[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.01.00 Umumiy qoidalar]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Xalq ta’limi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarni (keyingi o‘rinlarda — xalq ta’limi xodimlari) qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, umumiy o‘rta ta’limning ilmiy asoslarini yaratish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6108-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. 2021-yil 1-martdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan:
xalq ta’limi xodimlarining malaka oshirish bo‘yicha ehtiyojlari o‘rganiladi hamda “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasi orqali ularning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasi tuziladi;
har bir xalq ta’limi xodimining elektron portfoliosi shakllantiriladi va unga xodimning individual trayektoriyasi, kasbiy rivojlanish natijalari va o‘zlashtirgan o‘quv dasturlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi;
b) Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov) tomonidan:
xalq ta’limi xodimlarini ularning malaka darajasi, bilimi, ilmiy-pedagogik salohiyati, ish tajribasi, psixologik tayyorgarligi va individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasiga mos keladigan tabaqalashgan malaka oshirish dasturlari bo‘yicha o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
an’anaviy malaka oshirish bilan bir qatorda kasbiy o‘qitishning uyg‘unlashgan, ish jarayoni bilan birgalikda olib boriladigan, masofaviy va boshqa turlari joriy etiladi;
v) Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov) va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenbayev) tomonidan:
uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimida xalq ta’limi xodimlari tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan kreditlarning (akademik soatlarning) eng kam hajmi (miqdori) tasdiqlanadi;
xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirishning muqobil shakllari ro‘yxati tasdiqlanadi va har bitta shaklga to‘g‘ri keladigan kreditlar (akademik soatlar) hajmi belgilanadi. Bunda, malaka oshirishning muqobil shakllarini o‘zlashtirgan xalq ta’limi xodimlari tegishli shakl uchun belgilangan hajmdagi (miqdordagi) kreditlarni (akademik soatlarni) to‘plagan deb hisoblanadi;
g) Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenbayev), Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov) tomonidan muntazam ravishda malaka oshirish dasturlari asosida ta’lim berishning samaradorligi baholanadi va dasturlarni takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
2. Belgilansinki, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab:
malaka toifasini berish va saqlab qolish bo‘yicha maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish yil davomida amalga oshiriladi;
uzrli sabablarga ko‘ra (mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik, tug‘ish hamda bolani parvarish qilish ta’tili va boshqalar) attestatsiyadan o‘tmagan pedagog kadrlar ish faoliyatiga qaytganlariga bir yil to‘lgandan so‘ng attestatsiyaga jalb etiladi va mazkur davr mobaynida ularning malaka toifasi saqlab qolinadi (o‘z tashabbusiga ko‘ra attestatsiyadan o‘tmoqchi bo‘lgan pedagog kadrlar bundan mustasno).
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6108-son Farmoniga muvofiq xalq ta’limi xodimlari o‘z ixtiyoriga ko‘ra Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarida hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida malakasini oshirishi mumkinligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
4. Belgilansinki:
Xalq ta’limi vazirligining A. Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari (keyingi o‘rinlarda — hududiy markazlar), pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Xalq ta’limi vazirligiga ajratiladi;
Davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlarining elektron reyestri (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) yuritiladi;
Davlat budjetidan mablag‘lar faqat Reyestrga kiritilgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga ajratiladi.
5. Xalq ta’limi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar Institut, hududiy markazlar, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarining xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish va Reyestrni yuritish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov) xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish kurslarini tashkil etgan oliy ta’lim muassasalariga:
xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirishning ilg‘or shakl va usullarini joriy etish, o‘quv-metodik resurslarini ishlab chiqish, ta’lim dasturlarini takomillashtirishga;
umume’tirof etilgan xalqaro ta’lim standartlari va talablari, ilg‘or pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalari asosida o‘quv jarayonini sifatli tashkil etishga ko‘maklashsin.
Xalq ta’lim vazirligi (Sh. Shermatov) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov) bilan birgalikda “Ustoz-shogird” tizimi orqali ustuvor bo‘lgan fan sohalari (matematika, kimyo, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot, xorijiy tillar, psixologiya, boshlang‘ich ta’lim) bo‘yicha xalq ta’limi tizimi xodimlari va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish choralarini ko‘rsin.
7. Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov) 2021-yil 1-iyunga qadar Institut va hududiy markazlarda oliy ta’lim tashkilotlarining pedagogik bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalari uchun pedagogik tayyorgarlik modullarini ishlab chiqsin va amaliyotga kiritsin.
Belgilansinki:
pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari, Institut hamda hududiy markazlarda joriy etiladigan pedagogik tayyorgarlik modullari (keyingi o‘rinlarda — modullar) bo‘yicha bakalavriatning so‘nggi ikki bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishga qabul qilinadi;
modullar bo‘yicha o‘qitish talabalarning oliy ta’lim muassasasida tahsil olishdan bo‘sh bo‘lgan vaqtida Xalq ta’limi vazirligining granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, Xalq ta’limi vazirligining granti ehtiyoj yuqori bo‘lgan pedagogik mutaxassisliklar bo‘yicha vazirlikning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ajratiladi;
modullarni Xalq ta’limi vazirligining granti asosida o‘zlashtirgan talabalar oliy ta’lim muassasasini bitirganidan so‘ng ikki yildan kam bo‘lmagan muddatga ishlab berish uchun vazirlik tomonidan davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga taqsimlanadi;
modullarni o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega shaxslarga oliy ta’lim tashkilotida o‘qishni bitirganidan so‘ng qayta tayyorlash kurslaridan o‘tmasdan mutaxassisligiga oid fanlardan umumiy o‘rta va professional ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.
8. Quyidagilar:
Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Xalq ta’limi xodimlarini 2021 — 2025-yillarda uzluksiz kasbiy rivojlantirish natijasida erishiladigan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Xalq ta’limi vazirligi boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlasin.
9. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
xalq ta’limi tizimini ilmiy-metodik jihatdan ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish;
umumiy o‘rta ta’limning dolzarb muammolari yuzasidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini amalga oshirish, ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar tashkil etish;
doktorantura yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash, rahbar kadrlar va metodistlarning malakasini oshirish;
umumiy o‘rta ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish;
umumiy o‘rta ta’limni tashkil etishning yangi texnologiyalari, vositalari va shakllarini ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishda ishtirok etish;
kelajak maktabi, uning rahbari va o‘qituvchisining modelini yaratish asosida xalq ta’limi xodimlarining kasbiy standartlarini ishlab chiqish va doimiy tarzda rivojlantirib borish, ilmiy-tadqiqot faoliyatining ta’lim jarayoni bilan aloqalarini mustahkamlash;
xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun namunaviy o‘quv reja, dastur, o‘quv-metodik va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish, shuningdek, kurslarning o‘quv-uslubiy ta’minotini doimiy yangilab borishga ko‘maklashish;
“Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasi faoliyatini yuritish, malaka oshirish tashkilotlari bilan birgalikda qayta tayyorlash hamda malaka oshirish kurslari o‘quv modullari kontentini markazlashtirilgan tarzda ishlab chiqish va platformaga kiritilishini ta’minlash.
10. Belgilab qo‘yilsinki:
Institut A. Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Institutga xalq ta’limi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
hududiy markazlarning rahbarlari Institut direktorining tavsiyasiga binoan xalq ta’limi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Institutning ma’muriy-boshqaruv, professor-o‘qituvchilari hamda metodist xodimlariga — davlat oliy ta’lim muassasalarining tegishli lavozimlari uchun, ilmiy xodimlariga — Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi. Bunda, bir nafar o‘qituvchi hisobiga to‘g‘ri keladigan tinglovchilar nisbatining cheklangan normativlari oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan bir nafar o‘qituvchi hisobiga talabalar soni nisbatining cheklangan normativlaridan 25 foiz past etib belgilanadi.
11. Quyidagilar:
A. Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha maqsadli dastur 3-ilovaga muvofiq;
A. Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutining 2023-yilgacha maqsadli ko‘rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
A. Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti xodimlarining xorijdagi yetakchi ilmiy markazlarda malakasini oshirish reja-grafigi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Institutga qo‘shimcha shtat birliklarini ajratish hududiy markazlarning tegishli boshqaruv shtatlar sonini qisqartirish hisobidan amalga oshiriladi.
Xalq ta’limi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi Institut ilmiy xodimlarining tanlov asosida xorijdagi yetakchi ilmiy tashkilotlarda stajirovka o‘tashlarini tashkil etsin.
Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hamda Institutning budjetdan tashqari mablag‘lari Institut ilmiy xodimlarining xorijda malaka oshirishini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
12. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
ilmiy faoliyatga oid dasturlarni amalga oshirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan Davlat budjeti mablag‘lari;
Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘laridan ajratmalar;
xo‘jalik faoliyatidan hamda shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazishdan tushadigan tushumlar;
xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablag‘lar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
13. Institutga o‘zining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan quyidagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish huquqi berilsin:
malakali xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarni jalb etish, ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda ish haqi to‘lash;
zamonaviy axborot va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, Institutning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash;
Institut xodimlarining xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
qonun hujjatlariga muvofiq Institutga yuklangan vazifalarni hal etish va uning faoliyatini rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni amalga oshirish.
14. Xalq ta’limi vazirligi 2021-yil 1-iyunga qadar Institutda:
a) xalq ta’limi tizimidagi rahbar kadrlar va metodistlar malakasini oshirish kurslarini tashkil qilsin;
b) quyidagilarni tayyorlashni yo‘lga qo‘ysin:
to‘lov-kontrakt asosida “Ta’lim menejmenti” va “Kattalar ta’limi” bir yillik magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlarni;
“Ta’limda menejment”, “Fanlarni o‘qitish nazariyasi va metodikasi” hamda “Elektron ta’lim nazariyasi va metodikasi” ixtisosliklari bo‘yicha pedagogika fanlari doktorlarini (PhD, DSc).
15. Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov) ikki oy muddatda:
belgilangan tartibda Institutni xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, mebel va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash;
Institutning ustavini tasdiqlash va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumatining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabrdagi “Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3289-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
18. Xalq ta’limi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Musayev, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.X. Shermatov hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X. Toshkulov belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-yanvar,
PQ-4963-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-yanvardagi PQ-4963-son qaroriga
1-ILOVA
Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”