75-modda. Tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar
Tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar jumlasiga tegishli yuridik shaxslarga doimiy foydalanishga berilgan moddiy madaniy meros obyektlarining yerlari kiradi. Mazkur yerlarda ularning belgilangan maqsadiga zid bo‘lgan har qanday faoliyat taqiqlanadi.
Moddiy madaniy meros obyektining o‘zgartirilishi mumkin bo‘lmagan o‘ziga xos xususiyatlarini va uning tarixiy muhitini saqlab qolish maqsadida unga tutash hududda muhofaza zonalari, imoratlar qurishni va xo‘jalik faoliyatini tartibga solish zonalari, muhofaza etiladigan tabiiy landshaft zonalar belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarni ajratish va ulardan foydalanish, ularga tutash hududlarda muhofaza zonalarini, imoratlar qurishni va xo‘jalik faoliyatini tartibga solish zonalarini, muhofaza etiladigan tabiiy landshaft zonalarni belgilash va ularni muhofaza qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
(75-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni 15-moddasining birinchi, oltinchi xatboshilari, 16-moddasining birinchi, ikkinchi, yettinchi xatboshilari, 23-moddasining ikkinchi qismi, 26-moddasining uchinchi qismi, 29 — 33-moddalari.
(9-bob O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Erdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.07.00 Erlarning ayrim toifalari va turlarining huquqiy rejimi / 11.03.07.06 O‘rmon fondi yerlari]
10-BOB. O‘RMON FONDI, SUV FONDI YERLARI VA ZAXIRA YERLAR
76-modda. O‘rmon fondi yerlari
O‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlar o‘rmon fondi yerlari deb e’tirof etiladi.
Boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar o‘rmonzorlar barpo etish, jarliklarning kengayishini to‘xtatish, shaharlar va sanoat markazlari atrofida ihota o‘rmonzorlar va ko‘kalamzor zonalar yaratish uchun belgilangan tartibda o‘rmon fondi yerlari tarkibiga o‘tkazilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari o‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlarini jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berishi, shu jumladan kimoshdi savdolari o‘tkazish orqali ijaraga berishi mumkin. O‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlari jismoniy va yuridik shaxslarga investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik asosida uch yildan kam bo‘lmagan va qirq to‘qqiz yildan oshmaydigan muddatga ijaraga berilishi mumkin.
(76-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 29-sentabrdagi O‘RQ-639-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2020-y., 03/20/639/1342-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘rmon fondi yerlaridan foydalanish tartibi maxsus qonunchilik bilan belgilanadi.
(76-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘rmon to‘g‘risida”gi Qonuning 8-moddasi, 28-moddasi uchinchi qismi, 31-moddasi oltinchi qismi, 33-moddasi birinchi qismi birinchi, uchinchi xatboshlari, 43-moddasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |