Manba va matn. Manbashunoslik va matnshunoslikda matn ma’nosi keng qamrovli tushuncha. Matn deganda, muallif ijod etmoqchi bo‘lgan fikr va g‘oyaning yozuvdagi in’ikosi tushuniladi. Matn deganda yaxlit bir asar, qo‘lyozma nusxa ham anglashiladi. Qadimiy matnlar tadqiqi bilan matnshunoslar (manbashunoslar) shug‘ullanadilar. Ularning vazifalariga adabiyotshunoslik va tilshunoslikka xos bo‘lgan, tarixchilarning manbashunoslik va istoriografiya sohalaridagi barcha tadqiq usullarini qo‘llash kiradi. Matnshunoslik qo‘lyozma nusxaning matn xususiyatlaridan tortib nashr ko‘rinishidagi barcha yutuq va kamchiliklari haqida tasavvur uyg‘otuvchi tadqiqotni amalga oshiradi. Matn taqdiri, saqlanish darajasi, nashr bezaklari va tavsifiy belgilarini o‘rganish matn tushunchasining klassik ta’rifiga sig‘masa-da, matnshunoslikda qabul qilingan matn tushunchasi, uni o‘rganish doirasiga kiradi.
Hozirgi zamon filologiyasida matn ustida ishlash masalalarida ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan yagona qoida yo‘q. Manbashunoslar matn tarixi, tadqiqi va tavsifi ustida ko‘proq bosh qotirsalar, matnshunoslar ularga qo‘shimcha ravishda matn talqini tadqiqiga alohida e’tibor qaratadilar. Shuning uchun ham manbashunoslik tarixiy va tabiiy fanlar sohasiga, matnshunoslar asosan filologiya sohasiga tegishliligi bilan farqlanib turadi. O‘z navbatida matnlarni badiiy va lingvistik tadqiq etish masalalarida ham matnshunoslar o‘rtasida bir to‘xtamga kelinmagan. Bu matn interpretatsiyasi ustida ishlayotgan olimning qaysi fan sohasida ish olib borishiga bog‘liq.
Talqin tadqiqi badiiy asarning yozma yodgorlik sifatidagi qimmatini baholash, davr ruhi, muallif yondashuvi (ob’ektivlik va sub’ektivlik), badiiy asar matni haqida to‘liq tasavvur paydo bo‘lishida ob’ektiv asos bo‘lib xizmat qiladi. Zotan, matnshunoslik badiiy asarning matn zamiridagi yashirin ma’nolarini, botiniy jihatlarini ochib berish, uning yaratilish tarixi, matn o‘zgarishiga olib kelgan holatlarni aniqlash va muallif varianti saqlanib qolmagan taqdirda, asarning dastlabki ko‘rinishiga yaqin matnni tuzishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Shu jihatdan matnshunoslikni quyidagi 3 tarkibiy qismga bo‘lish mumkin:
1.Matn tarixini o‘rganish.
2.Matn talqinin tadqiq etish.
3.Matn tuzish.
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, matn bir qancha yordamchi sohalar – editsiya, arxeografiya, germenevtika, ekzegetika kabilar bilan bog‘liq holda ham tadqiq etiladi. Masalan, editsiya – hujjatli va mumtoz matnlarning ilmiy nashrini amalga oshirishdir. Arxeografiya yozma manbalarni qidirib topish, birlamchi ishlov berish, ilmiy muomalaga kiritishni nazarda tutadi. Kutubxona, turli fondlardagi qo‘lyozmalarning turkumlashtirilgan tavsifi, arxeografik qiyosiy tahlili manba matnini tuzishda muhim hisoblanadi. Bunday ishlar natijalari matn ustida ishlashning ravon borishini ta’minlaydi. Germenevtika qadimgi yozma matnlar mazmunini izohlash bilan shug‘ullanadi, matnshunoslik uchun asarning o‘tmishda tutgan o‘rni, asar umumiy mazmuni kabi ma’lumotlarni beradi. Ekzegetika esa diniy matnlarni filologik jihatdan tahlil etishda matnshunoslik ishlari bilan bevosita bog‘lanadi.
Matnshunoslik qo‘lyozma nusxaning matn xususiyatlaridan tortib nashr ko‘rinishidagi barcha yutuq va kamchiliklari haqida tasavvur uyg‘otuvchi tadqiqotni amalga oshiradi. Matn taqdiri, saqlanish darajasi, nashr bezaklari va tavsifiy belgilarini o‘rganish matn tushunchasining klassik ta’rifiga sig‘masa-da, matnshunoslikda qabul qilingan matn tushunchasi, uni o‘rganish doirasiga kiradi. Matnshunoslikning asosiy uslubiy prinsipi matn tarixini kompleks ravishda o‘rganishdir. U matn taqdirini yoritadi va matndagi o‘zgarish xususiyatlari, sabablari va bosqichlarini oydinlashtiradi. Matnshunoslikning tadqiq usullari bir qancha bo‘lib, umume’tirof etilgan qoidalarga matniy tafovutlarni tahlil qilish, ko‘chirishdagi xatoliklarni tahlil etish, muallif matni xatoliklarini aniqlash, matnni ongli ravishda o‘zgartirish hollarini aniqlash, qo‘lyozma tavsifini amalga oshirish, kon’ektura yo‘li bilan matnni tiklash, qo‘shimchalar va tushirib qoldirishlarni aniqlash, gloss va interpolyasiyalar tahlili, qo‘lyozma nusxalar o‘rtasidagi farqlar tahlili, nusxalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va munosabatni aniqlash, matnlarni klassifikatsiya qilish, tekstologik belgilarni aniqlash, matnlarni tiklash (rekonstruksiya), matnlarni sanalashtirish, matnning yaratilish joyini aniqlash, atributsiya va ateteza va asosiy matn tuzish usullari kiradi.
Matnshunoslikning tarixiy ildizlari eng qadimgi davr yozma yodgorliklari matnini o‘rganishga borib taqaladi.
Insoniyat tarixida ixtiro qilingan har bir kashfiyot, avvalo, ijtimoiy hayot ta’sirida yuzaga keladi va ko‘pasrlik an’analar doirasida shakllanib boradi. Yozma yodgorliklar matni bevosita yozuv tarixi bilan bog‘lanadi. Ma’lumki, dastlab piktografik yozuv kashf qilingan. Bu yozuvda chizilgan shakllar asosida odamlar mantiqiy fikr yuritib, gap tuzgan. Piktografik yozuv taraqqiyoti asosida logografik yozuv paydo bo‘ldi. Piktogramma to‘g‘ridan-to‘g‘ri predmetni rasm orqali ko‘rsatsa, logogramma so‘zning ma’nosini tushuncha orqali ifodalaydi. Bunda tildagi har bir so‘z o‘z ramziy timsoliga ega bo‘ldi. Ieroglifik yozuv logografik yozuvning rivojlangan, mukammal ko‘rinishidir. Piktografik, logografik va ieroglifik yozuvlar taraqqiyoti natijasida fonografik yozuv paydo bo‘ldi. So‘z tovush orqali idrok etilib, har bir eshitilayotgan tovushga alohida belgi (harf) qabul qilish istagi fonografik yozuvni yuzaga keltirdi.
Miloddan avvalgi VI–IV asrlardayoq Turonzaminning turli o‘lka mahalliy tillari tovush sistemasiga mustaqil holda moslashgan. Xorazmiy, sug‘diy, pahlaviy, boxtariy kabi yozuvlar shakllanganligi yozma madaniyatimiz ildizlari naqadar uzoq davrlarga borib taqalishidan dalolat beradi. Mana shu yozuvlar ichida sug‘d yozuvi yodgorliklari keng miqyosda va uzoq vaqt iste’molda bo‘lganligi bilan alohida ajralib turadi. Qog‘ozga bitilgan va bizgacha etib kelgan sug‘dcha matnlarning eng qadimiysi IV asr boshlariga mansub bo‘lib, fanda “Eski maktublar” deb nom olgandir. Bu maktublar 1906 yili ingliz olimi A.Steyn boshchiligidagi ekspeditsiya tomonidan SHarqiy Turkistonda topilgan. Sug‘d yozma yodgorliklarining yana biri Talas vodiysidagi qoyatoshlar sirtiga bitilgan tashrifnomalardir. Bu yozuv oromiy yozuvi asosida paydo bo‘lganligi bois oromiy yozuviga o‘xshaydi. II asrning oxiri–III asrning boshlarida xorazm yozuvi xo‘jalik hisobot hujjatlari, tangalar, qabrlarga o‘rnatilgan haykallar va boshqa joylarda uchraydi1.
O‘zbek (turkiy) matnshunosligi tarixi xususida so‘z ochar ekanmiz, uning ibtidosi sifatida qadimgi manbalar matni bilan bog‘liq holda olib borilgan ishlar haqida gapirish o‘rinlidir.
Miloddan keyingi davrda, aniqrog‘i, qadimgi turkiy tilning ilk yozma namunalari paydo bo‘lgan davrlardagi matn yaratish ishlarida biz yagona shaxs (xoqon yoki sarkarda) faoliyati bilan aloqadorlikni kuzatamiz. Jumladan, O‘rxun–Enasoy toshbitiklaridagi ma’lumotlardan shu ayon bo‘ladiki, unda xoqon yoki sarkarda tomonidan toshga bitilgan esdaliklar o‘sha davr jamiyatida ro‘y bergan voqealarni aks ettirgan. Bu xuddi miloddan avvalgi Eron podshohlaridan Doroning Behistun qoyasiga o‘yib yozdirgan esdaliklarini eslatadi. Demak, davlat arboblari uchun bu holat qaysidir ma’noda an’ana tusiga kirib qolgan udum bo‘lgan.
Adib va tarixchi Yo‘llug‘ tigin bevosita turkiy matnshunoslarning birinchisi ham hisoblanadi. U matnni tiklash, ya’ni rekonstruksiya qilish bilan birga, kerakli joylarini qayta tahrir ham etgan. Albatta, matnshunoslik tarixi o‘rganilishida bunday amaliy jarayonlarni tahlil qilish masalasi, so‘zsiz, bitiglar matni bilan aynan ish olib borishni taqozo etadi. SHuning uchun mavjud ma’lumotlar asosida shunday xulosaga kelamiz: matniy tadqiqlarning bu davrdagi asosiy xususiyati – matn mazmuni va shakliga bo‘lgan munosabatning paydo bo‘lishidir. Yo‘llug‘ tigin matnning mazmun va tuzilish jihatidan yaxlitligi hamda ularning o‘zaro munosabatga kirishuvini ta’minlashga harakat qilgan. U matnni tahrir etishda yagona mavzu, g‘oya ifodasi yo‘lida izchil qatorni tuzib chiqqan. Yo‘llug‘ tigin Kul tigin bitigidan olgan parchani Bilga xoqon bitigi matniga kiritishda mantiqiy va gnoseologik bog‘lanishni e’tiborga olgan. Turk xoqonligi davrida yozilgan mazkur yodgorliklar xususida tadqiqotlar olib borgan olimlar – Q.Sodiqov va Q.Omonov shunday yozishadi: “Ko‘k turk bitiglari o‘tganlar xotirasiga tiklangan yodgorliklar bo‘lishiga qaramay, ularda matn tuzishning aniq prinsiplari ishlab chiqilgan edi. Qiziq bir hodisa: adib va tarixchi Yo‘llug‘ tigin 732 yili, otasining topshirig‘iga ko‘ra, amakisi Kul tigin xotirasiga atab bitig yozgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 735 yili o‘z otasi Bilga xoqon xotirasiga atab o‘rnatilgan bitigni yozishda ham xuddi o‘sha yo‘lni tutgan: hatto birinchi bitigdagi matnning katta bir bo‘lagini olib, uni tahrir qilib, ikkinchi bitigga ham kiritgan. Yo‘llug‘ tiginning matnshunoslikdagi yutuqlaridan biri shunda ediki, u tarixiy matn tuzish prinsiplarini ishlab chiqdi”2.
Garchi bu yodgorliklar ko‘proq tarixiy manbashunoslik ob’ekti bo‘lsa-da, uning tilini o‘rganish, o‘sha davr jamiyatining ahvolini badiiy nuqtai nazardan yorituvchi o‘rinlari bo‘lgani bois ular filologik matnshunoslik jihatidan ham tadqiq etilgan. Bu sohada akademik olim Alibek Rustamov va Nasimxon Rahmonovning hissalari katta. Professor N.Rahmonov turkiy yozuvlar xarakteri haqida gapirar ekan, shularni qayd etadi: “O‘rxun yozuvlarining ham, Enisey yozuvlarining ham, Talas yozuvlarining ham orfografiyasi ancha murakkab. Ana shunday murakkab sistemadagi orfografiyada ijod qilish har bir ijodkordan, shubhasiz, katta tayyorgarlik, aql-zakovat talab qilar edi”3. Bundan tashqari, olimning boshqa asarlarida ham bu haqda mulohazalar yuritilgan.
O‘rxun – Enasoy yozuvlarining yana bir e’tiborli tomoni – matn tuzuvchi haqidagi ma’lumotlarning mavjudligidir. Tilshunos I.Yo‘ldoshevning “O‘zbek kitobatchilik terminologiyasi” asarida keltirilishicha, Kultigin bitiktoshidagi matnda qo‘llangan “bädiz” va “bädizchi” so‘zlari naqqoshlik, o‘ymakorlikka oid ma’nolarni anglatish bilan birga xoqonlar nutqini toshga bituvchi – “kotib” ma’nosini ham ifodalaydi4.
O‘rxun–Enasoy yozuvi bilan birga uyg‘ur alifbosidan ham foydalanilgan va bu yozuv turkiy xalqlar orasida XVI asrgacha ancha keng ishlatilgan. Qadimdan kotiblar yuksak mas’uliyatli vazifani bajaruvchi kishilar hisoblangan. Hatto qadimgi manbalarda ham ular ulug‘langan. “Uyg‘ur yozuvli manbalarda kotiblar bitigçi, ïlïmγa (alïmγa), baxşï, ka:tib deb atalgan”5.
Matnshunoslik ishlari shakllanishi bilan bog‘liq yana bir hodisa kitob tuzish ishlarining joriy etilishi bo‘ldi. Q.Sodiqovning yozishicha, “turk buddaviylari orasida ancha keng tarqalgan kitob turi potxidir. Bunday usul bilan kitob tayyorlash uchun, dastavval, kitobga mo‘ljallanayotgan varaqlar o‘rtasiga bir o‘lchamda doirachalar chizib chiqilgan. Matnni yozayotgan paytda esa satr doiraga kelib tutashganda to‘xtatilib, doirachaning ikkinchi yog‘idan davom ettirilavergan. SHunday qilib, doiracha ichi bo‘sh qolgan. Qo‘lyozma to‘liq qo‘ldan chiqqach, haligi doirachalar o‘rtasidan teshib chiqilgan. Varaqlarni dastalab turib, ularning teshigidan ipga tizilgan. So‘ngra qog‘oz bichimiga teng ikki payraxa olib, taxlog‘liq qog‘ozning ikki yog‘idan qoplangan va tizimchasi mahkamlab qo‘yilgan. O‘z navbatida, payraxalar muqova vazifasini o‘tagan hamda kitobni yaxshi saqlash imkonini bergan. Kitobni o‘qish zarur bo‘lgan taqdirda tizimchasi bo‘shatilib, foydalanib bo‘lgach, yana joylab qo‘yilavergan”6. Potxi usulida kitob tartib berishni qadimgi hindlar kashf etgan bo‘lib, turklarga Tibetdan o‘tganligi qayd etiladi.
Kitob bosishning ilk namunalari qadimgi Xitoy tarixidan ham o‘rin olgan. “Milodiy 868 yili Xitoy ustasi Van Sze kitob bosish uchun yog‘och gravyuradan foydalangan. Kitob bosishning bunday usuli ksilografiya deb atalgan, unda kitob bosish texnologiyasi juda oddiy, lekin mashaqqatli bo‘lgan”7.
O‘zbek (turkiy) matnshunosligi shakllanishining tarixiy ildizlarini yoritishda turkiytilli xalqlar orasida e’tiborga molik bo‘lgan yozma yodgorliklardan biri “Oltin yorug‘” muhim o‘rin tutadi. “Oltin yorug‘”ning asl matni taxminan milodiy I asrda yaratilgan bo‘lib, asar X–XVIII asrlar davomida o‘n marta ko‘chirilgan va SHarqdagi ko‘p tillarga tarjima qilingan8. N.Rahmonov X asrda Beshbaliq (SHarqiy Turkiston) shahrida yashagan Sengi Seli Tug‘ung “Oltin yorug‘”ni xitoy tilidan uyg‘ur tiliga tarjima etish davomida yig‘ma matnini ham tuzib chiqqanligini ta’kidlaydi. U xitoy tilidagi matnga kirmay qolgan o‘rinlarni boshqa tillardan tarjima qilib asarga kiritganligining o‘zi turkiy matnshunoslikda matn tuzish prinsiplari qadimdan shakllanib kelganligini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |