga, xalqaro iqtisodiy tashkilotlarga o‘ta qaram bo‘lib qolishga olib kelishi mumkin. Shu boisdan, ochiq iqtisodiyotni shakllantirshn va tashqi iqtisodiy foaliyatni erkinlashtirish jarayoni evolyutsion yo‘l bilan, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak bo‘ladi.
Mamlakat iqtisodiy xavfsizligi, manfaatlariga tahdidlardan himoyalanish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim:
taklif etilayotgan investitsion loyiha va xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan yirik bitimlar, iqtisodiy xavfsizlik talablarini hisobga olgan holda, dastlabki mustaqil ekspertizadan o‘tkazish;
xorijiy kapital uchun ustuvor soha va tarmoqlar bilan bir qatorda, ularning kiritilishi ma’n qilinadigan soha va tarmoqlar ham qonuniy asosda belgilab qo‘yilishi kerak;
xorijiy investorlar tomonidan ayrim sohalarda aksiyalarni xarid qilish jarayonlarini qat’iylashtirish;
xorijiy investorlarning strategik tarmoqlarda milliy boylikning katta qismini qo‘lga kiritishlariga yo‘l qo‘ymaslik;
mamlakat bank tizimining ishonchini himoyalash;
tashqi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik sub’ektlaridagi rahbar kadrlarning malakasini oshirish, ularni o‘qitish va qayta tayyorlash;
ichki bozorni, milliy ishlab chikaruvchilarni tashqi raqobatchilar tajovuzidan himoya qilish;
tashqi iqtisodiy aloqalar infratuzilmasini rivojlantirish;
tashqi bozorlarda milliy eksportchilar va ishlab chiqaruvchilarning diskreminatsiya qilinishi, turli shakldagi kamsitilishlardan himoya qilish;
tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi nizo va kelishmovchiliklarni ko‘p tomonlama tartibga solish mexanizmlari teng huqukli shartnomalar tuzish orqali hal qilinishiga intilish lozim bo‘ladi. Bunda asosiy e’tibor mamlakat tovar ishlab chiqaruvchilari va fuqarolarining manfaatlarini himoya qilishga qaratiladi;
chet ellardagi respublika mulkini himoya qilish;
tashqi iqtisodiy faoliyat, tashqi savdodan yuqori foyda, iqtisodiy samara olishga intilish bilan bir vaqtda, mamlakatning jahon iqtisodiyoti tizimida o‘ziga mos nufuzli o‘rinni egallashiga intilishi kabilarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
Mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va uning xavfsizligini ta’minlashda davlat markaziy o‘rin egallaydi. Bu boradagi davlatning vazifalari quyidagilarda o‘z ifodasini topadi:
davlatni mikro va makro darajada iqtisodiy tartiblash ko‘lamlarini o‘z ichiga oladigan taktik xamda strategik qarorlarni asoslash, qabul qilish uchun dastaklar bilan ta’minlash;
iqtisodiy va ma’muriy dastak, vosita hamda usullar yordamida iqtisodiy strategiya va joriy dasturlarni amalga oshirish, erishilgan natijalarni tahlil qilish va baholash, mavjud sharoitlarga mos ravishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga tuzatishlar kiritish;
boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro aloqalar tizimida himoyalanishni rag‘batlantirish tartiblarini ko‘zda tutadigan qonunlar va me’yoriy hujjatlarni hayotga tatbiq etish orqali mamlakatning iqtisodiy suverenitetini huquqiy va siyosiy jihatdan himoyalashni ta’minlash;
iqtisodiyotda yuzaga keladigan muammoli vaziyatlarni tezlikda hal qilish uchun davlat boshqaruvi organlari hamda mansabdor shaxslarning huquqlari, vazifalari mas’uliyatini oqilona taqsimlash va ularning o‘zaro bir o‘lchamdagi faoliyatini uyg‘unlashtirish.
Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan boshqaruv ishlari, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ikki yo‘nalishda olib boriladi:
iqtisodiy huquqbuzarliklarning manbalari va ularning sub’ektlariga qarshi kurashish;
barcha qonun, me’yoriy hujjatlar hamda boshqaruv qarorlarini iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash talablariga mosligini aniqlash uchun ekspertizadan o‘tkazish.
Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarishning davlat tomonidan tartibga solish samaradorligini oshirish hisoblanadi. Zero, mamlakat iqtisodiy xavfsizligi darajasi uning iqtisodiy salohiyati bilan belgilanadi. Bu salohiyat milliy iqtisodiyot resurslari, zahiralari, amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning samaradorligi, bozor strukturasi, boshqarish tizimi, sanoatni tashkil etish hamda tashqi bozor kon’yunkturasining o‘zgarishlarga moslashuvchanligi boshqa mamlakatlarning qo‘llab-quvvatlashi, xalqaro uyushma va tashkilotlarda ishtirok eta olishi bilan ifodalanadi.
Mamlakatning iqtisodiy mustahkamligi, unga nisbatan qo‘llanilayotgan blokada, sanksiya va tahdidlar kuch bilan ta’sir qilishga qarshilik ko‘rsatishga qodirligini o‘ziga mujassamlashtiradi. Uni ta’minlash uchun milliy manfaatlarni kelishtirish, muvofiqlashtirishning siyosiy mexanizmlarini qiyosiy tahlil qilish lozim.
Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash uchun milliy iqtisodiyotning jahon hamjamiyati bilan takror ishlab chiqarish jarayonlariga to‘sqinlik kilmaydigan hamda tahdidlar xavfini keskin kamaytirishga imkoniyat beradigan o‘zaro uyg‘unlashgan sharoitlarini yaratishga intiladi.
Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash uchun asosiy mahsulotlar bo‘yicha importga bog‘liqlikka barham berish, tayyor mahsulotlarni eksport qilishni kuchaytirish lozim bo‘ladi. Buning uchun mamlakat iqtisodiyoti tarkibiy
tuzilishini tubdan o‘zgartirish, xomashyo, oraliq mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni, mahsulotlarni eksport qilishga moslashtirish maqsadga muvofiqdir.
Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida davlat tomonidan iqtisodiyotni tartibga solishning samarali tizimi shakllantirilishi lozim. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
barcha turdagi korxona va tashkilotlar xo‘jalik yuritishining umumiy qoidalarini o‘rnatuvchi makroiqtisodiyotni tartiblash;
iqtisodiy rivojlanishni prognozlashtirish va indikativ rejalashtirish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi salohiyatini muvofiqlashtirish hamda davlat mulkini boshqarishning samarali metodlarini qo‘llash.
Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash uchun iqtisodiyotning kriminallashuviga qarshi kurashish lozim. Jinoiy guruhlarning iqtisodiyotga kirib kelishining oldini olish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim bo‘ladi:
daromadlarni deklaratsiya qilish tizimini takomillashtirish;
nodavlat xo‘jalik sub’ektlarining ayrim faoliyat turlarini qonun yo‘li bilan cheklash;
ro‘yxatdan o‘tmasdan turib tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni ma’n qilish;
iste’molchilar salomatligiga zarar yetkazuvchi mahsulotlar va litsenziyasiz, sifat sertifikatisiz tovar sotishni ma’n qilish;
bankrotlik qonuni talablarini hayotga qat’iy tatbiq etish;
hukuq-tartibot organlarida iqtisodiy qonunbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘limlari faoliyatini quchaytirish;
iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida turli nazorat va davlat organlarining tadbirkorlar xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashishlarini cheklash va bunga qarshi kurashish;
iqtisodiyotni tartibga solishning bozor mexanizmlari erkin amal qilishini ta’minlash bilan bir qatorda, davlat organlarining iqtisodiyotni tartibga solish faoliyati samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish.
Mamlakat ichki xavfsizligiga tahdidlar jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin:
aholi, shu jumladan, mehnatga layoqatli aholi, mehnat resurslari sonining o‘sish sur’atlarining asosiy fondlar yaratayotgan yangi o‘rinlarning o‘sish sur’atlariga nisbatan orqada qolishi, kelgusida ishsizlar, daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kishilar sonining o‘sishiga oshib kelishi mumkin;
ish haqining aholi, shu jumladan, yollanma ishchi va xizmatchilarning oila daromadlaridagi ulushining kamayishi, ish haqi rag‘batlantiruvchanligining pasayishi;
aholi tarkibida nafaqa yoshidagi keksa kishilar ulushining ko‘payishi (kelgusida ularning ijtimoiy ta’minoti masalalarida muammolar vujudga keladi);
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi omillarning ko‘payishi;
soliq yukining og‘irligi.
Bu omillar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilib, ijtimoiy ziddiyatlar va tahdidlarni vujudga kelishiga imkoniyat yaratadi.
Mamlakat iqtisodiy xavfsizligiga kishilar o‘rtasidagi noformal, iqtisodiy aloqa va munosabatlar ham tahdid soladi. Bu tahdidga sabab bo‘luvchi holatlarni kassa nazoratidan tashqaridagi hisob-kitoblar, maishiy xizmat ko‘rsatish, uy-joylarni ijaraga berishdagi naqd pulli noformal munosabat va aloqalarda ko‘rish mumkin.
Xufyona iqtisodiyot sektorining mavjudligi mamlakat iqtisodiy xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Xufyona iktisodiyotning eng xavfli faoliyat sohasi bu narkobiznes sanaladi. Narkotik moddalar ishlab chiqarish uchun jalb etilayotgan mehnat, yer, kapital va tadbirkorlik harakatlari arzon, ulgurji narxlari ham pastdir, lekin uning jamiyatga keltiradigan zarari o‘ta yuqori.
Xufyona iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun korxonalar xo‘jalik moliyaviy faoliyati, jismoniy shaxslarning daromad olishi va xarajatlari to‘g‘risidagi haqqoniy axborotlarni to‘plash, tahlil qilish asosida iqtisodiy-ijtimoiy jaarayonlarni keng qamrovli nazorat qilish tizimini shakllantirish lozim. Bunda davlat boshqa organlar, nodavlat tashkilotlar, uyushmalar bilan o‘zaro bog‘liqlikda aloqadorlik, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |