461-modda. Davlat kontraktini bajarish Davlat kontrakti shartlariga muvofiq tovarlar bevosita davlat buyurtmachisiga yoki uning ko‘rsatmasi (jo‘natish raznaryadkasi)ga muvofiq boshqa shaxs (oluvchi)ga yetkazib beriladigan hollarda kontraktni bajarish bo‘yicha taraflarning munosabatlari ushbu Kodeksning 437-456-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bilan tartibga solinadi.
Agar davlat kontraktida sotib oluvchilarga tovarlar yetkazib berish mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) tomonidan davlat buyurtmachisi belgilaydigan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomalariga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, davlat buyurtmachisi davlat kontrakti tuzilgan kundan boshlab kechi bilan o‘ttiz kunlik muddatda sotib oluvchining yetkazib beruvchi (ijrochi)ga biriktirilgani to‘g‘risida mahsulot yetkazib beruvchi — ijrochi va sotuvchiga bildirish xati yuboradi.
Sotib oluvchi yetkazib beruvchi (ijrochi)ga biriktirilgani to‘g‘risidagi bildirish xati davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar jo‘natish raznaryadkalarida ko‘rsatilgan oluvchilarga yetkazib berilgan hollarda, agar davlat kontraktida boshqacha hisob-kitob tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarlar haqi davlat buyurtmachisi tomonidan to‘lanadi.
Tovarlar sotib oluvchilarga davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasi bo‘yicha yetkazib berilgan hollarda, agar davlat kontraktida baho belgilash va hisob-kitoblarning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchilar tovarlar haqini davlat kontraktiga muvofiq belgilanadigan baholarda to‘laydilar.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi davlat kontrakti bo‘yicha tovarlar haqi sotib oluvchi tomonidan to‘langanda davlat buyurtmachisi sotib oluvchining ushbu majburiyati bo‘yicha kafil deb hisoblanadi.
462-modda. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish Agar davlat kontraktida shartnoma loyihasini tayyorlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki shartnoma loyihasi sotib oluvchi tomonidan taqdim qilingan bo‘lmasa, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) biriktirish to‘g‘risidagi bildirish xatida ko‘rsatilgan sotib oluvchiga davlat buyurtmachisidan bildirish xati olingan vaqtdan boshlab o‘ttiz kundan kechiktirmay davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish shartnomasining loyihasini yo‘llashi lozim.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasining loyihasini olgan taraf kechi bilan o‘ttiz kunlik muddatda uni imzolaydi va shartnomaning bir nusxasini ikkinchi tarafga qaytaradi, shartnoma shartlari bo‘yicha kelishmovchiliklar bo‘lganda esa xuddi shu muddatda kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan shartnoma bilan birgalikda boshqa tarafga yuboradi.
Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini kelishmovchiliklar bayonnomasi bilan olgan taraf o‘ttiz kun ichida kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishi, shartnoma shartlarini boshqa taraf bilan muvofiqlashtirish choralarini ko‘rishi va unga shartnomani kelishilgan tahrirda qabul qilishi yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishi haqida xabar berishi lozim. Manfaatdor taraf hal qilinmagan kelishmovchiliklarni o‘ttiz kunlik muddatda sud muhokamasiga topshirishi mumkin.
Agar mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishdan bosh tortsa, sotib oluvchi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ni sotib oluvchi ishlab chiqqan shartnoma loyihasi shartlarida shartnoma tuzishga majbur qilish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.