Ta'limiy suhbat. Ekskursiya, amaliy ish va yangi materialni tushuntirgandan keyin ularni mustahkamlashda, takrorlashda, shuningdek, ekskursiya va yangi materialni tushuntirish davomida o’qituvchi o’quvchilar bilan suhbatlashadi. Suhbatni o’quvchilar shaxsiy tajribalari va kuzatishlari, mavjud bilimlari asosida o’qituvchining savolini tushunadigan va unga javob qaytara oladigan bo’lganlaridan keyin o’tkazish mumkin. Agar ana shunday sharoit (bilimlar, tajriba va kuzatishlar) bo’lmasa, o’quvchilar hech qanday tasavvurga ega bo’lmagan narsalar, hodisalar to’g’risida suhbat o’tkazishning mutlaqo foydasi yo’q.
Har qanday suhbatning asosini didaktik masala tashkil etadi. Ana shu masala suhbatning vazifasini va xarakterini, hatto uning turini ham belgilaydi. Shunga ko’ra, ta'limiy va evristik-ta'limiy suhbatlar bo’ladi. Ta'limiy suhbat o’rganiladigan materialni yanada mustahkamlash, chuqurlashtirish va takrorlash maqsadlariga xizmat qiladi. Yangi mavzu tushuntirilgach, garchi har bir bola faol qatnashmasa ham, ularning xotirasi va tafakkurini rivojlantirish uchun suhbat o’tkazish zarur. Unda to’g’ri fikr yuritish uchun misollarning namunalari bo’ladi. Bundan tashqari, adabiyot, jamiyatshunoslik va boshqa fanlarga doir darsliklardagi suhbatlarda o’quvchilarning o’qituvchi aytgan g’oyalariga to’g’ri kelmaydigan xususiy fikrlari yoki tushunchalari ham maqullanadi, o’qituvchi o’quvchilarning javoblarini e'tirof etishga yoki rad qilishga shoshilmaydi.
Aksincha, sinfda ular ўz fikrlarini yoki mustaqil mulohazalarini erkin aytishlari uchun sharoit yaratishga harakat qiladi. Javoblarni baholashda esa ularning shunchaki to’g’ri yoki noto’g’riligini qayd qilish bilan cheklanmaydi, balki o’quvchilarning javoblaridan ozgina bo’lsa-da, to’g’ri fikrlarini izlaydi. Ulardan zarracha haqiqatni topsa, uni o’zi qisqa va yaqqol qilib takrorlaydi, o’quvchining mustaqil fikr yuritganini ta'kidlaydi va uni shunday qilishga da'vat etadi. Muvaffaqiyatli fikrlar, xatto ayrim ifodalar mazkur mavzuda nima haqida gap borayotganini tushunishga yo’l ochsa, ta'limiy suhbatning evristik-ta'limiy suhbatga aylanishi uchun xizmat qiladi. Noto’g’ri javoblar, agar jiddiy bo’lmasa, o’qituvchi tomonidan qayd qilinmaydi yoki yo’l-yo’lakay tuzatib ketiladi.
Noto’g’ri javoblar esa o’quvchilar tomonidan oydinlik kiritilguniga qadar muhokama qilinadi. To’liq qaytarilmagan javoblarni o’quvchilarning o’zlari to’ldiradilar. Hozircha maktablarimizda o’quvchilarning bilish ehtiyojlariga taalluqli dolzarb masalalar bo’yicha suhbatlardan ko’p foydalanilmayotir. Fan, texnika, san'at va ishlab chiqarishning dolzarb masalalari yoki ayrim muammolari o’quvchilarni hayajonlantirishi mumkin. Ixtisoslikka doir o’quv predmeti bo’yicha darslarda, xususan hozirgi paytda, o’quvchilarni qiziqtiradigan masalalar muhokama qilinadi. Ba'zan esa bunday masalalar o’quv dasturining chegarasidan ancha chiqib ketadi. Shunday suhbatda o’qituvchi o’quvchilar muhokama qilinayotgan masala bo’yicha uning fikriga ehtiyojmand bo’lishlariga ko’ra qatnashadi. Mazkur suhbat o’quvchilarning shaxsiy ehtiyoji va qiziqishlarini, shuningdek, ularni qiziqtiradigan muammoni aniqlash imkonini beradi. Unda o’quvchilar o’zaro erkin fikr almashadilar.
Munozara. Ta'limiy suhbat bilimlarni o’zlashtirishga zamin tayyorlab, evristik-ta'limiy suhbat ana shu bilimlarni har tomonlama qo’llashga yordam bersa, erkin suhbat bilishdagi mustaqillikni oshiradi. Shu bilan birga, bilishdagi mustaqillikni rivojlantirishga qaratilgan ta'lim o’quv mashg’ulotlarining har qanday turlari, shakllari va usullari o’rtasidagi bevosita izchillikni vujudga keltiradi. Munozara suhbatning yanada rivojlanishidir. U ikkita qarama-qarshi nuqtai nazarning to’g’riligini isbotlash zarurati tug’ilganida vujudga keladi. Munozara davomida o’quvchilarning fikrlashidagi xususiy cheklanish barham topadi, bilishga qiziqish ortadi va mustaqil mulohaza yuritish rivojlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |