MAVZU: GO‘ZAL MUOMALA –YUKSAK MADANIYAT BELGISI
“Aqlli bo‘lishni xohlasang, avval o‘ylab, keyin so‘rashni, e’tibor bilan tinglashni, xotirjam javob berishni, asosiysi, kerak paytda so‘zlashdan to‘xtashni o‘rgan”.
Lafater
Odamning kiyimiga emas, gapiga qarab baho beradilar. Inson jamiyatda yashar ekan, boshqalar bilan muloqotga kirishishga majburdir. Muloqot me’yorlarini bilmaslik, qurolni to‘g‘ri kelgan tomonga o‘qtalish bilan barobardir. Aytilgan so‘z, otilgan o‘q misoli qadalgan joyini jarohatlaydi. Uning izi hech qachon ketmaydi. SHuning uchun muloyimlikni kasb qilish kerak. Hech bir sabab (ijtimoiy ahvoli, uyda yoki ishda tutgan o‘rni, sog‘lig‘ining yomonligi) atrofdagilarga dag‘al muomala qilish huquqini bermaydi.
O‘zidan kattalar hurmat qilishini xohlagan odam, kichiklarning izzatini joyiga qo‘yadi. “Labbay”, “Marhamat”, “Rahmat”, “Hormang”, “Salomat bo‘ling”, “Xush ko‘rdik”, “Xo‘p bo‘ladi”, “Arzimaydi”, “SHukr”, “YAxshi boring” kabi tushunchalarni o‘rni-o‘rnida qo‘llaydi.
Har qanday yomonlikni shirin so‘zlar bilan daf qilish mumkin. Ba’zilar “Hamma ham chiroyli gapira olmaydi-ku?” deb harakat qilmaydi. Aslida inson harakat qilsa, har qanday ishni uddalaydi. Masalan, taniqli faylasuf Demosfen yoshligida duduq bo‘lgan, biroq tinimsiz mashq oqibatida u Gretsiyaning eng zo‘r notig‘iga aylangan.
Tilini tarbiyalamagan odam – gapirishdan oldin eshitishi shart. Tili haddidan oshgan, tishidan ajralishini unutmasligi lozim.
Ota-ona, ustoz, umuman, kattalar Siz bilan gaplashmoqchi bo‘lganda, barcha ishlaringizni qoldirib, ularga e’tibor bilan quloq soling. Quloqqa taqilgan “naushnik”ni olib, chaynayotgan narsani tashlab, radio, televizor yoki kompьyuterni o‘chirib qo‘ying. Juda zarur ish bilan band bo‘lsangiz, “Ishimni bitirib olsam maylimi?”-deb ruxsat oling.
Har kishining bor esa yaxshi so‘zi, Orttirar obro‘sin, albatta, o‘zi.
Muloqotda ovozning ahamiyati juda katta. Mabodo ovozingiz baland bo‘lsa ham, zinhor shiddatli bo‘lmasligi kerak. Aks holda suhbatdoshingizda ko‘zlarini chirt yumib, quloqlarini berkitib olish istagi tug‘ilishi mumkin.
Baland tembrli ovoz asabga tez tegadi, u jahl yoki mutelik alomatidir. SHuning uchun imkon qadar past ovozda so‘zlashga harakat qiling. Ammo juda ishonchsiz ohangda ham gapirmang.
Vaqti-vaqti bilan tin olib, gaplaringizni o‘ylab, gapiring. Har qanday davrada og‘izga kelganini gapirish yaramaydi. SHuningdek, suhbatdoshingizga quloq solayotganingiz ham ko‘rinib turishi kerak. Juda tez gapirib, uni “ma’lumot”ga ko‘mib tashlamang. Yo‘qsa, u gap nima haqida ketayotganini anglolmay, hammasini bir boshdan takrorlashingizni so‘rashga majbur bo‘ladi. Natijada vaqtingizni yo‘qotasiz, vahimaga tushgandek ko‘rinishingiz mumkin. SHiddat bilan gapirish yoki haddan ortiq sekin gapirish ham yaramaydi, suhbatdoshingiz charchab qolishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |