Makon va vaqtning dinamik va statik konsepsiyalari. Falsafa tarixida vaqt tartibi hamda yo’nalishini tushunib yetishning dinamik va statik konsepsiyalari shakllangan. Geraklitning «panta rei» (hamma narsa oqadi, hamma narsa o’zgaradi) tezisi bilan bog’liq yondashuv vaqtning dinamik konsepsiyasiga asos bo’lgan.
Dinamik konsepsiya vaqt jarayonlarining, shu jumladan vaqt oqimining obyektiv borlig’ini, ya’ni o’tmish, hozir va kelajak voqyealari o’rtasida real fizik farqlar mavjudligini tan oladi. Ayni vaqtda, mazkur konsepsiya nuqtai nazaridan, haqiqiy borliqqa hozirgi vaqt voqyealarigina ega bo’ladi. O’tmish xotiralarda mavjud, kelajak voqyealari amalda ro’y beradimi, yo’qmi - noma’lum. Faqat hozirgi vaqtda ehtimol tutilgan voqyealar o’tmishdagi sabablar asosida real borliqqa aylanishi mumkin. So’ngra ular ham o’z davrida muayyan iz qoldirib, o’tmishga aylanadi.
Statik konsepsiyasi vaqt tartibi va yo’nalishini tushunib yetishning ikkinchi konsepsiyasi - obyektiv vaqt jarayonlari mavjudligini inkor etmagan holda, vaqtning o’tmish, hozir va kelajakka bo’linishini rad etadi. Unda «oldin - keyin» vaqt nisbati obyektiv deb e’tirof etiladi. Ushbu konsepsiya tarafdorlari B.Rassel va T.Gold fikriga ko’ra, kuzatish e’tibordan soqit etilsa, dunyoda har qanday holat yuz berishi mumkin. G’arb falsafiy adabiyotlarida bu konsepsiya «Sovib qolgan olam konsepsiyasi» deb ataladi.
Ammo statik konsepsiyaning vaqtning harakati va oqimi subyekt – kuzatuvchiga bog’liqligi haqidagi asosiy tezisiga qo’shilish qiyin. Ko’pgina jarayonlar kuzatuvchidan qat’iy nazar mavjud bo’ladi va yuz beradi. Eng katta muammo – hozirgi vaqtni qanday tushunish mumkinligida. Statik konsepsiyaga ko’ra, hozirgi vaqtning istalgan lahzasida olamning o’tmishdagi barcha holatlari mujassam, bo’lajak holatlari esa yashirin shaklda mavjud bo’lsa, qanday qilib yangi holatning paydo bo’lishi haqida gapirish mumkin? Bu yerda o’tmish va kelajak voqyealari o’rtasida go’yo to’liq simmetriya mavjudligi haqidagi yondashuv ilgari suriladi, vaholanki, voqyealarning haqiqiy ketma-ketligi amalda nosimmetrik tarzda ro’y beradi.
Nemis faylasufi va mantiqchisi Gans Reyxenbax «Vaqt nima?», degan savolga javob berishga harakat qilib, quyidagi ta’riflarni ishlab chiqqan:
1. Vaqt o’tmishdan kelajak sari harakatlanadi;
2. «Hozir» o’tmishni kelajakdan ajratuvchi hozirgi vaqtdir;
3. O’tmish hyech qachon orqaga qaytmaydi;
4. Biz o’tmishni o’zgartira olmaymiz, lekin kelajakni o’zgartirishga qodirmiz;
5. Biz o’tmishning tarixiy «bayoni»ga ega bo’lishimiz mumkin, lekin kelajakni bayon qilish, bu bilan bog’liq imkonga ega bo’lishimiz mumkin emas;
6. O’tmish ma’lum, kelajak ma’lum emas.
Bu ta’riflarga qo’shilmaslik qiyin, ularda sog’lom fikrning oddiy mantiqi mujassamlashgan. Ammo vaqt bilan bog’liq muammolar majmuida aniq yechimi topilmagan masalalar bo’lib, vaqt nisbatlari tiplarining rang-barangligi ana shunday masalalardan biridir. Vaqt nisbatlarining turlari: tizimning ichki va tashqi vaqti; inson borlig’i vaqti; davrning madaniy-tarixiy vaqti; astronomik vaqt; fizikaviy vaqt; biologik vaqt va h. k. kabilardir.
Nisbiylik nazariyasidan jismlarning harakat tezligi oshganida va u yorug’lik tezligiga yaqinlashganida massa ortishi va harakatsizlik holatlariga nisbatan vaqt jarayonlari sekinlashishi ma’lum. Vaqt ritmlarining pasayishi juda kuchli gravitasiya maydonlari ta’sirida ham yuz beradi. Tirik organizmlarda turli funksional tizimlarning kun va tun, yil fasllari, quyosh faolligi sikllarining almashuviga bog’liq bo’lgan bioritmlari ham amal qiladi. Davriy ritmlarga asoslangan biologik soatlar har qanday organizmda, hattoki, o’simliklarda ham mavjud deb taxmin qilinadi. Kibernetika asoschisi Norbert Viner insonda vaqt sezgisi uning miya ritmlari, xususan, miya faolligini tavsiflovchi «alfa» ritm bilan bog’liq, degan taxminni ilgari surgan. Ba’zan vaqt sezgisi almashinuv jarayonlari bilan bog’lanadi. Qarilikda moddalar almashinuvining faollik darajasi pasaygani sababli, ichki hayot mexanizmining harakati ham sekinlashadi.
Yaxlit organizm sifatidagi jamiyat ham o’z vaqt munosabatlari va rivojlanish ritmlariga ega. Ular ijtimoiy o’zgarishlar, ishlab chiqarish va fanning rivojlanishiga qarab yo tezlashishi, yo sekinlashishi mumkin, ba’zan hatto muayyan ijtimoiy jarayonlarning stagnasiya holati to’g’risida ham so’z yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |