II BO‘LIM.
SOLIQ HISOBI VA SOLIQ HISOBOTLARI
7-bob. Soliq hisobi
76-modda. Soliq solish maqsadlarida hisobga olish va hisob hujjatlari
Soliq solish obyektlari va (yoki) soliq solish bilan bog‘liq obyektlar to‘g‘risidagi axborotni umumlashtirish hamda tizimlashtirish, shuningdek soliqlarni, yig‘imlarni hisoblab chiqarish va soliq hisobotini tuzish maqsadida ushbu Kodeks talablariga muvofiq soliq to‘lovchi yoki soliq agenti tomonidan hisob hujjatlarini yuritish soliq solish maqsadlarida hisobga olish deb e’tirof etiladi.
Hisob hujjatlari soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bog‘liq obyektlarni aniqlash, shuningdek soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish uchun asos bo‘lgan boshlang‘ich hujjatlar, buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa hujjatlardan iboratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar ushbu moddaning to‘rtinchi qismida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, soliq solish maqsadlarida hisobga olish buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga asoslanadi. Buxgalteriya hisobi va hisob hujjatlarini yuritish tartibi buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilik bilan belgilanadi.
(76-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq zimmasiga buxgalteriya hisobini yuritish majburiyati yuklatilmagan shaxslar soliq solish maqsadlarida hisobga olishni ushbu bobga muvofiq tashkil etadi va yuritadi.
(76-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Soliq solish maqsadlarida hisobga olishga nisbatan soliq organlarining axborot tizimlaridan majburiy foydalanishga doir talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadigan tartibda belgilanishi mumkin.
(76-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-741-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
LexUZ sharhi
Qarang: “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi Qonunining 5, 6-moddalari, “Moliyaviy va soliq hisobotlarini aloqaning telekommunikatsiya kanallari vositasida davlat soliq xizmati organlariga taqdim etishning tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2808, 12.07.2016-y.).
Do'stlaringiz bilan baham: |