Xalqaro iqtisodiy integratsiya yordamida TMK imkoniyatlarini kengaytirish
Xalqaro iqtisodiy integratsiya – davlatlararo iqtisodiy kelishuvlar shaklini oluvchi davlatlarning xo’jalik-siyosiy birlashish jarayonidir. Xalqaro iqtisodiy integratsiyani amalga oshirishda davlatlararo kelishuvlar bilan rasmiylashtiriluvchi turli davlatlarning kompaniyalari darajasidagi aloqalarni mustahkamlashga intilish muhim turtki bo’ldi. XXI asr boshida jahonda 100 dan ortiq davlatlarni qamrab oluvchi 30 ga yaqin integratsion guruhlar faoliyat ko’rsatmoqda.
Xalqaro iqtisodiy integratsiyaning harakatlantiruvchi kuchi bo’lib pirovardida milliy va xalqaro tadbirkorlik strukturalari xizmat qiladi, ularning manfaatlari quyidagi omillarga qaratilgan:
- xorijiy kompaniyalar bilan qo’shma tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil qilish yo’li bilan korxonalarning geografik faoliyat doirasini kengaytirish;
- sotish va transport sarflarini qisqartirish bilan tovarlar, xizmatlar, kapitallar, ishchi kuchi xalqaro ayirboshlash yo’lida to’siqlarni bartaraf qilish asosida mintaqaviy bozorlarni kamrash, tarif va notarif to’siqlarni yo’qotish, tovarlar va xizmatlar yetkazib berish hajmini, shuningdek assortimentini kengaytirish hisobiga mintaqaviy bozordagi o’rnini mustahkamlash;
- mintaqa miqyosida va masshtab samarasi ustunliklarini amalga oshirishda xalqaro mehnat taqsimotidan foydalanish yordamida ishlab chiqarishni tarkibiy qayta qurish va ratsionallashtirishga qiziqish;
- mintaqaviy guruhning barcha a’zo-mamlakatlari uchun davlat buyurtmalari milliy bozorining ochilishi;
- davlatlar o’rtasida texnologiyalar almashish bo’yicha bitimlar va yangiliklar kiritish oqimining o’sishi;
- integratsion guruhga a’zo davlatlar kompaniyalari raqobatbardoshligini ITTKI xarajatlarini ko’paytirish hisobiga mustahkamlash;
- integratsion guruhga a’zo davlatlarning muvofiqlashtirilgan tashqi iqtisodiy siyosati evaziga noaniqlik tavakkalchiligini qisqartirish;
- milliy kompaniyalarni xorijiy tadbirkorlikni rivojlantirishga va xalqaro korporatsiyalarni tashkil qilishga qiziqishi;
- bevosita xo’jalik aloqalari, kooperatsiyalash va hamkorlikning boshqa shakllarini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratish;
- standartlarni unifikatsiyalash, soliqqa tortish tartibini soddalashtirish, xalqaro savdo-iqtisodiy muzokaralar sonini kamaytirish hisobiga ishlab chiqarish va sotish xarajatlarini qisqartirish;
- xalqaro ishlab chiqarish, savdo va investitsion oqimlarni kengaytirish yo’li bilan bandlik darajasini oshirish;
- korxonalar tashqi iqtisodiy faoliyatining samaradorligini oshirish.
Yevropa Ittifoqi (YEI)1; erkin savdo haqida Shimoliy Amerika kelishuvi (NAFTA – AQSh, Kanada, Meksika); Janubi-Sharkiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN – Bruney, Indoneziya, Laos, Malayziya, Myanma, Birma, Filippin, Singapur, Tailand, Vetnam); MERKOSUR (Braziliya, Argentina, Paragvay, Urugvay) kabi yirik integratsion birlashmalarning faoliyat yuritish natijalari milliy va xalqaro kompaniyalar manfaatiga ko’ra integratsion jarayonlarning muayyan ketma-ketligi shakllanganligidan dalolat beradi. Birinchi navbatda investitsiyalar (milliy rejimni kiritish muammolari, xalqaro shartnomalarga kafolatlangan muvofiqlikni ta’minlash, investitsiyalarni milliylashtirishdan ishonchli kafolatni ta’minlash) xizmatlar sohasi, savdo masalalari hal qilinardi.
Xalqaro savdoning jonlanishi, sotish bozorlarining kengayishi, investitsiya oqimlarini ko’paytirish ishlab chiqarishni qayta tashkil qilishni rag’batlantirdi. Bunda integratsion jarayonlar xorijiy investitsiyalarning uchta afzalliklari – mulkni xarid qilish, ishlab chiqarishni baynalminallashtirish va integratsion birlashmalar hududida korxonalarni ratsional joylashishini amalga oshirishga yordam beradi.
Integratsion guruhda iqtisodiy aloqalarni rivojlanish intensivligini xalqaro menejer o’z qo’l ostidagi statistik ma’lumotlarga qarab bir necha usullar bilan kuzatishi mumkin.
Integratsiya jarayoni dinamikasining asosiy ko’rsatkichlariga quyidagilar kiradi:
- mamlakatlararo tovar ayirboshlashning jami YaMMdagi ulushi;
- integratsion guruhga a’zo-mamlakatlarning umumiy tovar aylanmasi hajmida ularning mamlakatlararo ayirboshlashining ulushi. Masalan, 1980 yilda YEI a’zo-mamlakatlari o’rtasida tashqi savdo aylanishining yillik o’sish sur’ati 9 % ni, 90-yillar oxirida 20 % ni tashkil etdi.
- integratsion guruhga a’zo-mamlakatlarning o’zaro BXI hajmini ularning boshqa dunyo mamlakatlariga BXI hajmi bilan solishtirish. Xususan, 1980 yilda YEI a’zo-mamlakatlar o’zaro BXI YEI hududida umumiy sarmoyalar oqimining 25 % ini, 90-yillar oxirlarida 50 % ga yaqinni tashkil etdi.
- integratsion guruh ichida kompaniyalar birlashmalari sonini boshqa davlatlar firmalari bilan qo’shma korxonalar tashkil qilish va qo’shilishlar soni bilan taqqoslash.
Iqtisodiy integratsiya doirasida firmalarning birlashishiga ko’maklashuvchi asosiy omillarga quyidagilarni kiritish mumkin:
- ishlab chiqarish ko’lamining samarasi;
- texnologiyalarni o’zaro ayirboshlash;
- korxonalar joylashgan o’rni ustunliklaridan foydalanish (Shimoliy va MarkaziyYevropada murakkab qismlarni ishlab chiqarish, Janubda esa arzon ishchi kuchi tomonidan yig’ish yo’lga qo’yilgan);
- mahalliy iste’molchilarning talabini yanada to’laroq qondirish uchun mahsulot assortimentini kengaytirish;
- ITTKI xarajatlarini ko’paytirish imkoniyatlari;
- transfert baholarni qo’llash (birinchi navbatda, turli davlatlarda moliya sharoitlari va soliqlar farqlanuvchi tarmoqlarda);
- davlat buyurtmalarini olish;
- ITT imkoniyatlari o’sishi;
- yuk tashishlarni firma ichida taqsimlash hisobiga transport xarajatlarini qisqartirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |