Iqtisodiyot va uning bosh masalasi
Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmetini bilib olishdan oldin iqtisodiy faoliyatning mazmuni to’g’risida tushunchaga ega bo’lish va eng avvalo, iqtisodiyotning o’zi nima, degan savolga javob berish lozimdir.
Bugun hammaga ma’lumki, kishilar yashashlari, siyosat, san’at, adabiyot, fan, ma’rifat, madaniyat, ta’lim bilan shug’ullanishlari uchun hayotiy ne’matlarni iste’mol qilishlari, kiyinishlari va turli xil xizmatlardan bahramand bo’lishlari kerak. Buning uchun esa oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy va turli xizmatlardan iborat hayotiy vositalar zarur.
Kishilar bunday hayotiy vositalarga ega bo’lishi uchun turli sohalarda faoliyat ko’rsatadi. Insonning bu turli faoliyatlari ichida eng asosiysi, ularning yashashi va kamol topishini ta’minlaydigan moddiy va ma’naviy ne’matlarni ishlab chiqarish hamda xizmatlar ko’rsatishdan iborat bo’lgan iqtisodiy faoliyatdir.
Kishilarning yashashi, kamol topishi uchun zarur bo’lgan hayotiy vositalarni ishlab chiqarish va iste’molchilarga etkazib berishga qaratilgan, bir-biri bilan bog’liqlikda amal qiladigan turli-tuman faoliyatlar yaxlit qilib, iqtisodiy faoliyat deb ataladi.
Qadimda iqtisodiy faoliyatning asosiy shakli uy xo’jaligi doirasida ro’y bergan. Shuning uchun iqtisodiyot deganda uy xo’jaligi va uni yuritish qonun-qoidalari tushinilgan. Lekin, hozirgi davrda iqtisodiyot faqat uy xo’jaligi doirasi bilan cheklanib qolmaydi, balki yirik xususiy va jamoa xo’jaliklari, hissadorlik jamiyatlari, davlat xo’jaliklari, moliya va bank tizimlari, xo’jaliklararo, davlatlararo birlashmalar, korporatsiyalar, kontsernlar, qo’shma korxonalar, hamda ular o’rtasidagi iqtisodiy munosabatlardan iborat bo’lgan, juda murakkab organizm hisoblanadi.
Iqtisodiyot – bu iqtisodiy ne’matlarni takror ishlab chiqarish jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar hamda ularni tartibga soluvchi mexanizmlar va turli darajadagi muassasalarning ma’lum darajada tartibga solingan tizimidir. Boshqacha aytganda iqtisodiyot - bu zaruriy hayotiy ne’matlar yaratish yo’li bilan jamiyat ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiluvchi xo’jalik tizimlari majmuasidir. Har qanday iqtisodiyot bir qator zaruriy bo’g’inlar va umumiy tarkibiy tuzilmalardan iborat bo’ladi.
Bular ichidan ishlab chiqarishning texnologik usuli, ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy-iqtisodiy munosabatlar, ijtimoiy mehnat taqsimoti va ixtisoslashish, jamiyatning iqtisodiy resurs salohiyati va ustqurmaviy tuzilmalarini alohida ajratib ko’rsatish mumkin.
Iqtisodiyot doirasida moddiy boyliklarni, ya’ni jamiyat uchun zarur bo’lgan ne’matlarni takror ishlab chiqarish jarayoni ro’y beradi.
Iqtisodiy fanda takror ishlab chiqarish qisqarib boruvchi, oddiy va kengaytirilgan turlarga ajratiladi.
Qisqarib boruvchi takror ishlab chiqarishda ishlab chiqarish hajmi kamayib borish tartibida takrorlansa, uning oddiy turida bir me’yorda, o’zgarmasdan va kengaytirilgan turida esa kengayib borish tartibida takrorlanadi.
Tovarlar, xizmatlar va resurslarning harakati bo’yicha takror ishlab chiqarish - ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimlash va iste’mol qilish jarayonlarining birligidan iboratdir. Bularning ichida eng asosiysi va boshlang’ich bo’g’ini ishlab chiqarish jarayonidir. Chunki hamma tovar va xizmatlar xuddi shu bosqichda yaratiladi. Agar ishlab chiqarilmasa, taqsimlanadigan, ayirboshlanadigan va nihoyat, iste’mol qilinadigan narsalar bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |