40-modda. Zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlarini saqlash shartlari Zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlari qisqartirilgan yoki tugatilgan hollarda tashkilot mahalliy mehnat organiga axborot taqdim etadi.
Texnologiyadagi, ishlab chiqarishni tashkil etish va mehnat shart-sharoitlaridagi o‘zgarishlar, xodimlar sonining o‘zgarishiga olib kelgan ish hajmlarining qisqarishi bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish chog‘ida, zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan shaxslar uchun ish o‘rinlari, agar ushbu shaxslarning soni xodimlar soni o‘zgargan kalendar yil uchun tuman (shahar) hokimlarining qarorlari bilan belgilangan zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlari sonidan ortiq bo‘lmasa, ustuvor tartibda saqlanadi.
Zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rni ilgari ushbu ish o‘rnini egallagan shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi munosabati bilan bo‘shaganda, tashkilot yangidan ochilgan bo‘sh (vakant) ish o‘rni to‘g‘risida mahalliy mehnat organini o‘n kunlik muddatda xabardor qilishi shart.
Tashkilot tumanlar (shaharlar) hokimlarining qarorlariga muvofiq o‘zi uchun ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yiladigan toifadagi shaxslarni ishga joylashtirishi shart.
Tashkilot zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlari umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlarining tayyorligini yil boshlanishidan oldin o‘n kundan kechiktirmay ta’minlashi, shuningdek bu haqda mahalliy mehnat organini xabardor qilishi shart.
Ish o‘rinlarining qolgan qismini zaxiraga qo‘yish tashkilot tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida ta’minlanadi, bu haqda mahalliy mehnat organi birinchi chorak tamom bo‘lganidan keyin o‘n kundan kechiktirmay xabardor qilinadi.
Tashkilotlar mahalliy mehnat organiga ishga joylashtirish to‘g‘risida har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar axborot taqdim etadi.
Mavsumiy va vaqtinchalik ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.
41-modda. Tuman (shahar) hokimining ish o‘rinlarining eng kam sonini tashkil etishga doir qarorini bajarmaganlik, shuningdek zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirishni asossiz ravishda rad etganlik uchun javobgarlik Tuman (shahar) hokimining davlat qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini tashkil etishga doir qarorini bajarmaganlik, shuningdek zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga mahalliy mehnat organlari tomonidan yuborilgan shaxslarni ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etganlik Qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Javobgarlikka tortish zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlarining belgilangan sonini tashkil etish majburiyatidan ozod qilmaydi.