Ubaydulloh Kahhol ibn Muhammad Yusuf ham o’z davrining yetuk tabibi, tib olimi edi. U Navro’z Ahmadxon (Baroqxon)ning o’rtancha o’g’li Toshkand hokimi Darvishxonning buyrug’iga binoan 1598-yilda „Shifo ul-ilal“ asarini yozadi. Asar 500 varaqdan ko’p bo’lib, uzoq vaqtgacha tib ilmidan asosiy qo’llanma tarzida undan foydalanilgan. Bir necha bitik nusxasi bizgacha yetib kelgan. Uning yana „Umdat ul-kuhliya filamrorul-basariya“ (Ko’z kasalligiga doir asosiy kitob) asari ham bo’lgan.
Shayboniylar davrida tarix fani ham rivojlangan, ko’plab tarixiy asarlar yozilgan. Kamoliddin Binoiy, Mulla Shodiy, Muhammad Solih, Fazlulloh ibn Ro’zbehon Isfahoniylar Shayboniyxon topshirig’i bilan har qaysisi unga atab alohida tarixiy asarlar yozganlar. Bundan tashqari, Abdulloh ibn Muhammad ibn Ali Nasrullohiyning „Zubdat ul-osor“, Hofiz Tanish Buxoriyning „Abdullanoma“ asarlari shayboniylar davri ijtimoiy-siyosiy tarixiga doirdir. Zayniddin Vosifiyning „Badoye ul-vaqoye“, Zahiriddin Muhammad Bobuning „Bobumoma“ asarlarida ham o’z davrining ijtimoiy va madaniy hayotidan bahs yuritiladi.
Adabiyot.
Shayboniyxonning o’zi ham, umri jang-u jadallarda o’tishiga qaramay, she’riyat va tarix fani bilan shug’ullanishga vaqt topgan. Uning she’riy devon tuzgani ma’lum. U hatto xattotlik bilan ham shug’ullangan. O’zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kutubxonasida Kamoliddin Binoiy qalamiga mansub „Shayboniynoma“ asarining Shayboniyxon ko’chirgan nusxasi saqlanadi. Ubaydullaxon ham ilmli va ma’rifatli hukmdor edi. U fors va turk she’riyatini yaxshi bilardi. Ayni paytda, o’zi „Ubaydiy“ taxallusi bilan o’zbek, fors, arab tillarida ijod qilgan, she’riar bitgan. Uning uch tilda bitgan she’riaridan iborat uch devoni bir kitobga jamlangan. Ubaydiyning o’zbek tilidagi devoni 306 g’azal, 435 ruboiydan iborat.
Me’morchilik.
Shayboniy hukmdorlar poytaxt Buxoro va uning atroflarini obod qilishga harakat qildilar. 16-asr davomida shu davning barcha muhandislik imkoniyatlari va jamiyatning ma’naviyat va madaniyati darajasiga mos ravishda ko’plab binolar, me’moriy majmualar, inshootlar bunyod etildi. Mir Arab madrasasi, Masjidi Kalon, Mag’oki Attori masjidi, Toqi Zargaron, Toqi Sarrofon, Toqi Telpakfurushon, Karmanadagi Hazrati Qosimshayx xonaqohi, Timi Kalon, Modarixon madrasasi, Oyposhsha oyim madrasasi, Govkushon madrasasi, Fathulla qushbegi madrasasi, Fayzobod xonaqohi, Do’stum madrasasi, Abdullaxon madrasasi, Tim, Chorsu fikrimizning dalilidir. Samarqandda ham shayboniylar nomi bilan bog’liq binolar anchagina. Chunonchi, Shayboniyxon madrasasi va Abdurahim Sadr madrasasi, Toshkentda bino qilingan Baroqxon madrasasi, Karmana yaqinida Zarafshon daryosi ustiga qurilgan ko’prik mashhurdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |