Toza nutq - andozali nutq. Qaysi tilda ma’ruza o‘qishdan qatiy nazar, o‘sha tilning sofligi, boyligi o‘qituvchi nutqida aks etadi. Bir tilga xos xususiyatlarni yoki so‘zlarni ikkinchi tilga qo‘shib so‘zlash yoki adabiy til me’yorlariga mos bo‘lmagan so‘z va iboralarni qo‘llash nutqning tozaligiga zid.
Demak, nutqning tozaligi, uning adabiy til mezonlariga mos kelish-kelmasligi, g‘ayri adabiy til unsurlaridan holi bo‘lishidir.
Anglashilayaptiki, deyarli barcha tillarda bor bo‘lgan sheva, varvarizm, kanselyarizm, professionalizm, akademizm, vulgar kabi so‘z va iboralarni adabiy tilga aralashtirib qo‘llashdan qochish ma’qul.
Badiiy adabiyotda bularni qo‘llash holatlari mavjud. Unda milliy koloritni berish, qahramonning qalb-qiyofasini ochish uchun xizmat qiladi. O‘zbek tili sheva va lahjalarga boy. Shu bois adabiy til normasida fikrlash lozim bo‘ladi.
Ana shu nuqtai nazardan yondoshilsa, ta’lim muassasasida faoliyat ko‘rsatuvchi pedagoglar nutqi maqtovga sazovor bo‘ladi. Shu sababli, adabiy tilda so‘zlashga harakat qilinsa ham, shevada fikrlash g‘ayriixtiyoriy tarzda dialektlarga xos so‘z va atamalarni qo‘llab yuborishga olib keladi. Pedagoglar nutqidagi sheva unsurlari, ayniqsa, nutq tovushlarining talaffuzida yaqqol seziladi.
Bu unli tovushlarning cho‘ziq yoki qisqaligini, lablangan yoki lablanmaganligini farqlay olmaslikda ko‘rinadi. «O» unlisini tojikcha «o‘»ga yaqinroq qilib talaffuz etish. Masalan: bor-bo‘r.
«I» qisqa unlisini cho‘ziq varianti bilan almash qo‘llash. Misol: qыz-qiz.
«Q» undoshi o‘rniga «f» ni («chiqmoq - chig‘moq»), «h» undoshi o‘rniga «x»ni (bahor-baxor, hamma-xamma) qo‘llash kabi fonetik sheva unsurlari kuzatiladi.
Chet tillardan o‘zlashgan so‘zlarni qorishtirib ifodalash mavjud. «Mentalitet», «immunitet» kabi so‘zlarning muqobilibo‘lgani holda, omma anglashi mushkul bo‘lgan atamalarni keltirish nojoizdir. Shu o‘rinda ushbu fikr e’tiborlidir: «Turmushga oid turli xil narsa va xodisalar borki, xayotga singib ketgan. Tilda uni nomlovchi so‘z bo‘lmasa, shunday so‘zni qo‘shni tildan olish mumkin. Lekin tilda mavjud so‘zlar o‘rnida boshqa so‘zni qo‘llash zararlidir».
Nutqda kanselyarizm (idoraviy atamalar), akademizm (ilmiy uslub) imkon qadar qo‘llanilmagani, ommaviylik yetakchi o‘rin tutgani durust. Keng jamoatchilikka tushunarli termin va atamalarni ishlatish maqsadning, nutq mohiyatining tez anglanishini ta’minlaydi.
Ba’zi hollarda o‘quvchilar muloqot mavzusini chuqur bilmasdan, fikr ifodalashda qiynaladilar va odatga aylangan ushbu so‘zlarni ishlatadilar. Misol: «Xo‘sh, haligi, anaqa, o‘sha, nimaydi, deylik, demakkim» va h.k.
Bular tilshunoslikda «parazit so‘zlar» deyiladi. Nutqning tozaligiga putur yetkazuvchi bunday so‘zlarni qo‘llamaslik uchun mavzuni sinchiklab o‘rganish va nutqiy mashqlar qilish lozim. Nutq tozaligiga salbiy ta’sir etuvchi holatlardan biri vulgar (qo‘pol) so‘zlarni istifoda etishdir. Qarg‘ish, haqorat ma’nolarini anglatuvchi bunday so‘zlar oynai jahon orqali namoyish etiluvchi badiiy film va spektakllarda qahramon qiyofasini, sajiyasini, ruhiy holatini ochishda ba’zan qo‘llaniladi. Nutq uchun soflik deganda, ta’lim beruvchi bilan ta’lim oluvchi orasidagi muloqotni oson tushunilishi anglashiladi. Bu esa bir jihatdan, nutqning soddaligi va qisqaligini ham anglatadi. Allomalardan biri «tilning tozaligi, ma’no aniqligi va o‘tkirligi uchun kurash madaniyat quroli uchun kurashishdir. Bu qurol qanchalik o‘tkir, qanchalik aniqyo‘naltirilgan bo‘lsa, shunchalik g‘olib bo‘ladi », - degan.
Nutq tozaligiga erishish uchun o‘quvchi og‘zaki nutq madaniyati va nutq texnikasini yaxshi bilishi va unga amal qilishi zarur bo‘lgani holda o‘z nutqini nazorat qilib, o‘zgalar nutqi bilan solishtirib borishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |