SO‘ZLASHUV USLUBI
Uyda, ko‘chada, insonlarning o‘zaro so‘zlashuvida qo‘llaniladigan uslub so‘zlashuv uslubi deb ataladi. Bu uslublarning adabiy til me’yorlariga rioya qiladigan ko‘rinishi adabiy so‘zlashuv uslubi deb yuritilsa, bunday meyorlarga rioya qilmaydigan ko‘rinishi oddiy so‘zlashuv uslubi deb ataladi. Adabiy so’zlashuv uslubi tilning adabiy me’yorlariga mos, tartibga solingan va ishlangan bo’lishi bilan xarakterlanadi.
Adabiy so‘zlashuv uslubi umumxalq adabiy tilining keng tarqalgan va barcha sohalar uchun bop turi bo‘lib, u adabiy me’yorlarga mos, ishlangan va tartibga solingan bo‘ladi. Adabiy so‘zlashuv uslubi kundalik muloqot uchun xizmat qiladi, o‘qitish ishlari, tarbiya va tashviqot shu uslubda olib boriladi, badiiy adabiyot shu uslubda yaratiladi.
Oddiy so’zlashuv uslubida esa betakalluflik bilan erkin muomala – aloqa qilish xarakterli xususiyatdir.
Oddiy so‘zlashuv uslubi nutq muomalasi jarayonida (erkinlik bilan) adabiy til hamda sheva elementlari ishtirok etishi, fikriy idrokni keng qamrovli bayon etishi bilan ta’riflanadi. So‘zlashuv uslubida ko‘pincha turli uslubiy bo‘yoqli so‘zlar, grammatik vositalar bo‘ladi, tovushlar tushib qolishi, orttirilishi mumkin: Kep qoling! Obbo, hamma ishni do‘ndiribsiz-da. Mazza qildik. Keta qoool!
Bu uslubda so‘z tartibi qoidaga nomuvofiq bo‘lishi (kecha konsert bo‘ldi klubda); ko‘chma, obrazli emotsional vositalar ko‘proq (g‘ayrat qil, shalvirama; Alini qarang, og‘zi qulog‘ida kabi) dialogik shaklda bo‘lib, to‘liqsiz gaplar va imo-ishoraning ko‘p ishlatilishi (Kelyapti (navbatchi), Ketdimi?— Ha, kabi),takrorlar (Kelib-kelib shu gapni topdingmi?), talaffuzda erkinlik (na’lat (la’nat), yangitdan (yangidan), opti (olibdi) kabi) yaqqol namoyon bo‘ladi. Oddiy so‘zlashuv uslubi badiiy asarda personajlar nutqini individuallashtirishda keng qo‘llanadi.
So’zlashuv uslubining quyidagi xususiyatlari bor:
Fonetik xususiyatlar.
Leksik-frazeologik xususiyatlar
Grammatik xususiyatlar
Oddiy so‘zlashuvning asosiy sintaktik belgilari quyidagilar:
1. So‘zlashuv uslubida fikr ko‘proq to‘liqsiz gap shaklida ifodalanadi. Bu uslubiyat, turli imo-ishoralar, oldingi gaplar, so‘roqlarga javob bo‘lish, suhbatdoshlarning bayon qilinayotgan fikrga bo‘lgan munosabati, xabar qilinayotgan voqea bilan qanchalik tanish bo‘lishi, suhbatdoshlar bir-birini qanchalik tushunayotganligi kabi omillar bilan belgilanadi. Ixcham va sodda shakldagi gaplar keng qo‘llanadi.
2. Faqat kesimdan tashkil topgan to‘liqsiz gaplar ko‘p qo‘llanadi. Bunday gaplar ko‘pincha takrorlanib kelib, ifoda ta’sirchanligini kuchaytiradi.
3. Oddiy so‘zlashuvda, ayniqsa, xalq og‘zaki ijodi asarlarida kesimi ko‘pincha sifatdosh /emish, sifatdosh/ekan konstruksiyalari hamda tuslangan ravishdoshlar bilan ifodalangan gaplar ko‘p ishlatiladi. Bunda voqea-hodisaning eshitilganligi, hikoya qilinayotganligi ifodalanadi.
4. Maqol va hikmatli so‘zlar, turli xalq iboralari keng qo‘llanadi. Bular, bir tomondan, ifodaning ta’sirchanligini oshirsa, ikkinchi tomondan, ifodaning hayotiy tajribaga asoslanganligini ko‘rsatib, nutqning yanada xalqchil bo‘lishiga xizmat qiladi.
5. Qo‘shma gaplarga ham tez-tez murojaat qilinadi. Lekin qo‘shma gaplarning qismlari qisqa, ixcham shaklda bo‘ladi. Bog‘langan qo‘shma gaplarga qaraganda bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar ko‘p kuzatiladi. Nutqning bu ko‘rinishida ko‘chirma gaplar alohida ajratilmaydi. Ular ko‘pincha muallif gapi bilan birikkan holda qo‘llanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |