Kurs ishini yozish quyi va yuqori bosqich talabalari uchun bir-biridan farq qiladimi? Albatta, 1-bosqichni bitirayotgan talaba bilan 2- 3- bosqichni tugatayotgan talaba nazariy, amaliy bilimlar, tarixiy mushohadalar nuqtai nazaridan o`zaro farq qiladi. Shuning uchun ham quyi bosqichdagi talabalardan kurs ishi yozish jarayoniga jalb etishdagi talablar, ma`lum darajada, yuqori bosqichdagi talabalarnikidan farqlanadi.
Quyi bosqich talabalaridan kurs ishiga oid asosiy talablar quyidagicha:
kurs ishi mavzusidan kelib chiqib, maqsad va vazifalarni aniq va to`g`ri belgilash;
mavzuga oid adabiyotlarni mustaqil o`rganish;
adabiyotlarni turlarga ajratish;
mavzu maqsad va vazifasidan kelib chiqib, adabiyotlarga tavsif berish;
aniq yo`nalishli reja tuzish va mavjud materiallarni taqsimlash;
mavjud adabiyotlarni tanqidiy o`rganish va tahlil qilish;
ilgari surilayotgan fikr-mulohazalarni asoslash;
kurs ishini ilmiy jihatdan to`g`ri rasmiylashtirish.
Quyi bosqich talabalaridan qilinayotgan asosiy talablarga nisbatan yuqori bosqichdagi talabalar uchun qo`shimcha vazifalar quyidagilardan iborat:
mavzuning dolzarbligi va nazariy ahamiyatini asoslash;
tarixiy va manbaviy obzor (tahlil) berish;
mustaqil ravishda manba, adabiyotlarni o`rganish va qayta tiklash.
Yuqori bosqich talabalari kurs ishini yozishda tarixiy–nazariy bilimlari, dunyoqarash kengligini, ilmiy mushohadasi shakllanayotgani va eng asosiysi, mustaqil tarzda ilmiy tadqiqot ishini olib borishga tayyorgarlik ko`rganliklarini ko`rsata olishlari kerak. Kurs ishi muvaffaqiyatida talabaning aqliy, ilmiy salohiyati ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Kurs ishi matnida asosiy qism, ya`ni kirish va xulosadan tashqari, umumiy hajmining 2/3 qismiga to`g`ri kelishi kerak.
Kurs ishi yozib bo`linganidan keyin ilmiy rahbar ko`rigiga beriladi va so`ngra tegishli kafedraga topshiriladi. Shuni alohida ta`kidlash kerakki, kurs ishi belgilangan muddatda ilmiy rahbarga va keyin kafedraga topshirilishi kerak, aks holda talaba o`quv rejasini bajarmagan hisoblanadi.
Shunday qilib, kurs ishi yozish jarayonida talaba avvalo mustaqil ilmiy tadqiqot olib borishga jalb qilinadi. Tarixiy mavzulardagi kurs ishlari oxir-oqibatda talabadan mustaqil adabiyotlar tahlili bilan shug`ullanish, tarixiy manbalarni tahlil qilish, maxsus kurs va tegishli predmetlarda o`tilgan mavzularni chuqur, ilmiy asosda o`rganish va yozma ravishda ifoda qilishga ma`lum bir ko`nikma hosil qiladi.
Kurs ishini yozishda asosiy masala dalillarni yig`ishdangina iborat bo`lib qolmasligi kerak. eng muhimi va qiyini kurs ishi mavzusi bo`yicha yig`ilgan materiallarni muvaffaqiyatli umumlashtirish, bir tizimga solishdan iborat. Kurs ishi yozish jarayonida kerakli adabiyotlarni yig`ish va dalillar to`plashga e`tibor birinchi o`ringa chiqsa ham, kurs ishini bevosita yozishga kirishilganda asosiy vazifa mavjud materiallarni ahamiyatga molik yoki unchalik shart bo`lmagan guruhchalarga ajratib olish hisoblanadi. Shundan keyingina kurs ishini materiallar asosida yozishga kirishish mumkin.
Kurs ishi titul varag`i (1- ilovaga qarang), hajmi, ko`chirma (sitata, iqtibos)lar keltirish tartib-qoidalari alohida qayd etiladi ( ilovaga qarang).
Do'stlaringiz bilan baham: |