Mustaqillik...
Mustaqillik – ozod yurtda yashash, o‘z taqdiringni o‘zing belgilash, kelajagingni o‘z qo‘ling bilan yaratish demakdir.
Inson ozod, hur bo‘lmas ekan, unga na shodlik, na farovonlik tatiydi. Don o‘zingniki bo‘lmasa, qo‘lda noning omonat, deydi xalqimiz. Erking o‘zingda bo‘lmasa, har kuni yeydigan noningni ham qo‘lda omonat tutsang, chinakam baxtni tuyish mumkinmi? Yo‘q, aslo!
Xalqimiz bir asrdan ziyod vaqt mobaynida mustamlaka sharoitida, adolatsizlik, zo‘ravonlik iskanjasida yashadi. Bu yillar davomida qanchadan-qancha odamlar jismoniy va ma’naviy azoblarni boshidan kechirdi.
O‘tgan asrning 80-yillarida «paxta ishi», «o‘zbeklar ishi» degan soxta ayblovlar bilan uyushtirilgan qatag‘onlar qalblarga solgan alam va iztirob hanuz unutilgani yo‘q. Qo‘shib yozish, ko‘zbo‘yamachilik, poraxo‘rlik kabi ig‘volar bilan ko‘plab halol, sof vijdonli kishilar aybsiz qamaldi, g‘ururi toptaldi.
1984-yil 22-martda hibsga olingan Buxoro viloyatining sobiq yo‘l-patrul xizmati xodimi Vidodil Izzatov bunday xotirlaydi: «Ivanov to‘planganlarga qarab: «Tanishing, o‘rtoqlar, mana bu turklarning yovvoyi hayvoni, «ish» vaqtida unga hech qanday rahm-shafqat qilinmasligi kerak», dedi... Yana bir safar navbatdagi do‘pposlashdan keyin Ivanov aytdi: «Yigitlar, agar u aybini bo‘yniga olmay, hech nima yozib bermasa, uni uchinchi qavatdan tashlab yuboringlar, keyin o‘zini o‘zi tashladi, deb akt tuzib qo‘yamiz».
O‘sha davrda Vidodil aka kabi minglab odamlar nohaqlikdan jabr chekdi. O‘zbekistonga Islom Karimov rahbar bo‘lgach, xalqimiz yengil nafas oldi. Yangi rahbar dastlabki majlislaridayoq odamlarning dilini o‘rtayotgan «paxta ishi» masalasini ko‘tardi. Respublika rahbarining topshirig‘i bilan O‘zbekiston Oliy sudida maxsus hay’at tuzilib, tajribali huquqshunoslar tomonidan qirq ming jildli «jinoyat ishi» qaytadan sinchiklab o‘rganildi. Shunda Gdlyan, Ivanov boshchiligidagi «qonun himoyachilari» mutlaqo begunoh to‘rt yarim ming odamni hibsga olgani, ularni uzoq yillar nohaq azoblagani isbotlandi. Asossiz qatag‘onga duchor bo‘lgan kishilarning or-nomusi, qadr-qimmati, pokiza nomi tiklandi.
Zo‘ravonlik, nohaqlik ustidan adolat tantanasi xalqimizning milliy ozodlikka bo‘lgan intilishini kuchaytirdi, bu yo‘lda bahamjihat, dadil qadam tashlashga turtki bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari murakkab vaziyatda adolat va haqiqat yo‘lida o‘zini ayamay, el-yurtimiz, Vatanimiz uchun tarixiy ishni amalga oshirdi: 1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qildi. Shu kundan e’tiboran ajdodlarimizning asriy orzusi ushaldi. Mustamlakachilik zulmi, adolatsizliklardan zimiston bo‘lgan qalblar ziyoga chulg‘andi. Xalqimizning qorong‘i, rutubatli, hazin tunlari nurafshon, musaffo tonglarga ulandi.
Bugun Prezidentimiz Islom Karimovning “Mustaqillikning oliy maqsadi – o‘zbek xalqining izzatini joyiga qo‘yish” ekani borasidagi fikri hayotimizda o‘z ifodasini topmoqda. Mamlakatimizda yashayotgan har bir inson, uning qadr-qimmati, sharafi bebaho qadriyat sifatida e’zozlanmoqda.
– Istiqlol tufayli qaddimiz ham, qadrimiz ham tiklandi, – deydi O‘zbekiston Qahramoni, faxriy pedagog Turg‘un Azlarov. – Kim qaysi sohada mehnat qilishidan qat’i nazar, avvalo inson sifatida qadr topmoqda. O‘zimdan qiyos: xalqimiz oldidagi kamtarona mehnatim qadrlanib, Vatanimizning eng oliy mukofoti bilan taqdirlandim. Istiqlol yillarida yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan men kabi o‘nlab o‘qituvchi va murabbiylar davlatimizning yuksak mukofotlariga loyiq ko‘rilgani yurtimizda har kim o‘z mehnatining mevasini ko‘rayotganidan dalolatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |