XALQ TA’LIMI TIZIMIDA AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARIDAN FOYDALANISH SAMARADORLIGINI OSHIRISH ISTIQBOLLARI
S. Eshqobilov –
A.Avloniy nomidagi XTMO‘IB
ilmiy- tadqiqqot instituti tayanch doktoranti
Annotasiya. Ushbu maqolada ta’lim muassasalari axborot texnologiyalri infrastrukturasi, boshqarishda axborot texnologiyalari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari yordamida ta’lim sifat va samaradorligini oshirish masalalari haqida so‘z boradi.
O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmonida pedagog xodimlarning kasbiy mahorati va faoliyat samaradorligini muntazam oshirib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, malaka oshirish tizimini “hayot davomida o‘qish” tamoyili asosida takomillashtirib borish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan xolda ta’limni boshqarishni avtomatlashtirish va har tomonlama tahlil qilib borish tizimini yaratish, elektron resurslar va masofaviy ta’limni yanada rivojlantirish, ta’lim oluvchilar o‘rtasida IT-sohasidagi kasblarni ommalashtirish kabi asosiy yo‘nalishlar belgilangan. Ushbu vazifalarni zamonaviy axborot texnologiyalari asosida zamonaviy platformalarni joriy etish orqali muvaffaqiyatli bajarish mumkin. XXI asr – axborot texnologiyalari asri bo‘lib, kun sayin axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) millionlab odamlarning muomalasi uchun kundalik vosita bo‘lib qolmoqda. 2020 yil dekabr holatiga ko‘ra yer sharidagi 5,053,911,722 kishi, ya’ni sayyoramizning aholisining 64,2%, shu jumladan O‘zbekistonda 17761534 (yoki respublikamiz aholisining 52,3%) Internet foydalanuvchilari AKT vositasi orqali ta’limiy, kasbiy va shaxsiy muloqotda ishtirok etmoqda (www.internetworldstats.com/stats.htm).
Yangi axborot texnologiyalari inson ongiga yangi xarakter bag‘ishlay oladigan vosita bo‘lib qolishi mumkin. Avvalambor shuni aytish kerakki, kompyuterdan foydalanib, biron-bir vaziyatni modellashtirish ko‘nikmasi tizimli fikrlashni, tafakkurni tarbiyalashga ko‘maklashadiki, bu borada madaniy, axloqiy qadriyatlar yangi texnologiyalarni yaratish va joriy etishda ustuvor ahamiyat kasb etib qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasisida xalq ta’limi tizimining uzoq muddatli rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari sifatida “O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish; uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish; o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish; xalq ta’limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish;.” kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Shu bilan birga konsepsiyada xalq ta’limi tizimining joriy holati va mavjud muammolar sifatida “davlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, umumta’lim muassasalarini boshqarish, ishlarni rejalashtirish va tashkil etish jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish darajasi pastligi” ko‘rsatib o‘tilgan.
Mamlakatimiz reytingini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan ta’lim tizimida, shu jumladan xalq ta’limi tizimi rahbar xodimlari va mutaxassislari malakasini oshirish kurslari o‘quv jarayonida samarali foydalanishning istiqbolli yo‘nalishlari nimalarga bog‘liq?
Malaka oshirish tizimida AKT vositalaridan samarali foydalangan holda umumiy o‘rta ta’lim sohasida menejer kurslarini bugungi kun talablari asosida tashkil etish muhim masalalardan hisoblanadi. Ta’lim muassasasining zamonaviy rahbari – menejeri axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid zaruriy ko‘nikmalari axborotlarni izlash, saqlash va qayta ishlash hamda ulardan mantiqli va tizimli ravishda foydalanish, ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tushunish, reallikni virtuallikdan farqlay olish, axborot xavfsizligiga oid tahdidlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha ishlarini amalga oshirish kabilardan iborat bo‘ladi. AKTdan foydalanuvchi rahbarlar kompleksli axborotlarni tushunish, yaratish va takdim eta olish ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari, Internetga asoslangan xizmatlardan foydalanish layoqatiga ega bo‘lishlari maqsadga muvofiqdir. Shuning bilan birga, ular AKTdan mantiqiy fikrlash, ijodkorlik va ratsional yondashuv asosida boshqaruv qarorlarini qabul qilish hamda yangiliklar yaratishda foydalana olishlari kerak.
Rahbarlar AKTdan foydalanishlarida mavjud axborotga tanqidiy va reflektiv munosabatda bo‘lishni va interaktiv davlat xizmatlari ma’lumotlaridan foydalanishda mas’uliyatli bo‘lishlari talab etiladi. Ijtimoiy va kasbiy maqsadlarni ko‘zlab turli ijtimoiy tarmoqlarda ishtirok etishda xam mazkur layoqat o‘ta muhim hisoblanadi. Shular bilan birga rahbarlar AKTning ta’limdagi ahamiyatini tushunishlari; o‘quv reja mazmuni va mohiyatini anglashlari va baholashlari; o‘qitish jarayonida AKTdan foydalanish uchun yetarli sharoitlar yaratish imkoniyatlariga ega bo‘lishlari; o‘quv jarayonini tashkillashtirish va boshqarish; o‘kituvchilarning kasbiy izlanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berishlari muhim.
Rahbarning “AKT savodxonligidan”dan “kasbiy izlanishi”ga o‘tishdagi o‘quv malakalarigacha o‘sish jarayoni rahbarlar faoliyatining quyida keltirilgan turli xil murakkablikdagi bosqichlarini tavsiflashda ham o‘z aksini topishi lozim:
“tushunmoq”, “ko‘rib chiqmoq” (AKTni ta’limdagi ahamiyatini tushunish);
“anglab yetmoq”, “tuzmoq” (o‘quv reja mazmuni mohiyatini anglash va baxolash tizimi);
“foydalanmoq”, “muhokama qilmoq, mulohaza yuritmoq va baholamoq” (AKT asosida boshqaruv qarorlarini qabul qilish);
“namoyish qilish”, “taklif qilmoq”, “o‘zgartirishlar kiritadi”, “yaratmoq”, “ta’minlamok” (o‘quv jarayonini tashkillashtirish va boshqarish);
“izlanmok” (rahbarning va o‘qituvchilarning kasbiy izlanishi).
Bugungi kunda xalq ta’limi tizmida axborot kommunikasiya texnologiyalrini keng joriy etish, boshqaruvda va o‘quv jarayoniga zamonaviy ta’lim platformalarini tadbiq etish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga respublikamiz umumta’lim maktablari axborot infrastrukturasining yetarli darajada rivojlanmaganligi, mamlakatimiz turli hududlarida tarmoq axborot texnologiyalariga murojaat qilish imkoniyatlari cheklanganligi, Internet tezligi va xizmatlaridan foydalanish narxlarining turlichaligi muammolari mavjud. Ushbu muammolarni hal qilish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish zarur:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun O‘zbekistonning barcha hududlari va tarmoqlarida ustuvor rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan maqsadli moliyalashtirishni amalga oshirish va investitsiyalarni jalb qilish;
ilg‘or, zamonaviy o‘qitish texnologiyalarini qo‘llagan holda yuqori malakali rahbarlar va mutaxassislarni litsenziya asosida tayyorlash;
o‘qituvchilarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid malakalarini doimiy ravishda oshirib borish;
mamlakatimizda axborot texnologiyalari infrastrukturasini jadal sur’atlar bilan rivojlantirish;
keng qatlamdagi foydalanuvchilar, o‘quvchilar uchun AKT savodxonligini oshirish, ta’lim berish va o‘qitish orqali inson imkoniyatlarini o‘stirishga yo‘naltirilgan masofadan o‘qitish kurslarini tashkil etish;
axborotlashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlashga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish;
Milliy Internet segmentini rivojlantirishda axborot resurslari, shu jumladan UZ domeni zonasida faol ta’limga oid saytlar sonini va ularning sifatini oshirish;
O‘zbekistonda kam ta’minlangan va olis hududlarda joylashgan ta’lim muassasalarga AKTni joriy etishga alohidan nazoratga olish.
Shuni ta’kidlash joizki, xalq ta’limi tizimida axborot kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish axborotni qabul qilish va o‘zlashtirish jarayonini takomillashtiradi. Kompyuter, internet va multimedia vositalari yordamida o‘quvchilarga axborotning katta hajmini o‘zlashtirish, muloqot olib borish ko‘nikmalariga ega bo‘lish, ularning o‘qishga bo‘lgan motivatsiyalarini oshirish, bilimlarini chuqurlashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi va natijada esa butun ta’lim jarayoni samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |