55
Atlantika okeani sohilida sovuq oqimning ta’siri tufayli o’rtacha harorat +12° +15°S
ni tashkil etadi. Maksimal harorat o’lkaning hech bir joyida +40°S dan yuqori
ko’tarilmaydi.
Janubiy Afrika yassi tog’ligida yog’inning kam bo’lishi tufayli daryo to’ri
yaxshi rivojlanmagan. Bu o’lkaning eng yirik va sersuv daryolaridan biri Zambezi
bo’lib, uning suv rejimi yomg’ir fasliga bog’liq. Undan keyin kattaligi jihatidan
ikkinchi va uchinchi o’rinlarda Oranj va Limpopo daryolari turadi. Barcha
daryolarda sharsharalar va ostonalar keng tarqalgan. Yassi tog’likning ichki platolari
va botiqlari berk havzani tashkil etadi. Berk havzaga qarashli daryolar o’z suvini
botiqlardagi sho’r ko’llarga va botqoqliklarga quyadi. O’lka shimolidagi baland
platolarda va tekisliklarda shamshod daraxti, qizil buk va karam palmalaridan tashkil
topgan siyrak o’rmonlar uchraydi. Bu yerda tropik jigar-rang-qizil tuproqlar keng
tarqalgan. Ayrim joylarda siyrak o’rmonlar savannalar bilan almashinadi.
Savannalarda shimoliy yarim shardagiga o’xshash baland bo’yli boshoqli o’tlar,
ulkan baobablar, akasiyalar va xilma-xil palmalar o’sadi. 1000 m dan balandda
tikanli butazorlar va baland o’tlar mintaqasi joylashgan. Undan yuqorida tipik al’p
o’tloqzorlari keng tarqalgan.
Yassi tog’likning katta qismi kserofit o’simliklar bilan qopangan. Ichki
hududlarda asosan butalar va quruq dasht o’simliklari o’sadi. Ularning qiyofasi nam
va quruq fasllarga bog’liq keskin o’zgarib turadi. Sharqdan g’arbga borgan sari
yog’in miqdorining kamayishi kserofit o’simliklar ko’payishiga sharoit yaratadi.
Ularning flora tarkibida piyozli o’simliklar, tikanli akasiyalar, turli xil aloelar
ko’pchilikni tashkil etadi. O’simlikka eng kambag’al joy Namib cho’li hisoblanadi.
Bu yerda tomiri yaxshi rivojlangan velvichiyalar va pakana bo’yli tikanli butalar har
yer har yerda uchrab turadi. Janubiy Afrika yassi tog’ligi rang-barang landshaftlari
bilan bir qatorda xilma-xil va boy fauna kompleksiga ham ega. Ammo, yovvoyi
hayvonlarni yillar davomida ko’plab ovlanishi natijasida ularning soni keskin
kamayib ketgan. Ayniqsa antilopalar, zebralar, jirafalar, fillar, qora qo’toslar va
karkidonlarning soni juda ham kam qolgan. Hatto yirtqich hayvonlardan arslonlar,
qoplonlar, sirtlonlar, yovvoyi mushuklar va yovvoyi itlar yo’qolib ketish arafasida
turibdi. Shuning uchun yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish maqsadida
qo’riqxonalar va milliy bog’lar tashkil etgan. Shulardan eng yirigi va mashhuri
Kryuger milliy bog’idir. Bu yerda Afrika materigi uchun xos bo’lgan barcha hayvon
turlari va qushlar to’plangan.
Bundan tashqari tabiatni muhofaza qilish va uni kelajak avlod uchun asrab-
avaylash maqsadida Markaziy Kalaxari, Chobe, Mangadingadi-Pans qo’riqxonalari,
Gemsbok, Kalaxari-Xemsbok, Uanki, Chobe, Kafue milliy bog’lari tashkil etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: