PARVONA
Birinchi pardadan parcha
N a z o k a t. Bir kun kech payt dengiz sohilini yolg’iz aylanib yurgan edim,
qarshimdan chiqib qoldi. Ko’zim ko’ziga tushdi-yu, yuragim birdan jig’ etib ketdi.
Shoshganimdan o’zimni yo’qotdim, nima qilishimni bilmay, beixtiyor qizarib iljaydim. U
ham kuldi. «Tanishaylik, yaxshi qiz... Yolg’izga o’xshaysiz... Musofirchilik yomon... Kishi
zerikadi», dedi-yu tanishdik. O’shandan keyin har kun uchrashadigan bo’ldik. Bora-bora
unga maftun bo’lib qoldim. Yursam, xayolimda, tursam o’yimda, kechalari tushimga
kiradigan bo’ldi. Va’dalashgan vaqtdan biror soat kechiksa, jonim halqumimga kelib,
iztirobga tushadigan bo’lib qoldim. Odobli, suhbati shirin, dilkash... Xushchaqchaq.
Yu l d u z (
kulib
). Jigardan urgani aniqqa o’xshaydi.
N a z o k a t. Aniq! Goh dengiz sohilini kezib, goh qirg’oqda o’tirib, kumush
to’lqinlarning raqsini tomosha qilib, shundoq shirin suhbat boshlardi, ajoyib g’azallar,
she’rlar o’qirdiki, simob bo’lib erib ketardim.
Yu l d u z. Shoirligi ham bormi?
N a z o k a t. Ham shoir, ham olim.
Yu l d u z. Murodjon yodingizga tushmadimi?
N a z o k a t. Tushdi. O’yladim. Ko’p o’yladim. Boshda, unashib qo’yilgan yigitim
bor, meni tinch qo’ying, demoqchi bo’ldim, ammo deyolmadim. So’zini tinglasam
sehrlanib, ko’ziga boqsam ixtiyorimni oldirib qo’yardim.
Yu l d u z. Nima balo, ko’zida mehrgiyosi bor ekanmi?
N a z o k a t. Ha! Mehrgiyosi bor.
Yu l d u z. Sevgisini izhor qildimi?
N a z o k a t. Necha marta! Qasamyod qilib aytdi. Axtarganimni endi topdim, endi
sizsiz menga baxt ham, hayot ham yo’q, dedi...
A d o l a t. To’g’ri, sevib tegish kerak. Ko’ngilning xohishiga rioya qilish lozim.
Ammo shu bilan birga sinash, sevgan kishingning ahdu e’tiqodi, xulqu atvorini aniq bilish
ham zarur. Quruq ko’ngilning xohishiga bo’ysunib bir ko’rishda, bir marta kinoga birga
borishda yoki istirohat bog’ida bir marta tansa tushish bilan oshiqi beqaror bo’lib,
surishtirmasdan darrov turmush qurganlar, keyin o’tdek kuyib, bir oy o’tmasdan qon
yig’lab ajralishganlar ko’p.
N a z o k a t. Ular xirsu havas bandalari. Men sevgi haqida gapirayotibman. Nima,
mening sevgimga shubhangiz bormi?
A d o l a t. Senikiga shubham yo’q. Ammo uniki qandoq, bilmayman! Chunki u menga
notanish odam!
N a z o k a t. Mening sevgimga qandoq ishonsangiz, uning sevgisiga ham shundoq
ishoning. Uzoq sudralgan, surishtirish natijasida maydonga kelgan muhabbat muhabbat
emas, bir ko’rishdayoq jazillagan, qalbga otash tashlagan, qonlarga larza solgan
muhabbatgina muhabbat! Uni kovlab, paysalga solib, sovitib yurish kerak emas.
A d o l a t. Bilasanmi, parvona gul deb o’zini chiroqqa urarmish-u, kuyib halok
bo’larmish. Parvonaga o’xshama, deyman!
N a z o k a t. Yo’q, o’sha parvonaniki to’g’ri. Agar haqiqiy oshiq bo’lsang, yona
bilishing kerak!
A d o l a t. Men parvonaning ishq yo’lida qurbon bo’lishini emas, balki aldanishi,
nohaq va noo’rin bo’lishi haqida gapiryapman. Men baxtli bo’lishingni istayman...
Uchinchi pardadan parcha
N a z o k a t. U kuni tasodifan uchrashib qoluvdik.
O’ t k i r. Tasodifan ham uchrashmang! Sizni deb yor-u birodarlarimdan ayrildim,
deganda Murodni ko’zda tutasizmi?
N a z o k a t. Faqat ugina emas...
O’ t k i r. Agar pushaymon bo’lsangiz...
N a z o k a t (
shoshib
). Pushaymon emasman!
O’ t k i r. Agar pushaymon bo’lsangiz hali ham borib undan uzr so’rashingiz, bo’yniga
osilishingiz mumkin! Faqat...
N a z o k a t (
iltijo bilan
). Pushaymon emasman, deyapman-ku!
O’ t k i r (
quloq solmay
). Faqat, u uzringizni qabul qilarmikin? Xushtordan xushtorga,
erdan erga ko’chib yuradigan beqaror sharmanda kimga kerak, demaydimi? Siz endi Murod
uchun yerda yotgan po’choq, sovigan osh, it tekkan qovunsiz!
N a z o k a t. Oh, bunaqa haqoratlar, bunaqa azoblardan ko’ra o’ldirib qo’ya
qolganingiz yaxshi emasmi? (
Yig’laydi
.)
O’ t k i r (
parvo qilmay
). Meni deb qavmi qarindoshdan ayrilgan emish! Tavba! Yo’q,
siz emas, sizni deb qavm qarindoshdan judo bo’lgan men bo’laman! Sizning
qarindoshlaringiz eshikdan haydasa, teshikdan kiradigan kalamushlar shu yerda, shu
shaharda! Menikilar esa uzoqda, yuz ko’rmas bo’lib qoldilar.
N a z o k a t. Opam sho’rlikni uydan haydadik.
O’ t k i r. O’zi ketdi!
N a z o k a t. Ketishga majbur qildik... Akam esa ko’chadan eshik ochib oldi.
O’ t k i r. Baribir chiqib turibdi-ku!
N a z o k a t. Ahyon-ahyonda... qo’rqa-pisa... xuddi begonalardek.
O’ t k i r. Ha, bo’lmasa men ketay. Qavmi qarindoshingiz, yor-u birodarlaringiz bilan
qorong’ida topishing, qo’shmozor bo’ling!
N a z o k a t. Bo’lar-bo’lmasga ketaman deysiz, ketaman deb qo’rqitasiz...
O’ t k i r. Qandoq qilay, gapimga kirmasangiz, so’zlarimga tushunmasangiz! Sizdaqa
miyasi aynigan, betayin, hardamxayol ovsar, noshud ayolni birinchi ko’rishim!
N a z o k a t (
g’amgin
). Ha, har narsa deyishingiz mumkin. Ayb o’zimda... Tilim
qisiq... Dardim ichimda. Hech kimga dod deyolmayman. Sezayapman, bundan keyin,
borgan sari, ko’zingizga xunuk ko’rinaveradiganga o’xshayman... Nazarimda, toshqinga,
selga tushib qoldim... Qachon borib, qayerga, qaysi toshga uradi, bilmayman...
Uyg’un
, Asarlar. 3—4-tomlar. G’afur G’ulom
nomidagi Adabiyot va san’at
nashriyoti, 1977-yil.
Do'stlaringiz bilan baham: |