O’QUV MATERIALLARI
1.1. MA’RUZA MAVZULARI BO’YICHA O’QUV MATERIALI
MA’RUZA MAVZULARI
1-MAVZU: O‘QITUVCHI NUTQ MADANIYATI FANINING MAQSADI,
VAZIFASI VA AHAMIYATI
Asosiy savollar.
1. O’qituvchi nutq madaniyati fanining maqsadi, tekshirish ob’ekti, vazifalari.
2. Nutq madaniyati fanining hayotiy zarurligi.
3.O’qituvchi nutq madaniyati fanining boshqa fanlar bilan bog’liqligi.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar:
O’qituvchining umummadaniy saviyasi, pedagogik nutq malakasi, nutq fazilatlari, notiqlik san’ati,
Aql kaliti – til.
So’zning piri – til.
Yuzning ko’rki – ko’z.
Tilning ko’rki – so’z.
Mavzuga oid muammolar:
1 «San’at» va «madaniyat» tushunchalariga ta’rif bering. Bildirilgan fikrlar asosida o’qituvchi nutq madaniyati tushunchasini izohlang. Fikringizning to’g’riligini isbotlang.
2.O’qituvchi nutq madaniyatining asosiy tekshirish ob’ekti -pedagogik nutq me’yorlari. Sizningcha, o’qituvchi nutq madaniyati fanining asosiy vazifasi nimalardan iborat bo’ladi? Fikringizning to’g’riligini izohlang.
3. O’qituvchi nutq madaniyati kursining maqsad va vazifalari, o’rganish ob’ekti, predmetlar orasidagi bog’liqlikni, o’xshash tomonlarini va o’ziga xos xususiyatlarini aniqlang.
4. Til madaniyati va o’qituvchi nutq madaniyati tushunchalariga ta’rif bering. Ularni o’xshash va farqli tomonlarini ko’rsating.
Birinchi savolning bayoni.
O’qituvchi nutq madaniyati asoslari kursining asosiy maqsadi o’qituvchini umummadaniy saviyasini yuksaltirish, pedagogik nutqni shakllantirishdir.
Vazifasi – talabalarda «madaniy nutq» malakasini shakllantirish, pedagogik nutqni o’rganish, baholash va targ’ib qilishdir.
O’qituvchi nutq madaniyati – pedagogik nutqda til me’yorlarini (talaffuz, urg’u, so’z ishlatish) gap tuzish qonunlarini, til vositalaridan sharoitga mos va maqsadga muvofiq foydalana bilmoq madaniyatini egallamoqdir. O’qituvchi nutq madaniyati deyilganda, nutqning fazilatlari, ya’ni uning to’g’riligi, aniqligi, mantiqiyligi, ifodaliligi, boyligi, tozaligi tushuniladi.
O’qituvchi nutq madaniyatining asosiy tekshirish ob’ekti uning nutqida adabiy til me’yorlari, asosiy vazifasi esa ushbu me’yordagi ikkilanishlarni bartaraf etishdir.
Hozirgi o’zbek adabiy tilining to’liq shakllanganligi va ulkan ijtimoiy vazifani bajarayotganligi hech birimizga sir emas. Nutqimizda uchrab turadigan nuqson va kamchiliklarni bartaraf qilish, nutq madaniyatini har qachongidan ham yaxshiroq rivojlantirish umumdavlat ahamiyatiga ega bo’lgan siyosiy va ijtimoiy masaladir. Bu masala bilan shug’ullanish ishiga faqat tilshunoslargina emas, balki respublikamizda istiqomat qiluvchi barcha soha vakillari e’tibor berishlari maqsadga muvofiqdir. Jumladan, o’qituvchining nutqi uning asosiy quroli hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |