Maqlubi mustaviy (ar. - teng qilib ag‘darilgan) - misra yoki bayt tarkibidagi ibora yoki jumlalarning teskari o‘qilganda ham ma’no anglatishiga asoslangan badiiy san’at. Bunda shoir biror jumla yoki misra she’rni har ikkala tomondan: o‘ngdan ham, so‘ldan ham o‘qiy oladigan qilib tuzishi nazarda tutiladi. M.m. haqidagi dastlabki ma’lumot Umar
Roduyoniyning “Tarjumon ul-balog‘a” (11-a.) asarida keltirilgan bo‘lib, muallif ushbu san’atni qalb yoki maqlub san’atining ko‘rinishlaridan biri sifatida keltirib, uning ikki turini sanab o‘tadi:
teskari o‘qilganda vazn va ma’no saqlanib qoladigan M.m.;
vazn va ma’no o‘zgarishga uchraydigan M.m.
M.m.haqidagi nisbatan mukammal ma’lumotlar Atoulloh Husayniyning “Badoyi’ us-sanoyi’”asarida uchraydi. Muallif o‘z asarining lafziy san’atlarga ajratilgan qismida maqlub san’atining to‘rt ko‘rinishidan biri sifatida M.m.ni keltirib o‘tadi va ushbu san’atning 6 darajasini sanab o‘tadi.
M.m. haqidagi ma’lumotlar turkiy she’rshunoslikka doir ilk manba SHayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog‘a” (1436-37) asarida ham uchraydi. Asarda mazkur san’atga quyidagicha ta’rif berilgan:
“Bu aningtek bo‘lurkim, bir misra’ni tamom taqlib qilsalar, yana bir misra’ qo‘por. Hamul misra bo‘lur”. Ko‘rinyaptiki, Shayx Ahmad Taroziy M.m. san’ati ostida misrani to‘laligicha teskari holda o‘qishni va shu orqali yangi misra hosil bo‘lishini nazarda tutyapti.
Alisher Navoiy asarlarida M.m. asari nazariy jihatdan asoslangan bo‘lib, Navoiy “Majolis un-nafois”da shoirlar mahoratiga baho berishda ushbu san’atga to‘xtalib o‘tadi. Xususan, Atoulloh Husayniyga ajratilgan faslda shoirning bir baytini tahlil qilar ekan, uning mahoratini aniqlash uchun ushbu san’at qo‘llangan bayt kifoya qilishini aytadi: “Bovujudi ihtisor maqlubi mustaviy san’atidakim, andin mushkulroq san’at bo‘lmas, bu bayt ul risolada aning xossa baytidurkim:
SHakkar dahano g‘ame nadoriy,
Dayr o daniyi mug ‘ona darkash.
Aning tab’i diqqatig‘a bu bayt dalili basdur” (Majolis un-nafois).
Shuningdek, “Majolis un-nafois”da Mavlono Shihob nomli ijodkorga baho berar ekan, uning har misrasi alohida olinganda M.m. san’ati vujudga keluvchi baytini keltiradi: Mushi xari farrux shavam,
Darki raqam qar hard.
Bunda har bir misra alohida teskari holda o‘qilganda, yana o‘sha misra hosil bo‘ladi. Lekin baytda shaklga e’tibor kuchayib ketib, ma’noga putur etgan. Birinchi misra “Farrux eshagining sichqoni bo‘lay” degan mazmunni bildirgani holda ikkinchi misradan ma’no anglashilmaydi.
Alisher Navoiy “Xamsa”si tarkibiga kiruvchi dostonlar sarlavhalarida M.m. san’ati qo‘llanilganligini kuzatish mumkin. Xususan, “Hayrat ul-abror” dostonining beshinchi maqolati quyidagicha sarlavhalangan:
“Karam vasfidakim, qalbi diram margi durur, balki rahmat shajarasining bargi va buxlkim, saxo qalbidin xoli bo‘lsa, nihoyatsiz balo bo‘lur va bazl surati ko‘rguzmasa, muruvatdin hadsiz xalo va isrof nafyikim, har yonidin boqsa ofati behad erur va itlof mazammatikim, ko ‘proq harfi lofdin xabar berur ”.
Bunda “diram margi” (pulning o‘limi) jumlasi teskari o‘qilsa, “karam mardi” (saxovatli mard) so‘zlari paydo bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |