Iqtisod borasidagi siyosati shundoq ham nochor ahvolda hayot kechirayotgan mehnatkash xalqning rus sarmoyadorlari va mahalliy mulkdorlar tomonidan ikki tomonlama ezilishinini kuchaytirdi. Quyidagilar bunga dalil bo‘la oladi:
1) Rossiyadan O‘rta Osiyoga keltiriladigan va olib ketiladigan mahsulot va tovarlarning qiymati solishtirilsa, katta foyda mustabid davlat foydasiga hal bo‘lib, farqi deyarli 29 mln. rublni tashkil qilar edi. Agar Rossiyadan, asosan, tayyor mahsulot olib kelinishi hisobga olinsa, bu nisbat yana ham ko‘proqni tashkil etadi;
2) dehqonning rus kapitali bilan aloqasini bog‘laydigan sudxo‘rlik qishloqda tabaqalanish jarayonini tezlashtirdi. O‘z yerini, mol-mulkini garovga qo‘yib nasiyaga pul olgan ko‘pchilik dehqonlar qashshoqlasha boshladilar. 1912 yilga kelib paxtaning asosiy qismini yetishtiradigan Farg‘ona viloyatida yersizlar ulushi 30 foizga yetdi;
3) Turkiston dehqonlaridan mustabid davlat hisobiga undiriladigan yer solig‘ining miqdori 1870–1880 yillarda ikki barobarga yaqin ko‘paydi. Undan tashqari, 1995 1910 yillarda o‘tkazilgan kadastrlash (xo‘jalik va oilalarni ro‘yxatga olish) natijasida sharoitga qarab soliq miqdori 0,7 dan 6 martagacha oshdi1;
4) shahar aholisining ham ijtimoiy ahvoli yanada mushkullashdi, chunki Rossiyadan keltiriladigan arzon tovarlar hunarmandlarni xonavayron qildi. Ularning ko‘pchiligi shaharda ish topolmay qora ishchiga, batrak yoki chorikorga aylandilar. Sanoat korxonalarida ish vaqti 17–18 soat bo‘lib, mahalliy ishchilarning kunlik ish haqi ruslarnikidan deyarli ikki baravar kam edi;
5) qishloq xo‘jaligini bir tomonlama, ya’ni Rossiya sarmoyadorlarining manfaatiga moslashtirib, paxtachilikni kengaytirish hisobiga rivojlantirish mahalliy mehnatkashlarni og‘ir iqtisodiy ahvolga solib qo‘ydi. 1890–1915 yillarda paxta yetishtirish Turkistonda 73 marta ko‘paydi. Shu sababli g‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish kamayib, ularning bozordagi narxlari muttasil ko‘tarilib bordi. Masalan, 1890 yilning boshlarida mahalliy xalqning asosiy yemishi bo‘lgan bug‘doy unining bahosi 5 marta oshib ketdi;
6) bir qancha viloyatlarda sug‘oriladigan unumdor yerlar turli bahonalar bilan tortib olinib, kelgindi rus krestyanlariga bo‘lib berildi, ular yashaydigan alohida qishloqlar tashkil qilindi;
7) mustabid davlat O‘rta Osiyoda qishloq xo‘jaligini yuritishning bor imkoniyatlaridan iloji boricha kengroq foydalanishga intildi, lekin bu tarmoqni takomillashtirish, ilg‘or texnologiyani qo‘llash chora-tadbirlarini ko‘rmadi, bu sohaga sarmoya sarflashdan manfaatdor bo‘lmadi, aksincha, dehqonlarni qaqshatqich ekspluatatsiya qilishga asoslangan eski feudal uslubni qurol qilib oldi. Umuman, Rossiya hukmron bo‘lgan davrda hududda bironta ham ko‘zga ko‘rinarli sug‘orish inshootlari qurilmadi;
8) temir yo‘llarning qurilishi hududdagi xomashyo, yer usti va yer osti boyliklarini Rossiyaga tashib ketishni osonlashtirdi. Masalan, 1912 yilda Krasnovodsk va Toshkent orqali temir yo‘lda tashilib, Rossiyaga olib chiqib ketilgan tovarlar miqdori 1900 yildagiga nisbatan salkam 8 marta oshdi. Axir buni mahalliy xalq rizqiga tushgan qurt deyish mumkin-ku. Albatta, bu borada O‘rta Osiyoga sanoat mahsulotlari temir yo‘l orqali keltirilishining ahamiyatini tan olish lozim. Ammo keltirilayotgan tovarlar sifat jihatidan jahon bozori talabiga javob bermaganligi uchun O‘rta Osiyodan boshqa joyda xarid qilinishi amrimahol edi;
9) Rossiya sarmoyadorlari sanoatni rivojlantirishdan umuman manfaatdor bo‘lmaganlar. Temir yo‘l qurilishini hisobga olmaganda, 1913–1915 yillarda Turkistonga kiritilgan umumiy sarmoyaning faqat 15 % sanoatni rivojlantirish uchun sarflangan, uning asosiy qismi ham paxta tozalash va moy olishga ajratilgan. Sanoat mahsulotining 80 % paxtaga dastlabki ishlov berish bilan bog‘liq bo‘lgan1. Tabiiyki, bu iqtisodiyotdagi muvozanatning buzilishiga olib kelgan va hududning imperiyaga qaramligini kuchaytirgan. Shu bilan birga, chor Rossiyasi mahalliy aholining ma’naviyatini yuksaltirmaslik, ijtimoiy faolligini oshirmaslik, uni o‘rta asrlar jaholatparastligi sharoitida saqlab turish choralarini ko‘rdi, Rossiya O‘rta
Osiyo xalqlarini iloji boricha jahon taraqqiyoti va madaniyatidan chetda tutishga harakat qildi. Bu fikrni o‘sha davrda Turkistonni boshqarib turgan general-gubernator A. N. Kuropatkin ham tan oldi. U o‘z xotiralarida: «Biz 50 yil tub joy aholini taraqqiyotidan jilovladik, maktablar va rus hayotidan chetda tutdik»2, – degan edi. Aslida, Turkistondagi madrasalarda ta’lim usullarini yangilash, dunyoviy ilmlarni o‘rgatishga e’tiborni kuchaytirish, ta’limni Yevropa darajasiga yaqinlashtirish to‘g‘risida turli siyosiy kuchlar jiddiy takliflar kiritganlar. Ammo ularni amalga oshirishdan chor hukumati manfaatdor bo‘lmagan. Buning sababini quyidagi faktlar orqali tushuntirish mumkin, xolos: 1882 yilda Toshkentdagi o‘qituvchilar seminariyasi yig‘ilishida uning direktori N. Ostroumov shunday degan: «Agar biz taklif qilingan loyihani qabul etsak, shu choqqacha mudrab yotgan musulmon mutaassibligini uyg‘otib yuboramiz va bu bilan ko‘ksimizda ilon asragan bo‘lib chiqamiz. Shu sababli musulmonlarimiz maorifining asosida ularni ruslashtirish... islomni buzish... umuman, diniy jihatlarni buzish... yotmog‘i
lozim». Shu maqsadda bo‘lsa kerak, rus-tuzem maktablari ochila boshlagan. Albatta, bu maktablar mahalliy xalqni ruslashtirishda asosiy o‘rin tutadi deb aytolmaymiz, chunki ko‘p millionli Turkiston aholisi uchun ochilgan 105 ta maktab4 (1911 yilda) daryodan tomchi edi.
Shu bilan birga, Turkiston harbiy ma’muriyati jadidchilar tashabbusi bilan
paydo bo‘layotgan, mahalliy xalqning turmush tarziga, ma’naviyatiga mos keladigan yangi uslubdagi maktablarni yopish uchun barcha choralarni ko‘rdi. Taraqqiyot bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini baholashda yana bir axloqiy mezon ham bor va Rossiya Turkistonni bosib olganidan keyin O‘rta Osiyo xalqlari taraqqiyotga erishdi, deb faraz qilaylik. U holda shunday savol tug‘iladi: rivojlangan davlat «qoloq» mamlakatni taraqqiyotga erishtirish uchun uni bosib olishi shartmidi? Bizningcha, bosib olish oqibatlarining progressiv ahamiyati to‘g‘risidagi xulosa axloqiy jihatdan ham noto‘g‘ri, chunki bu bilan biz bosqinchilikni, agressiyani oqlagan bo‘lamiz. Xalqlar har qanchalik «qoloq» bo‘lmasin, ularning turmush tarzini zo‘rlik bilan o‘zgartirishning oqibati yaxshi bo‘lishi mumkin emas. Bu na xalqaro huquq normalariga, na umuminsoniy qadriyatlarga to‘g‘ri keladi. Masalaning axloqiy tomoniga tegishli yana bir jihat bor. Rossiya o‘z xohishi bilan bo‘lmasa ham, O‘rta Osiyo xalqlarini taraqqiyotga yetaklagan, ular tinchligi va osoyishtaligini ta’minlagan bo‘lsa, nima uchun mahalliy xalq o‘z manfaatini tushunmadi? So‘zsiz, u boshiga tushgan fojiani yaxshi tushunib yetdi va ozodlik uchun kurashdi. Rossiyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshi o‘z erkinligini, Vatan mustaqilligini saqlab qolish uchun kurashgan, jonini qurbon qilgan xalq farzandlarining xotirasi bugungi kunda hamma uchun muqaddas bo‘lishi kerak. Bu xotirani hech qanday mafkura bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Shunday qilib, chor Rossiyasi mustamlakachilik siyosatining oqibatlarini quyidagicha ifodalash mumkin: birinchidan, mahalliy xalqning siyosiy va fuqarolik huquqlari poymol etildi; ikkinchidan, ishlab chiqarish bir tomonlama rivojlanib, iqtisodiy muvozanat buzildi va mustabid davlatga qaramlik kuchaydi; uchinchidan, mahalliy xalqning turmush darajasi pasayib ketdi; to‘rtinchidan, O‘rta Osiyo Rossiyaning xomashyo bazasiga aylantirildi; beshinchidan, mustamlaka hudud jahon taraqqiyoti va madaniyatidan chetda qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |