Lizing subyektlarining huquq va majburiyatlari
O‘zbekiston iqtisodiyotida tadbirkorlik faoliyati rivojlanib, huquqiy baza vujudga keltirilayotgan sharoitda lizingni iqtisodiy-huquqiy, shu jumladan, moliya-kredit, mulkiy munosabatlarning alohida qorishmasi deb bilish kerak. Bu munosabatlar egalik qilish, tasarruf etish va foydalanish huquqini mulk huquqidan ajratish imkonini beradigan ijara orqali ro‘yobga chiqadi.
O‘zbekistonda tabirkorlik faoliyatini moliyalashtirishning muqobil va samarali usuli bo‘lmish lizing qabul etilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni doimiy yangilab turishni va me’yoriy-qonunchilik hujjatlari tizimining ta’sirchanligini muntazam nazorat qilish, lizingni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi qoidalarni aniqlash va o‘z vaqtida tugatish zarurligini e’tiborga olib, mazkur me’yoriy- huquqiy hujjatlarga muntazam tuzatish kiritib borishni talab qiladi.
O‘zbekistonda lizingning huquqiy asoslari Fuqarolik kodeksida lizing- moliyaviy ijara deb atalgan. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksidagi 587 dan 599 gacha 14-ta modda lizingga ajratilgan. Jumladan, 587- moddada ta’kidlanishicha, lizing shartnomasi lizingni moliyaviy ijara sifatida nazarda tutadi va lizing ob`ktini xarid qilish uchun faqat lizing beruvchining o‘z mablag‘laridan foydalanishini ko‘zda tutar edi39. Bizningcha, bu ta’rif lizing operatsiyalari miqyosini, shu jumladan, ularning qiymatini, ehtimoli bo‘lmish lizing oluvchilar doirasini va lizing obyektlari ro‘yxatini toraytiradi. Amalda katta miqyosdagi lizing operatsiyalarini qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb etmay amalga oshirib bo‘lmaydi. Buni jahon tajribasi tasdiqlaydi.
Lizing oluvchining majburiyati va javobgarligi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 597-modasida belgilangan, unda lizing to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lash, mol-mulkdan uni yetkazib berish shartnomalariga muvofiq foydalanish; uni soz holda saqlash; lizing obyektini o‘z hisobidan joriy ta’mirlash, uni saqlash bo‘yicha boshqa xarajatlarni amalga oshirishni zimmasiga olishi ko‘zda tutilgan. Lizing shartnomasi bekor qilinganida lizing oluvchi mol-mulkni lizing beruvchidan olgan holatida qaytarib berishga majbur. Lizing oluvchi o‘z majburiyatlarini jiddiy ravishda buzgan taqdirda, lizing beruvchi bo‘lajak to‘lovlarni tezlashtirishni yoki lizing obyektini qaytarib olgan va zararni undirgan holda shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqiga egadir.
Yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda lizingning huquqiy negizlarini takomillashtirib borish, bizningcha, investitsiyalarni moliyalashtirishning muqobil usuli bo‘lmish lizingni qaror toptirish, rivojlantirish va kengaytirishga ko‘maklashadi. Davlat miqyosida esa investitsiya siyosati faollashadi, asosiy kapitalga moliyalashtirishning an’anaviy manbalarini to‘ldiradi. Umuman olganda, investitsiya mablag‘laridan maqsadli foydalanish, lizing shartnomalari davlatning tashqi qarzi umumiy summasiga qo‘shilmasligi ham muhimdir. Bu esa xalqaro moliya institutlari oldida manfaatli kredit reytingini saqlab qolish imkonini beradi.
39 Газибеков Д.Г., Сабиров О.Ш. Лизинг и его развитие в Узбекистане. Т., 2001.
Yuqorida bayon etilgan fikr va mulohazalar hozirgi vaqtda O‘zbekistonda lizing munosabatlarini tartibga solishning huquqiy asoslari mavjud, degan xulosa chiqarish imkonini beradi. Shu bilan birga, xalqaro andozalarni e’tiborga olib kelgusida lizingning keng qamrovli huquqiy ta’minotini vujudga keltirish va takomillashtirishni talab etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |