To‘rtinchi bosqich 1985 yilda boshlanib, 1991 yilgacha davom etdi. Bu davrda “qayta qurish” orqali “sotsializmni yangilash” g‘oyasi ostida fuqarolik ittifoqlarining rivojlangan modelini qurishga harakat qilingan. Lekin, vaziyat kommunistik rejim nazoratidan chiqib ketdi. Bu, birinchidan “jarayonning borishi”ga umumiy Kreml kayfiyatini va mamlakatda umumiy boshqaruvsizlikni aks ettirdi, ikkinchidan, jamoatchilik birlashmalari faoliyatining huquqiy mexanizmlari yo‘qligi va uchinchidan, bunday birlashmalarni moliyaviy ta’minlash imkoniyatining yo‘qligi edi.
Ammo shu davrda O‘zbekistonda mamlakatning oliy rahbariyati boshchiligidagi sog‘lom kuchlar davlat mustaqilligiga erishishda tom ma’nodagi jamoatchilik birlashmalarining rolini inobatga olgan holda, ularning rivojlanishiga zamin hozirladi. SHunday qilib, Prezident I.Karimov tashabbusiga ko‘ra, hali 1991 yilning yozidanoq, jamiyatda ayollar roli va ayniqsa mamlakatda demografik vaziyatning xususiyatlarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston xotin-qizlar Qo‘mitasi qayta tiklandi. 1995 yilning martidan jamoatchilik-davlat maqomini olgan bu yagona tashkilot o‘z strukturasida vertikal ierarxiya tizimiga ega bo‘ldi. O‘zbekistondagi NNTlari taraqqiyotining beshinchi bosqichi 1991 yilning sentyabridan boshlanib, 1996 yilgacha, ya’ni ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning hamma jabhalarida liberalizatsiya jarayoni boshlangunga qadar davom etdi. Uning asosiy xususiyatlari: birinchidan – jamoatchilik birlashmalarining mazmun va funksiyalarining o‘zgarishi; ikkinchidan – sovet strukturalarining demokratik strukturalarga oddiy transformatsiyasini tugatilishi (KPni XDPga, YOshlar Ittifoqini «Kamolot» jamg‘armasiga va hokazo); uchinchidan – ba’zi bir sobiq sovet strukturalarini shunchaki yo‘qolib ketishi.
1996 yildan boshlangan oltinchi bosqich bilan amaldagi jamoatchilik birlashmalari mustahkamlandi va mustaqillik, demokratiya, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati ruhiga mos yangi tashabbuskor ittifoqlar yaratila boshlandi.
O‘zbekistonda vazifa va funksiyalariga ko‘ra bir-biridan farqlanuvchi, ishtirokchilar ommaviyligiga va moddiy-texnika imkoniyatlariga qarab quyidagi tashkilotlarni NNT toifasiga kiritish mumkin:
ijtimoiy fondlar;
assotsiatsiyalar;
o‘z-o‘zini boshqarish organlari.
1995 yilda kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq, iste’molchi kooperativlar shaklidagi yuridik shaxslar ham notijorat tashkilotlariga kiradi.
Umume’tirof etilgan tasnifga ko‘ra, O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlari quyidagi guruhlarni o‘z ichiga oladi:
Birinchi guruh - aholining muayyan yirik toifalarining ijtimoiy manfaatlariga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan umummilliy strukturalar (“Mahalla” Fondi, xotin-qizlar qo‘mitasi, nogironlar Assotsiatsiyasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” foxriylar Fondi va boshqalar).
Ikkinchi guruh - ekologiya, madaniyat va salomatlikka ixtisoslashgan milliy-xalqaro fondlar (“EKOSAN” Fondi, “Oltin meros” Fondi, “Sog‘lom avlod uchun” Fondi, Amir Temur madaniy-tarixiy Fondi, Ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish Fondi, Orolni qutqarish Fondi, Markaziy Osiyo mamlakatlarining fan va madaniyat xodimlari Fondi va boshqalar).
Uchinchi guruh - professional manfaatlarga oid ijtimoiy muassasalar, ulardan eng ko‘zga ko‘ringanlari quyidagilar: “Ijtimoiy fikr” Markazi, “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazi, jurnalistlarni qayta tayyorlash Xalqaro markazi va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |