Mamlakatizmizda amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining hozirgi bosqichida investitsiya siyosati iqtisodiyotdagi barqarorlik, tarkibiy va sifat o‘zgarishlarini belgilovchi muhim omil bo‘lmoqda. Doimiy olib borilayotgan investitsiya siyosati yurtimizda xorijiy va mahalliy investorlar uchun har tomonlama qulay investitsiya muhitini yaratish imkonini yaratmoqda.
Investitsiya muhiti sarmoyani samarali qo‘yish uchun yangi imkoniyatlar va rag‘batlarni shakllantiradi. Boshqacha qilib aytganda, qulay investitsiya muhiti yaratilishi korxonalar uchun daromadlar o‘sishi va xarajatlar hamda risklar kamayishini ta’minlaydi. Natijada qulay investitsiya muhiti yaratilishi tufayli mehnat unumdorligining o‘sishi, innovatsiyalarni tatbiq qilish, sifat va mahsulot raqobatbardoshligi, aholi bandligini ko‘tarish, turli darajadagi byudjetga soliq to‘lovlarini oshirish ta’minlanadi. Har tomonlama qulay investitsiya muhiti korxonalar faoliyat samaradorligiga ta’sir etadi, bu esa investitsiyalashga xos bo‘lgan daromadlar va kapitalning o‘sishiga olib keladi.
Investorlar iqtisodiy samara olish maqsadida amalga oshirmoqchi bo‘lgan investitsion faoliyatida bir nechta investitsion elementlar ishtirok etadi. Investor o‘z ixtiyoridagi investitsion resurslarini tadbirkorlik loyihasiga sarflashdan oldin asosiy diqqat-e’tiborini, asosan, ikkita investitsion elementga qaratishi lozim. Bular: investitsiya muhiti va investitsiya muhitiga ta’sir etuvchi omillardir. Investitsiya muhitiga shunday ta’rif berish mumkin: “Investitsiya muhiti – ma’lum bir hududga kiritiladigan investitsiyalarning samaradorligini oshirish uchun amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yaratilgan shart-sharoitlar yig‘indisi”.
Har tomonlama qulay investitsiya muhiti biznes tuzilmalarning faoliyati samaradorligiga ta’sir etadi, bu esa investitsiyalashga xos bo‘lgan daromadlar va kapitalning o‘shishiga olib keladi.
Investitsiya muhiti investorlarning mamlakatga va davlatning iqtisodiyotiga nisbatan harakatlariga ishonchini oshiradi, uzoq muddatli investitsiyalashga yo‘l ochadi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha sohalarida o‘zgarishlar, tarkibiy islohatlar olib borilmoqda. Bunday islohotlarning olib borilishi bevosita mamlakatdagi investitsion jarayon, davlatning investitsion siyosati, uning ustuvor yo‘nalishlari va mamlakatdagi korxonalar investitsion faolligiga bog‘liq. Mustaqillikning qisqa davrida investitsion faoliyatni oshirish, uni kuchaytirish borasida qator amaliy chora-tadbirlar o‘tkazildi, investitsion
faoliyatni tartibga solib turuvchi qator qonun va qonun osti hujjatlari chiqarildi hamda hayotga tadbiq qilinmoqda.
Xo‘jalik subyektlari darajasidagi investitsiya muhiti yaralishi investitsiya faolligini ko‘rsatuvchi makroiqtisodiy omillardan biri sifatida tavsiflanadi. Investitsiya muhitining ushbu o‘ziga xos ahamiyatini hisobga olib, uning boshqaruvini tashkil etish zarur. Investitsiya siyosati investitsiya muhitiga boshqarish omillar orqali ta’sir etishi investitsiyalash shartlarining sifatini yaxshilashga turtki bo‘ladi.
Qulay investitsiya muhiti shakllanishining asosiy iqtisodiy omillari iqtisodiy rivojlanishning barqaror sur’atlari va bozor institutlarining, eng avvalo, mustahkam xo‘jalik qonunchiligi, rivojlangan kredit-bank tizimi mavjudligi hisoblanadi.
Investitsiyalashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora- tadbirlar ham ma’lum ahamiyatga ega. Investitsiya muhitini yaxshilashning asosiy yo‘nalishlari tahlili ko‘rsatishicha, ularning ko‘pi uzoq muddatli xarakterga ega ekan. Investitsiya qonunchiligini yaxshilash orqali investitsiya muhitining yanada jozibadorligini oshirish mumkin.
Mamlakatdagi investitsiya muhitiga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatadi (3.1.1-rasm). Omillar juda ham ko‘p va turlichadir.