175
Lavrentiy yassi tog‘ligi.
Lavrentiy yassi tog‘ligi Shimoliy Amerikaning
shimoli-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, janubi-sharqda Appalachi tog‘lari,
janubda Markaziy tekisliklar, janubi-g‘arbda Buyuk tekisliklar, g‘arbda Makkenzi
tekisligi va shimolda Gudzon qo‘ltig‘i pastekisliklari bilan chegaralangan. Yassi
tog‘lik shimolda Shimoliy Muz okeani va shimoli-sharqda Atlantika okeani bilan
ham tutashgan. Umumiy maydoni 4,7 mln km
2
. Dengiz sathidan o‘rtacha balandligi
200-400 m ni tashkil etadi. Bu o‘lkaning shimoliy qismi tundra va o‘rmon tundra
landshaftlari bilan band. Shuning uchun Lavrentiy yassi tog‘ligining tabiati
ko‘pchilik jihatdan Yevrosiyoning Fenoskandiya tabiiy geografik o‘lkasiga o‘xshab
ketadi.
Lavrentiy yassi tog‘ligi Kanada qalqonining yirik qismi bo‘lib, uning
poydevori arxey va proterozoy eralarining kristall jinslaridan – granit, gneys,
kristalli slanes va dioritlardan tarkib topgan. Kristall jinslar platoning g‘arbida va
Gudzon qo‘ltig‘idan janubda yer yuzasidan ancha pastda yotadi.
Ularning yuzasi
paleozoy yotqiziqlari bilan qoplangan. Platoning shimoliy qismidagi kristall jinslar
dengiz trangressiyasi vaqtida hosil bo‘lgan yotqiziqlar bilan ko‘milgan. Ayrim
joylarda kristall jinslar gumbazsimon balandliklar va vulkanik massivlar shaklida
ko‘tarilib turadi.
Lavrentiy platosi foydali qazilmalarga juda boy. Qazilma boyliklarning
xilma-xil bo‘lishiga sabab plato poydevorini qadimiy kristall jinslardan tarkib
topganligidadir. O‘lkaning barcha hududlarida qora, rangli va nodir metallar keng
tarqalgan. Uning shimolidan temir, mis, nikel, kobalt,
janubidan kumush,
qo’rgoshin, volfram, kobalt, mis va uran rudalari qazib olinadi. Yassi tog‘likning
barcha hududida oltin konlari mavjud.
To‘rtlamchi davrda Lavrentiy platosi materik muzligi bilan qoplangan.
Materik muzligining asosan ikkita yirik markazi:
Labrador
va ikkinchisi Gudzon
qo‘ltig‘idan g‘arbda
Kivanin
bo‘lgan. Markazlarda muz qalqonining qalinligi 3000
m dan ham oshgan. Muzliklarning harakati natijasida yassi tog‘lik yuzasida
sidirilgan qoyalar, qo‘y peshonalari, muz ko‘llari, morena tepalari kabi relyef
shakllari hosil bo‘lgan. Yassi tog‘lik yuzasi asosan peneplenlashgan to‘lqinsimon
tekisliklardan iborat. Ularning markaziy qismi gumbazsimon shaklda ko‘tarilgan
bo‘lib, shimolga va janubga tomon pasayib boradi. Platoning to‘lqinsimon tekislik
yuzasidan qattiq jinslardan hosil bo‘lgan tog‘ kryajlari dengiz sathidan 500-600 m
baland ko‘tarilib turadi. O‘lkaning eng baland joyi Labrador yarim oroliga to‘g‘ri
keladi. Uning sharqiy qo‘ltig‘idagi
Torngat
kristall tog‘i 1500 m gacha, eng baland
Serk
cho‘qqisi 1676 m gacha ko‘tarilgan. Labradorning sharqiy qirg‘oqlari tik,
baland va fordlar bilan parchalangan.
Lavrentiy yassi tog‘ligining
iqlimi sovuq, kontinental. Shimoliy qismi
subarktika va janubi mo‘tadil iqlim mintaqasiga qaraydi. Uning hududida orografik
to‘siqlar bo‘lmaganligi sababli iqlim xususiyatlari shimoldan janubga va sharqdan
g‘arbga tomon asta-sekin o‘zgarib boradi. Yil davomida kontinental havo massalari
hukmronlik qiladi. O‘lkaning sharqiy qismiga Atlantikadan keladigan havo
massalari ta’sir etib, bulutli va tumanli kunlarning ko‘payishiga sharoit yaratadi.
Platoning ichki qismi iqlimini yumshatishga Buyuk ko‘llar havzasi va Gudzon
176
qo‘ltig‘i havzasi ham qisman o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Umuman yassi tog‘lik hududi
uchun uzoq davomli qish va qisqa muddatli salqin hamda sernam yoz xarakterli.
Sovuq oylarning o‘rtacha harorati janubdan shimolga tomon pasayib boradi.
Buyuk ko‘llar atrofida yanvarning o‘rtacha harorati -12°S, Gudzon qo‘ltig‘i
rayonida -26°S va tundrali shimolda -28°S ga teng. Qishda qor yog‘adi
va yil
davomida qor qoplami uzoq saqlanadi. Haroratning past bo‘lishi tufayli ko‘p yillik
muzloq yerlar keng tarqalgan. O‘lka hududida yoz fasli juda qisqa va salqin.
Faqatgina uning janubida yoz uzoqroq davom etib, iyulning o‘rtacha harorati +18°S
gacha ko‘tariladi, qolgan hududlarida +12
0
+14°S dan yuqori ko‘tarilmaydi. Hatto
Labrador yarim orolining qirg‘oqlarida iyulning o‘rtacha harorati +10°S gacha
pasayadi. Bunga sabab Labrador sovuq oqimining materik qirg‘oqlariga ko‘rsatgan
ta’siridir. Shu munsobat bilan yozda Labrador yarim orolining qirg‘oqlarida yomgir
ko‘p yog‘adi, qalin tumanlar esa yilning hamma fasllari uchun xarakterlidir. Yillik
yog‘in miqdori g‘arbda 330 mm dan sharqda 1000 mm gacha oshib boradi.
Yassi tog‘likning shimoliy qismida tundra va o‘rmon-tundra zonalari qirg‘oq
bo‘ylab keng polosa hosil qilib joylashgan. Labrador yarim orolining shimoliy
qismida ham tundra landshaftlari tarqalgan. Kuchli shamollardan himoyalangan ford
qirg‘oqlarida tundra o‘rmon landshaftlari bilan almashinadi. Tundra va o‘rmon-
tundra landshaftlari Gudzon qo‘ltig‘iga sohillari bo‘ylab janubga kirib boradi.
Gudzon qo‘ltig‘i qirg‘oqlarida va Labrador yarim orolida tundra landshaftlarini
janubga kirib kelishiga sabab bu hududlarda tez-tez takrorlanib
turadigan kuchli
sovuq shamollarning hukmronlik qilishi, yer usti suvlarining juda ham sekin oqishi
tufayli botqoqlanish jarayonining faolligi va okeandan keladigan namlik tarkibida
tuzlarning ko‘pligidir. Botqoqliklar g‘arbga tomon borgan sari kamayib boradi.
Platoning katta maydonini igna bargli o‘rmon landshaftlari qoplagan.
Tayganing ayrim joylari sidirg‘asiga qora yeldan tashkil topgan bo‘lsa, ayrim
joylarida ularga aralash holda tilog‘och, balzam pixtasi, qayin, qizil qarag‘ay, oq
qarag‘ay, tog‘teraklar ham o‘sadi. Tayganing botqoqlik o‘rmonlari pastqam yerlarda
yaxshi rivojlangan bo‘lib, ular qora qarag‘ay bilan qoplangan. Qumoq tuproqlarda
aksincha Banks qarag‘ayi keng tarqalgan. G‘arbga borgan sari yog‘inning kamayishi
tufayli botqoq landshaftlarining maydoni ham qisqarib boradi. Platoning g‘arbida
tayga o‘rmonlari shimolga tomon ancha kirib boradi, tundra landshaftlarining
maydoni esa keskin qisqarib, Shimoliy Muz okeani sohillarida
tor polosani hosil
qiladi. Bu polosada mox va lishayniklar, pakana bo‘yli qayin va tollar o‘sadi.
Lavrentiy yassi tog‘ligi o‘lkasining asosiy tabiiy boyligi igna bargli o‘rmonlardir.
Ular qurilish materiallari tayyorlashda va qog‘oz ishlab chiqarishda mahalliy xom-
ashyo bo‘lib xizmat qiladi. Tayga qimmatbaho mo‘yna beruvchi hayvonlarga ham
nihoyatda boy. Tayga o‘rmonlaridan qunduz, ondatra, norka va tulkilar, tundradan
qutb tulkisi ko‘plab ovlanadi. O‘lkaning ichki suvlari baliqlarga boy. Mahalliy aholi
mo‘yna beruvchi hayvonlardan tashqari daryo va ko‘llardan cho‘rtanbaliq, seld,
forel va boshqa baliqlarni ovlash bilan ham shug‘ullanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: