§ 1.3. Sog‘liqni saqlash tizimida psixologik xizmatni tashkil etishning kasbiy-
tuzilmaviy muammolari
Izlanishlar tahlili sog‘liqni saqlash tizimida psixologik xizmatni tashkil etishning
konseptual modellari yetarlicha ishlanmaganligi, hali hanuz ayrim shifokorlarda ham, aholi
o‘rtasida ham psixolog, psixoterapevt, psixonevrolog, psixiatr mutaxassisliklarini yetarlicha
farqlamaslik, ularni aralashtirib yuborish, noto‘g‘ri idrok etish xollari kuzatiladi.
Z.R.Ibodullaev ana shu doirada har bir mutaxassislik bo‘yicha tushuntirish berib o‘tar
ekan, psixoterapevt bemorlarni davolashda psixologik usullardan keng foydalanuvchi vrach,
demak, psixoterapevt vrach va u tibbiy psixologiya bo‘yicha magistratura bosqichida yetishib
chiqadi, deb e’tirof etadi. Psixonevrolog xulq-atvorning turli darajadagi buzilishlari bilan
namoyon bo‘ladigan kasalliklarni davolovchi vrach. Masalan, nevroz, isteriya, psixoz, fobiya,
depressiya v h.k. Demak, biroz yengil ifodalangan ruhiy buzilishlarni psixonevrologlar
davolashadi. Psixonevrologlar psixiatriya bo‘yicha maxsus kurslarda yoki magistraturada
tayyorgarlikdan o‘tadi. Neyropsixolog – nevrologiya va psixologiya ilmini chuqur biladigan
mutaxassis. Neyropsixologlar tibbiy psixologiya kafedrasida tahsil oladilar. Psixiatr shaxsdagi
keskin o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy buzilishlarni davolaydi (shizofreniya, suitsid
va h.k.) [36].
Bir qator mualliflar davolash-korreksion ishlarda individual, guruhiy va oilaviy
mashg‘ulotlar, o‘yin terapiyasi, adaptatsion-korreksion treninglar, ertakterapiya, artterapiya,
psixodrama, qum bilan ishlash usullarini keng qo‘llashni taklif etadilar. Somatik kasalliklarda
psixoterapiya kasallikning klinik ko‘rinishlarini kamaytirish, bemorning ijtimoiy faolligini
oshirishga qaratilishi lozimligini ta’kidlaydilar [127].
Ye.S.Dyachkova zamonaviy sivilizatsiyaning jadal sur’atlar bilan rivojlanishi, jamiyatda
inson shaxsi rolining ortib borishi kuzatilayotgan bir paytda sog‘liqni saqlash tizimida psixologik
xizmatni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega ekanligini uqtirib, mazkur masala birinchi
navbatda bo‘lg‘usi shifokorlar va psixologlarni ana shu tizimda faoliyat yuritishga tayyorlash
bilan bog‘liqligiga e’tibor qaratadi. Har qanday shifokor bemor shaxsini, emotsional holatlarini,
yoshga oid psixik rivojlanish xususiyatlarini bilishi va bemor bilan psixologik aloqa o‘rnata
olish, turli kasalliklarning etiopatogenezida psixik omilning rolini aniqlay bilish, davolash
jarayonida psixologik usullarni ham qo‘llay olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi lozim. Ikkinchidan,
har qanday kasallikni davolashda ham shifokor, ham psixolog birgalikda faoliyat yuritishi,
bemorda o‘z kasalligi haqidagi tasavvurlarning yuzaga kelishida psixik va somatik
jarayonlarning o‘zaro ta’sirini, bemor tomonidan o‘z kasalligini anglash dinamikasini aniqlay
olish, terapevtik maqsadlarda bemorda adekvat shaxslilik ustanovkalarini shakllantirish davolash
samaradorligini oshiradi va bemor ijtimoiy adaptatsiyasini ta’minlaydi [33].
Bir qator mualliflar zamonaviy psixologiyada ideografik yo‘nalish ustunligi tendensiyasi
kuzatilayotganligi, turli kasalliklar bilan xastalangan bemorlarning shaxsiga oid xususiyatlarini
aniqlash dolzarb xarakterga ega bo‘lib, bemorlar bilan psixokorreksiya, psixoterapiya va
reabilitatsiya tadbirlarini olib borishning turli jabxalarini aks ettirishini ta’kidlaydilar [93].
So‘nggi yillarda psixologik konsultatsiya tibbiyot psixologiyasiga ham shahdam
qadamlar bilan kirib keldi. Psixosomatik kasalliklar ko‘rinishlarining ortib borishi, har bir
kasallik orqasida psixologik muammoning mavjud bo‘lishi, xavotirlanish va qo‘rquv
somatizatsiyasi muammolari tibbiyot muassasalarida ham psixologik konsultatsiyani yo‘lga
qo‘yishni taqozo etmoqda.
Bir qator mualliflar fikricha, tibbiyot muassasalarida psixolog faoliyati ikki qutbli bo‘lib,
bir tomoni psixologik konsultatsiya, ikkinchi tomoni esa psixoterapiyadan tashkil topadi
[26,41,70,77,112,114]. Psixologik yordamni bu ikki sohasining taqsimlanishi murakkab vazifa
bo‘lib, profesional psixolog o‘zining nima bilan shug‘ullanayotganini aytishi qiyin –
konsultatsiya bilan shug‘ullanadimi yoki psixoterapiya bilanmi, aniqlab berishi mushkul.
Konsultatsiyada ham, psixoterapiyada ham aynan bir klient va psixoterapevt shaxsiga
qo‘yiladigan talablar mavjud bo‘ladi. Har ikkala holatlarda ham mijozga yordam konsultant
(psixoterapevt) va mijoz o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirga asoslanadi. Bu ikkala sohani bo‘lishi mumkin
bo‘lgan qiyinchiliklari tufayli ba’zi amaliyotchilar “psixologik konsultatsiya” va “psixoterapiya”
terminlarini sinonim sifatida qo‘llaydilar. Xolbuki juda ko‘p mamlakatlarda mazkur kasblar
alohida talqin etilsa-da, ularni qisman ajratish uchun asoslar yetarlichadir.
Tibbiyot psixologiyasining “Psixosomatika” bo‘limida duch kelinadigan psixologik
muammolar ko‘lamiga to‘xtaladigan bo‘lsak, yuqoridagi fikrlar mazkur bo‘limga ham tegishli
ekanligi shubhasiz. Klinik-psixologik amaliyotda ham deyarli har kuni inson hayotining turli
jabhalari bilan to‘qnash kelishga to‘g‘ri keladi. Konsultant mijoz (u albatta qandaydir surunkali
psixosomatik kasallik bilan xastalangan bemor) bilan birgalikda uning unchalik e’tiborga molik
bo‘lmagan yoki o‘ta muhim muammolarini muhokama qiladi va unga yordam berishga harakat
qiladi. Jumladan, kundalik tanlovlar motivlarini anglab olishda, juda emotsional muammolarni
va shaxslararo munosabatlardagi chigalliklarni hal etishda, ichki nizolarni yengishda, kasallik va
davolash jarayoniga munosabatni o‘zgartirishda va h.k. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, hali xanuz
mamlakatimizda tibbiyot muassasalarida psixologik xizmatni tashkil etish tuzilmasi aniq
belgilanmagan [113,117,122]. Tibbiyot psixologiyasida ishlovchi psixolog kim? U qanday
maqomga ega? Faoliyatini qanday tashkil etganda u shifokorning yaqin maslahatchisi bo‘la oladi
va bemor salomatligini tiklashda ko‘maklasha oladi? Psixosomatik kasalliklar bilan og‘rigan
bemorlarga psixologik konsultativ xizmat qanday tashkil etilishi kerak? Universitetlarni bitirgan
psixolog kadrlar tibbiyot muassasalarida davolash jarayonlarida ishtirok etishi uchun qanday
bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishi lozim? Hozircha bu savollarga to‘liq va aniq javob
berish mushkul.
Xulosa qilib aytish mumkinki, bugungi kunda dunyo miqyosida bo‘lgani kabi
mamlakatimizda ham tibbiyot tizimi faoliyatida psixologik xizmatni tashkil etish zarurati
mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining “Tegishli mutaxassislikka ega
shifokorlar tibbiy ixtisoslashuvining litsenziyalanadigan turlari bo‘yicha shifokorlar lavozimini
egallashi mumkin bo‘lgan tibbiy mutaxassisliklar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2017 yil 22
avgustdagi 2915 raqamli buyrug‘ida “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya shifokori” bo‘yicha
egallash mumkin bo‘lgan lavozimlarga “Psixiatriya” mutaxassisligi kadrlari taklif etilgan. Bu esa
universitetlarning psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan mutaxassislarning tibbiyot
muassasasida o‘z kasbi bo‘yicha xizmat qilishini chegaralaydi. Bugungi kunda Toshkent tibbiyot
akademiyasi va Toshkent pediatriya institutlarida “Tibbiy psixologiya” ixtisosligi bo‘yicha
magistratura bosqichida tibbiy psixologlar tayyorlanmoqda. Biroq kuzatishlarimiz tibbiyot
oliygohlarida tayyorlanayotgan mutaxassislarning psixologiya bo‘yicha bilimlari yetarlicha
emasligini ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida universitetlarni “Psixologiya” yo‘nalishi bo‘yicha
tamomlagan mutaxassislarni ham meditsina sohasi bilimlaridan ancha yiroqligini ko‘rishimiz
mumkin. Fikrimizcha, har ikkala yo‘nalish integratsiyasiga erishish zarur, ya’ni psixologlarga
meditsinadan, meditsina oliygohlari talabalariga esa psixologik bilimlarni chuqurroq o‘rgatish
zarur. Ana shundagina biz tibbiyot muassasalari faoliyatida samarali psixologik xizmat tizimini
yo‘lga qo‘yishimiz uchun keng imkoniyatlar ochiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |