Ta’lim metodlari:
1. Og’zaki bayon qilish metodlari (hikoya, suhbat, tushuntirish, ma’ruza).
2. Ko’rgazmali metodlar (namoyish, tasvirlash, ekskursiya).
3. Amaliy metodlar kabi turlarga ham ajratiladi (mashq, labaratoriya, didaktik
o`yin).
Ta’lim metodlarini tanlash. Pedagogika fanida o’qituvchilarning amaliy tajribasini o’rganish va umumlashtirish asoida ta’lim metodlarini tanlashga o’quv-tarbiya jarayoni kechayotgan shart-sharoitlar va aniq holatlarga bog’liq muayyan yondashuvlar vujudga keladi. Ta’lim metodlarini tanlashda quyidagi holatlar inobatga olinishi lozim: zamonaviy didaktikaning yetakchi g’oyalari, ta’lim, tarbiya va rivojlantirishning umumiy maqsadlari; o’rganilayotgan fan mazmuni va metodlari, mavzularining o’ziga xosligi; xususiy fanlar metodikasining o’ziga xosligi va umumdidaktik metodlarni saralashga qo’yiluvchi talablarning o’zaro aloqadorligi; muayyan dars materialining maqsadi, vazifalari va mazmuni; u yoki bu mavzuni o’rganishga ajratilgan vaqt; talabalarning yosh xususiyati, bilish imkoniyatlari, darajasi; talabalarning darsga tayyorgarlik darajasi; o’quv muassasalari, auditoriyalarning moddiy ta’minlanganlik darajasi, jihozlar, ko’rsatmali qurollar, texnik vositalarning mavjudligi; o’qituvchining imkoniyatlari, nazariy va amaliy jihatdan kasbiy tayyorgarlik darjasi, pedagogik mahorati, shaxsiy sifatlari; o’quv muassasalarida fanlararo hamkorlikning o’rnatilganligi.
Ba`zi didaktik metodistlar ta`lim metodlarini talabalarni bilmaslikdan bilishga borish yo`li, ayrim olimlar esa, ularni o`qituvchi va talaba faoliyatini o`zaro bog’lovchi metodlar, deb qarashadi. Ta`lim metodlarini o`quv ishlari majmui, shuningdek, ta`lim mazmuni shaklida qarash g’oyasi ham bor. Bu qarashlarning qay biri asosida ta`lim metodlarining mohiyati, o`quv-tarbiya jarayonidagi funksiyalarini batafsilroq tasavvur etish mumkin? Didaktikada hali ham eng munozarali muammolardan biri ta`lim metodlari tasnifi masalasidir.
Ularni ta`lim manbalari, didaktik vazifalar, mantiqiy fikrlash shakllariga qarab tasnif etish moyilligi mavjud. Ta`lim metodlarini tasnif etishda shu yo`nalishlardan qay biri ma`qul? Yoki ta’lim metodlarini tasnif etishning boshqa mezonlari ham mavjudmi? Adabiyotlarda «o`qitish metodlari», «o`qish metodlari» kabi terminlar qo`llanadi. Shunday bo`lgach, «ta`lim metodlari» iborasini ishlatishga ehtiyoj bormi? Metod termini yunonchadan tarjima qilinganda ma`lum bir maqsadga erishish yo`li, faoliyat usuli ma`nolarini anglatadi. Ta`lim metodi deganda ta`lim jarayonida o`qituvchi va talabalarning kutilgan maqsadga erishishga qaratilgan hamkorlikdagi faoliyat usullari tushuniladi. Ularga ko`ra ta`lim mazmunini o`zlashtirishga mos faoliyat tanlanadi.
Ta`lim metodlari o`quv-tarbiya jarayonining tarkibiy qismi bo`lib, ularsiz ta`lim maqsadi, vazifalarini amalga oshirish, o`quv materiallari mazmunini o`zlashtirish mumkin emas.
Ta`lim metodlari ham o`quv materiali mazmuniga, binobarin, talabalarning ma`lumoti, taraqiyoti, tarbiyasiga, shuningdek, o`qitish, o`qish faoliyatlarining bir-biriga kirishuvi va shu asosda o`zaro ta`sirning yuzaga chiqishiga yo`nalgan. Ta`lim metodi vositasida o`qituvchi va talabaning faoliyati o`zaro muvofiqlashadi. Ta`lim metodi-o`qituvchi va talabalarning ma`lumot mazmuniga yo`nalgan faoliyatini tartibga solish yo`lidir. Ta`lim metodlari tarkiban o`qitish metodlari va o`qish metodlaridan iborat.
1. Og’zaki bayon metodlari. Hikoya, suhbat, ma`ruza ta`limning bilimlarni og’zaki bayon qilish metodlari sanaladi. Bu metodlar evristik suhbatni hisobga olmaganda, asosan, talabalarning xotirasiga mo`ljallab tashkil etiladi, tuzilish jihatidan ularning tarkibi bir xil: o`qituvchi tushuntiradi, talabalar tinglaydi.
Hikoya.Hikoyaning bir necha xil turi mavjud: kirish hikoyasi- o`quv materialini o`rganishga talabalarni tayyorlash maqsadida o`tkaziladi. Kirish hikoyasi badiiy asarlar bilan tanishtirish, yangi mavzuga oid omillarni eslash, ularni dastlabki tahlil etish bilan daxldor metoddir; bayon shaklidagi hikoya- yangi o`quv materialini bevosita idrok etish bilan aloqador metodi sanaladi. Bayon shaklidagi hikoyada o`qituvchi o`quv materiali mazmunini turlicha aytadi, uning asosiy va ikkinchi darajali xususiyatlarini izohlaydi; yakunlovchi hikoya-undan darsning oxirida o`rganilgan mavzuga yakun yasash maqsadida foydalaniladi.
Ma`ruza. Ma`ruza o`rta umumta`lim Oliy ta’lim muassasilarining yuqori auditoriyalarida, kollejlarda, oliy o`quv yurtlarda foydalaniladigan ta`lim metodi bo`lib, unda o`zaro ta`sir o`qituvchining bayoni va talabalarning tinglashi, ayrim omillar, asosiy g’oya va bog’lanishlarni yozib olish shaklida amal qiladi. Ma`ruza uchun vaqt talabalarning tayyorgarlik darajasi, o`quv materiali xajmiga ko`ra belgilanadi.
Ma`ruza jarayonida talabalarning faolligi, tashabbuskorligini oshirish maqsadida o`qituvchi o`z nutqini ko`rgazmali qurol, muammo va topshiriqlar bilan uyg’unlashtiradi. O`quv materialiga oid iboralarga izoh berish, ayrim o`rinlarda talabalarning o`zlariga xulosa chiqarishni taklif etish talabalarning o`quv-biluv faoliyatining samarasini oshiradi.
Suhbat. Suhbat o`qituvchi talabaning o`zaro ta`siri dialog shaklidagi ta`lim metodidir. Unda mavzu mazmuniga xos, atroflicha o`ylangan, bir-biriga bog’liq savollarni qo`yish va savollarga javob izlash hamda javob qaytarish yo`llari bilan o`qituvchi va talaba faoliyati o`zaro muvofiqlashadi.
Suhbat mohiyati jihatidan ikki turli bo`ladi: evristik suhbat; katoxezistik suhbat. evristik suhbat talabalarning tafakkuriga mo`ljallangan metod bo`lib, unda o`zaro ta`sir o`qituvchi savollari talabalarningjavoblari shaklida amal qiladi. evristik suhbat uzoq tarixga ega bo`lib, undan qadimgi Gretsiyada Suqrot mohirona foydalangan.
U hozirgi ilmiy-didaktik tadqiqotlarda «izlanish suhbati» ham deb yuritaladi. Evristik suhbatning qator ijobiy tomonlari mavjud; ijodiy yo`l bilan o`quv materialini o`rganish; o`zlashtirishning individual harakter kasb etishi.
Katoxezistik suhbat talabalarning xotirasiga, binobarin, qayta esga tushirish faoliyatiga mo`ljallab o`tkaziladi. O`tkazish maqsadiga ko`ra katoxezistik suhbatning quyidagicha turlari mavjud:
Yakunlash suhbati. Bunday suhbatda mashg’ulotda qilingan ishlar bo`yicha umumiy va yakuniy xulosa chiqariladi.
Mustahkamlash suhbati-yangi mavzu tushuntirilgandan keyin o`tkaziladi, so`ngra yangi mavzu intelektual va amaliy topshiriqlar bajariladi.
Takrorlash suhbati ikki yoki undan ortiq mavzu bo`yicha o`tkaziladi.Takrorlash yo`li bilan malakalar takomillashtiriladi. Umumlashtiruvchi suhbat katta bo`lim o`tilgandan so`ng, o`quv boshida, oxirida tashkil etiladi.
Kirish suhbati yangi mavzuni o`rganishdan oldin o`tkaziladi. Nazorat suhbati bilimlarni sinab ko`rish maqsadida tashkil etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |