Xorijiy davlatlarda xalq taʼlimi
Xalq taʼlimini boshqarishning markazlashgan, markazlashmagan va aralash turlari mavjud. Markazlashgan boshqaruvda taʼlim tarbiya jarayonini boshqarish taʼlim vazirligi hamda uning joylardagi organlari tomonidan amalga oshiriladi. Boshqaruvning bunday shakli Fransiya, Italiya, Belgiya va Lotin Amerikasi mamlakatlarida yoʻlga qoʻyilgan. Bu mamlakatlarda davlat maktablarning moddiy taʼminoti bilan shugullanadi, ularni dastur, darslik, metodik va oʻquv qoʻllanmalar bilan taʼminlaydi, maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatni olish uchun yagona talablarni belgilaydi, oʻqituvchilarni tanlash hamda tayyorlash ishlari bilan shugʻullanadi.
Markazlashmagan boshqaruvda taʼlimni boshqarish joylardagi maʼmuriy organlar tomonidan amalga oshiriladi. Maktablar taʼminoti aholi zimmasida boʻladi. Davlat tomonidan maʼlum vazifalar, baʼzi hollarda qisman moliyaviy ehtiyojlarni qondirish ishlari amalga oshiriladi. Bunday tur Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shvetsiya va AQShda tashkil etilgan. Mas, AQShda har bir shtatning taʼlim boʻyicha oʻz qonunlari mavjud.
Aralash turdagi boshqaruvda taʼlim-tarbiya jarayonining barcha ishlari markaziy va mahalliy hokimiyat organlari hamkorligida amalga oshiriladi. Hindiston, Pokiston, Yangi Zelandiya mamlakatlarida taʼlimni boshqarish shu tarzda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha xalq ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi Prezident farmoni loyihasini muhokama etish uchun e’lon qilindi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar bermoqda.
Mazkur konsepsiyada 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish uchun yo‘l xaritasi tasdiqlanishi taklif etilgan. Ushbu hujjat mamlakatda 2030-yilgacha xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Konsepsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Uzluksiz ta’lim, shuningdek, professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini mazmunini sifat jihatdan yangilash;
Ta’lim berish metodlarini takomillashtirish, o‘quv jarayonini individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich amalga oshirish;
Xalq ta’limi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda innovatsion loyihalarni joriy etish;
Xalq ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va budjet mablag‘larini moliyalashtirish samaradorligini oshirish;
Yoshlarni tarbiyalash, shuningdek, ularning bandligini ta’minlashda maktabdan tashqari ta’limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini joriy etish.
Konsepsiya loyihasida ta’kidlanishicha, 2019-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida 9691 ta umumta’lim maktablari (jumladan, ayrim fanlarni chuqur o‘rganish bo‘yicha 335 ta davlat ixtisoslashtirilgan maktablar) mavjud. Ayni vaqtda umumta’lim maktablarida 5,2 milliondan oshiq o‘quvchi, shuningdek 37 ta nodavlat ta’lim muassasasida esa 7,5 mingga yaqin o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda.
Umumiy ta’limning bir qismi bo‘lgan qo‘shimcha ta’lim bolalarning ijodiy salohiyati hamda qobiliyatini rivojlantirishga imkon beradi. Mazkur maktabdan tashqari ta’lim 211 ta “Barkamol avlod” ijodiyot markazlarida tashkil etilgan. Ushbu markazlardagi jami 5054 ta turli yo‘nalishdagi to‘garaklarda 140 mingdan ortiq o‘quvchi iqtidori rivojlantirilmoqda.
Shuningdek, yurtimizda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, 51 ta mutaxassislik bo‘yicha 1449 ta o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan.
Bundan tashqari, xalq ta’limi tizimida nogiron bolalar uchun 85 ta ixtisoslashtirilgan maktab va internatlar faoliyat yuritadi. Mazkur muassasalarning 50 tasi aqlida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularda 18533 nafar bolalarga ta’lim beriladi.
Skolioz bilan kasallangan bolalar uchun 21 sanatoriya-internati hamda 9 ta internat maktablari, shu bilan birga surunkali nafas yo‘llari kasalliklari bo‘lgan o‘g‘il-qizlar uchun 12 nafar internat maktablari mavjud.
Shuningdek, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor hamda uzoq muddatli davolanishga muhtoj bo‘lgan 10777 nafar o‘quvchi uy sharoitida ta’lim oladi. Tarbiyasi og‘ir bolalar ta’limi ikki muassasada amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida 19 mehribonlik uyi va 3 ta bolalar shaharchalari mavjud. Ularda 2441 ta yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qitilmoqda.
Konsepsiyada shuningdek, xalq ta’limi sohasidagi mavjud muammolar ko‘rsatilgan. Xususan, mazkur muammolar maktab ma’muriyati tizimida ham mavjud. Jumladan, mahalliy davlat idoralari maktablarga yordam bermasligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, davlat ta’lim xizmatlari darajasi aholi talab va takliflariga javob bermaydi.
Farmon loyihasida umumiy o‘rta ta’limni metodik ta’minlashda kamchiliklar mavjudligi ta’kidlanadi. Darsliklarning muqobil varianti mavjud emas. Maktablarni moddiy-texnik jihozlash va moliyalash tizimida ham muammolar mavjud.
Alohida ta’kidlash joizki, mazkur konsepsiya xalq ta’lim tizimining rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi. Hujjatga binoan, taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari ta’lim mazmunini modernizatsiyalaydi. Tarkibiy o‘zgarishlar hamda sifatli ta’limning teng huquqliligini ta’minlaydi.
Jumladan, konsepsiyada, eng avvalo, kelajakda innovatsion iqtisodiyotni yaratish uchun zarur bo‘lgan kasblarni egallashda asqotadigan chet tillari, informatika, matematika, fizika, kimyo va biologiya kabi sohalarda kompetensiyaviy ta’lim modelini yaratish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim mazmunini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi. Yangi o‘quv standartlari, dasturlar, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar innovatsion tarzda yaratiladi.
E’tiborlisi, o‘quvchilarning kasb-hunar tanlashi, professional kasbni egallashi hamda ularni zamonaviy kasblarga tayyorlashda o‘g‘il-qizlarning qobiliyatini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilishi kutilmoqda.
Maxsus ta’limni rivojlantirish maqsadida psixologik va pedagogik yordamga muhtoj bolalar ta’limi hamda tarbiyasiga ota-onalarning ham jalb etish belgilangan.
Shuningdek, o‘qituvchi va rahbarlar faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida, qolaversa, ularning ta’lim jarayonida zamonaviy texnologiyalaridan foydalanishini inobatga olgan holda xalq ta’limida yangi ish haqi tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Ta’lim va ishlab chiqarish komplekslari, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlari shakllantiriladi. Birgalikda mehnat bozori o‘rganilib, nogiron bolalarni o‘qitish uchun inklyuziv ta’lim tizimi yaratiladi, Jumladan, umumiy ta’lim muassasalarida maxsus asbob-uskunalar (ko‘tarish apparatlari, rampalar, tirgak va boshqalar) o‘rnatiladi. Shuningdek, ta’lim muassasalari tegishli inson resurslari (pedagogik defektologlar, bolalarni psixologik va pedagogik qo‘llab-quvvatlash mutaxassislari) bilan ta’minlanadi.
Ta’lim yutuqlarini baholashda xalqaro tadqiqot dasturi (PISA) doirasida umumiy o‘rta ta’lim sifatini baholashning milliy tizimi yaratiladi.
Konsepsiya doirasida umumta’lim muassasalari, ayniqsa olis qishloq hududlarida joylashgan maktablarning ta’lim resurslari ta’minoti sifatini yaxshilash bo‘yicha, shuningdek, barcha ta’lim maskanlarining Internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlash va o‘quv jarayonini kompyuterlashtirish darajasini oshirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
Chekka hududlardagi ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar ishining jozibadorligini oshirish uchun sharoitlar yaratish rejalashtirilgan.
Endilikda doimiy ravishda nogiron bolalarga ko‘mak beriladi va ular ta’lim muassasalariga qamrab olinadi. Bundan tashqari, nodavlat ta’lim muassasalari tarmog‘i, shuningdek, davlat-xususiy sektori hamkorligida faoliyat yurituvchi ta’lim muassasalari tarmog‘i kengaytiriladi.
Mazkur konsepsiyani amalga oshirish natijasida O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida yangi davlat ta’lim standartlari hamda o‘quv dasturlari joriy etiladi. Shu bilan birga, umumiy o‘rta ta’limga oid zamonaviy innovatsion hamda iqtisodiyot talablariga javob beruvchi STEAM fanlari yaratiladi. Yuqorida sanab o‘tilgan islohotlarning barchasi ma’lumotlarni yodlash yoki takrorlashga urg‘u berish uchun emas, aksincha, XXI asrda tanqidiy fikrlash, mustaqil izlanish hamda axborotni tahlil qilish uchun amalga oshiriladi.
Qolaversa, o‘quvchilar kompetensiyalarini rivojlantirish uchun zamonaviy ta’lim texnologiyalari joriy etiladi. Mamlakatimizda Prezident maktablari hamda “Zamonaviy maktablar” tashkil etiladi.
Xalq ta’limi vazirligi ushbu hujjatning takomillashtirishga hissa qo‘shish uchun barchani, jumladan, tajribali o‘qituvchilarni taklif etadi. Mazkur hujjat loyihasining muhokamasi 2019-yilning 22-yanvarigacha davom etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |